
Masharipov nega Evropaga ketmadi? Bu transferdan o‘zbek futboli nima yutadi?
Jaloliddin Masharipovni bir necha yillardan beri o‘zbek futbolidan Evropaga ko‘chib o‘tishi taxmin qilinayotgan edi. O‘zbekistonda mavsum yakunlangach, kutilmaganda «Paxtakor» o‘z etakchilarini qo‘yib yuborishni boshladi. Avvaliga jamoa murabbiyi Shota Arveladze «sherlar»ni tark etdi. Keyin esa, klub sardori Jaloliddin Masharipov ham ketdi. Uning ketgani hech kimni hayron qoldirmadi, biroq Jaloliddin kutilganidek Evropaga emas, Osiyoga yo‘l oldi. Xo‘sh, bu qaror o‘zini qay darajada oqlaydi? Bugun ushbu transfer haqida suhbatlashamiz.
«Paxtakor» nega uni qo‘yib yubordi?
«Paxtakor» uzoq muddat Jaloliddini o‘z tarkibida ushlab qoldi. Jalol OChLda ancha yillardan beri o‘zini ko‘rsatib kelmoqda. Bundan avvalroq ham Toshkent klubidagi o‘yinlari bilan ko‘plab g‘arb klublarining e’tibor markaziga tushgan edi. Masharipov maydonda erkin to‘p surishi, texnik etuk ekanligi sababli terma jamoa libosida ham ko‘plab skautlarning e’tiborini tortgani rost. Ayniqsa, so‘nggi mavsumlarda uning Evropa klublaridan biriga o‘tishi haqida mish-mishlar urchib ketdi. Turkiya, Avstriya, Belgiya klublaridan unga takliflar bo‘lgani haqida o‘zbek nashrlari ma’lum qildi. Jaloliddining o‘zi ham ketishi haqida turli intervyular berdi. Hatto, «Paxtakor»ni kichik summa evaziga o‘zini qo‘yib yubormasligi haqida ham ma’lum qildi. Voqealar shu darajada rivojlandiki, Masharipov klubdan ketmaslikdan boshqa chora topa olmay qoldi. U bilan suhbatlashgan barcha jurnalistlar boshqa klubga o‘tish haqida savol berar, Jalol ham har safar maqsadi Evropa ekanligini takrorlar edi. Oqibatda, muxlislar va OAV Masharipovga o‘zi bilmagan xolda bosim o‘tkazishga tushib ketdi. Futbolchining ijtimoiy tarmoqlardagi kuzatuvchilari uning Evropaga ketishi lozimligini to‘xtamay bong urishdi. Oqibatda, futbolchida ketishdan boshqa chora qolmadi. Uning O‘zbekiston chempionatini tark etgani ko‘pchilikning xursand qildi, ammo uning Evropaga yo‘l olmagani dilni xira qildi. O‘zbek charm to‘p muxlislari Masharipovni kuchli beshlikda, hech bo‘lmaganda Rossiyada to‘p surishini kutgan edi. Yakun esa, Saudiya Arabistonining «Al-Nassr» jamoasi bo‘ldi. Ba’zi muxlislarimiz Masharipovning Saudiya Arabistoniga yo‘l olganiga xafa ham bo‘ldi. Ko‘pchilikda vingerning Evropa haqidagi intervyulardan so‘ng, Masharipovning «Al-Nassr» bilan shartnoma tuzishi negativ fikr uyg‘otdi.
Nega Evropaga emas, Osiyoga?
