
Masharipov, Ronalduni tabriklab qo‘y!
“Evro-2024” saralash musobaqasining navbatdagi turida Portugaliya terma jamoasi safar uchrashuvida Islandiya futbolchilarini mag‘lubiyatga uchratib, o‘z guruhida yaqqol peshqadamga aylandi.
Yagona golni o‘yin yakunlanishiga bir necha daqiqa qolganida Krishtianu Ronaldu kiritdi. Bu bahs portugaliyalik yulduz uchun tarixiy ahamiyat kasb etdi.
O‘yindan oldin unga o‘z mamlakati milliy terma jamoasi uchun 200 ta o‘yin o‘tkazgan dunyodagi yagona futbolchi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgani to‘g‘risida sertifikat topshirildi.
- Bu g‘alabaning mazasi boshqacha bo‘ldi. Bu faqat yubiley – 200-uchrashuv bo‘lgani bilan bog‘liq emas. Men uni g‘alaba goli bilan yakunladi. Bundan ortig‘i bo‘lmaydi. Unutilmas onlar bir uchrashuvda ro‘y bergani alohida mamnuniyat bag‘ishladi, - dedi Ronaldu.
Krishtianu bugungi kunda o‘z mamlakati bosh jamoasi uchun eng ko‘p – 200 ta o‘yin o‘tkazgan va eng ko‘p – 123 ta gol urgan futbolchi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Krishtianu Ronaldu klublar miqyosida hamyurtimiz Jaloliddan Masharipov bilan birga "An-Nasr" jamoasi sharafini himoya qilmoqda. Legionerimiz yil boshida portugaliyalik yulduz jamoaga kelganida o‘zi o‘ynayotgan 7-raqamni unga bo‘shatib bergan edi.
Fikrlar