Futbolchining Evropaga yo‘l olish uchun barcha imkoniyat mavjud edi, biroq asosiy poezdlar allaqachon ketib bo‘lgan edi. Masharipov shakllangan futbolchi bo‘lsa-da, uning yoshi 27 dan oshdi. Bu yoshda Evropa uyoqda tursin, Rossiyadagi o‘rtamiyona jamoada to‘p surish ham katta voqea. Aslida, Jaloliddin ketish uchun ancha oldin harakat qilishi lozim edi. Yodingizda bo‘lsa, Eldor Shomurodovning SPORTS.ru ga bergan intervyusida Evropaga yo‘l olish uchun nimalar qilganini oshkor qilgan edi. Eldor Evropaga yo‘l olish maqsadida xorij agentligi bilan kelishuv imzolagan va harakatni 21 yoshda boshladi. U kuchli beshlik klublaridan to‘p surish uchun maxsus reja ishlab chiqdi. Uning agenti bergan ma’lumotlarga qaraganda, Eldorning rasmiy vakillari «Rostov»dan so‘ng, uni Evropaga o‘tishi uchun butun jamoa bo‘lib ish olib borishgan. Eldorning «Jenoa»ga qadar bosib o‘tgan yo‘li ortida juda katta mehnat yotibdi. Jaloliddin Masharipov esa, ketish bobida kamroq harakat qildi. Buni tan olish lozim. U «Paxtakor» safida o‘zi uchun «komfort zonada» edi. Bir necha yillar davomida Superligadagi raqiblarini osonlik bilan aldab o‘tdi, gollar kiritdi. O‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishini odatiy xolga aylanib qoldi. Toshkent klubiga katta pullar kelgach, Masharipov ketish haqida kamroq fikr yuritishni boshladi. Uni Toshkentda hamma narsa qoniqtirishni boshladi. Yaxshi maosh, qulay sharoit va muxlislar mehri. Boz ustiga,terma jamoadan chaqiruv ham muammo bo‘lgani yo‘q. Shu bois, Masharipov o‘zining kelajagi haqida Eldor singari jon kuydirmadi. Vaqt o‘tgan sari Masharipov bilan qiziqib qolgan klublar soni kamayib bordi. U 25 yoshga to‘lgach, amaliy jihatdan unga Evropa klublari eshiklari yopilib bo‘ldi. Agar yana ikki yil davomida «Paxtakor» safida qolganida, Masharipov hatto Osiyo klublari uchun ham ahamiyatini yo‘qotar edi. Shu bois, Masharipov o‘ziga bo‘layotgan muxlislar tomonidan bosimni engib o‘tish maqsadida Toshkentni tark etdi. Tark etganda ham, nisbatan kuchliroq bo‘lgan Saudiya Arabistoni chempionatiga yo‘l oldi. Shota Arveladze bundan bir necha oy avval rus nashriga bergan intervyusida, o‘zbek futbolchilarini keskin tanqid qilgan edi.
«O‘zbek futbolchilarga tushunish qiyin. Ular O‘zbekistondan boshqa erda futbol yo‘q deb tushunadi. Yaxshi uy, mashina va kattaroq maosh bo‘lsa bo‘lgani. Ular orzu qilishni bilmaydi, rejalarida Evropada to‘p surish yo‘q, aksariyati Arab klublarida kattaroq maoshda to‘p surishni afzal ko‘rishadi”.
«Paxkator» bundan nima yutdi?
Toshkent superklubi bu transferdan hech narsa yutgani yo‘q. Tan olish lozim, «Paxtakor» bir necha yillardan beri Masharipovning super imkoniyatlaridan unumli foydalandi. OChLda guruhdan chiqdi. O‘zbekistonda mutlaq hokimlik o‘rnatdi. Buni evaziga klub Masharipovni jamoadagi eng katta maosh oluvchilardan biriga aylantirdi. Sardorlik bog‘ichini topshirdi. Jamoani Shota Arveladze tark etgach, klub mutasaddilari kelajak rejalari bobida biroz ikkilanib ham qolishgan ko‘rinadi. Yaqinda SPORTS.uz nashri «Paxtakor» rasmiylariga hodisa haqida bayonot berishini iltimos qildi, ammo «sherlar» bu voqeani muhokama qilishni istamadi. Bugungi kunda «Paxtakor»ning kelajak rejalari qanday bo‘lishini hech kim ayta olmaydi. Klub ikkita yo‘lning boshida turibdi. Bu vaziyat Jaloliddin uchun ketish imkoniyatini taqdim etdi. Agar Arveladze ketmaganida, Masharipovni «Paxtakor» qo‘yib yubormas edi. Jaloliddin «Al-Nacsr»dan kelib tushgan taklif uning uchun o‘z kuchini boshqa chempionatda sinab ko‘rishga berilgan so‘nggi imkoniyatlardan biri ekanligini his etdi. Shu bois, uni bu transferdan ayblash noo‘rin. Masharipov qo‘lidagi imkoniyatlardan kelib chiqib legionerga aylandi.
Saudiya Arabistoni chempionati qanday ta’sir ko‘rsatadi?
O‘zbekiston chempionatida ikki yildan beri «Paxtakor» hokimlik qilmoqda. Bu vaqt oralig‘ida Masharipov o‘zining eng yuqori formasiga chiqdi va to‘xtatib bo‘lmas kuchga aylandi. Bir mavsum davomida 50 ta assist qayd etishni ham uddaladi. Shunday bo‘lsa-da, bu uni to‘liq qanoatlantirmagani aniq. Masharipov o‘z darajasi O‘zbekiston chempionatidan o‘zib ketganini anglab bo‘lgan edi. Shu bois, ketish haqidagi fikrlarini ancha avval ommaga e’lon qilishni boshladi. Bundan 2 yil ilgari u bilan bir tadbirda ko‘rishib qolgan edik. O‘sha suhbat davomida tushunib etdimki, Jaloliddin ketish uchun ruhan tayyor edi. Afsuski, «Paxtakor» uning o‘rnini to‘ldirishning imkoni yo‘qligini his etdi va kerakli pallada qo‘yib yubormadi. Agar Arveladze klub bilan shartnomani cho‘zganida, hatto Saudiya Arabistoni klubiga ham o‘ta olmasligi aniq edi. Umuman olganda, Saudiya chempionatining saviyasi chakki emas. Har holda, chempionlik uchun intriga to‘liq saqlanib qolingan. Ushbu mamlakat klublari OChLda zafar quchish borasida etakchilardan biri sanaladi. Chempionatda saviyali legionerlar to‘p suradi. Taqvim futbolchilar uchun juda qulay tuzilgan. Ularda dam olish va tiklanish uchun qulay imkoniyat mavjud. Umuman olganda, Masharipov O‘zbekistondan chempionatidan kuchliroq turnirga yo‘l oldi - bunisi aniq. Uning Evropaga keta olmagani esa, birgina Masharipovga aloqador emas. Biz uni Evropaga yuborish orqali sifatli legionerga ega bo‘lishimiz mumkin edi, ammo bunga kech qoldik. Shunday ekan, so‘nggi imoniyat sifatida nisbatan kuchliroq chempionatga yo‘l olgani uchun xursand bo‘lmasdan ilojimiz yo‘q. Jaloliddin Masharipov hozircha hech qanday OAV bilan aloqaga chiqqani yo‘q. Bu «Paxtakor»ning sobiq vingeriga yarashmagan holat. Jaloliddin doimo jurnalistlar bilan suhbatlarda faolligi bilan ajralib turar edi. Endi esa, u bilan aloqaga chiqishning imkoni bo‘lmayapti. Shu bois, uning ayni damda qanday ruhiy holatda ekanligini noma’lum.
Masharipovga bundan nima naf?
Tan olish lozim, professional futbolchining faoliyati juda qisqa. Agar jarohatlar to‘sqinlik qilmasa, futbolchining faoliyati uzog‘i bilan 15 yil davom etadi. Bu vaqt mobaynida, u to‘liq oilasi va kelajagini ta’minlab qo‘yishi lozim. Afsuski, futbolchilarning aksariyati bunday imkoniyatga ega emas. Ayniqsa, yurtimizdagi ko‘plab futbolchilar 30 yoshdan keyin boshqa bir kasb bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lishadi. Buni Jaloliddin juda yaxshi biladi. Bugungi qarsaklar, bugungi maqtovlar, xalq e’zozi abadiy emas. Vaqt o‘z so‘zini aytadi. Hatto, Messi va Ronaldu ham vaqtni quvib o‘ta olmadi. Shunday ekan, Jaloliddin shaxs sifatida o‘z kelajagini ta’minlash maqsadida Saudiyadan kelib tushgan taklifga rozi bo‘lishi tabiiy. Futbolchilik faoliyati yakunlangach, uning kelajagi qanday bo‘lishi muxlislar uchun tushunarsiz. Shu bois, Masharipovning qarorini hurmat qilishga majburmiz. U o‘z kelajagi, o‘z oilasi uchun «Paxtakor»ni tark etgan bo‘lishi mumkin. Uning «sherlar» safini tark etishi O‘zbekiston chempioni uchun og‘ir zarba bo‘lishi turgan gap. Uning o‘rnini to‘ldirish uchun hozircha «Paxtakor» hech qanday transferga qo‘l urgani yo‘q. Bu, jamoaning kelajakda oldiga qanday maqsadlar qo‘yishiga bog‘liq. Ayni damda, ichki birinchilikda masharipovning darajasidagi ijrochi yo‘qligi aniq. Uning o‘rnini yaxshi legioner bilan to‘ldirishdan boshqa chora yo‘q. Bu legioner qanday sifatda bo‘lishi esa, noma’lum. «Paxtakor» oldiga endi qanday maqsadlar qo‘yishi ham so‘roq ostida qolmoqda.
Terma jamoa bu transferdan yutdimi?
Afsuski, O‘zbekiston Superligasining darajasi baland emas. Chempionlik uchun kurashishga qodir jamoalar bo‘lmaganidan keyin, hech qanday intiriga haqida gap so‘z bo‘lishi mumkin emas. Ayniqsa, Toshkent klubi byudjeti kattalashgach, boshqa klublar bilan o‘rtadagi tafovut darrov sezilib qoldi. Bunday farqda futbolchi yangi darajaga ko‘tarila olmaydi. Masharipovning texnikasi, driblingi, uzatmalari allaqachon saviyaliroq chempionat darajasiga ko‘tarilgan. Turnirning ilk 10 ta turidan so‘ng, kim chempion bo‘lishini aniq bo‘lgan musobaqada o‘sishning imkoni yo‘q. Masharipov Saudiya Arabistoniga ketgan bo‘lsa-da, bu uning uchun oldinga tashlangan qadam bo‘ldi. Endi uning uchun har bir o‘yin finalga teng. Endi uni Masharipov bo‘lgani uchungina hech kim hurmat qilmaydi. Endi unga, mamlakatning eng kuchli futbolchisi bo‘lgani uchun qarsaklar bo‘lmaydi. U Saudiyada hammasini boshidan boshlashi lozim.
Super yulduzlar to‘p surgan Saudiya Arabistoni klubida Jaloliddin hammasini boshidan boshlashi lozim. Buning uchun u tinmay mehnat qilishi, har bir o‘yinga 100 foiz kuchini sarflashi lozim. Boshida juda qiyin bo‘lishi turgan gap, ammo bu harakatlar uning yangi darajaga chiqishi uchun muhim. Progress doimo katta mehnatdan so‘ng ko‘zga tashlanadi. Terma jamoa bu transferdan faqat va faqat yutadi. Bunga shubha yo‘q. Bir mavsum davomida deyarli qarshilikka uchramaydigan klub safidagi Masharipov bilan Saudiya Arabistoni birinchiligidagi Masharipovning o‘rtasida katta farq bo‘lishi aniq. Saviyali murabbiylar qo‘l ostida, Jaloliddin o‘zining yangi qirralarini kashf etadi degan umiddamiz. Hamyurtimizni oldinda oson bo‘lmagan adaptatsiya jarayoni kutmoqda. Biz uning faoliyatiga omad va zafarlar tilab qolamiz.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar