Premer-liga tarixida amalga oshirilgan eng qimmat transferlar (top-10)
So‘nggi vaqtlarda APLda ko‘plab katta transferlar amalga oshirilib, bu boradagi rekordlar yangilanmoqda. Hozir sizlar bilan APL tarixida amalga oshirilgan eng katta transferlarga to‘xtalib o‘tamiz:
10. Antoni (“Manchester Yunayted, 2022”) – 85 million funt sterling
“Manchester Yunayted” Antoni bilan shartnoma imzolash uchun bir necha oylar davomida harakat qilgan. Braziliyalik o‘ng qanot hujumchi “Ayaks”dagi yaxshi mavsumlari orqali futbol ommasiga tanilgan va 2022 yilda Manchester shahriga ko‘chib o‘tgan. Transfer summasi 80.75 million funt sterling, 4.25 million funt sterling bonuslari bilan.
Yakunda Antoni jamoadagi omadsiz o‘yinlardan so‘ng ushbu mavsum Ispaniyaning “Betis” jamoasi safiga borib qo‘shildi.
9. Mixail Mudrik (“Chelsi”, 2023) – 88.5 million funt sterling
Mixail Mudrik dastavval “Chelsi”ga 62 million funt sterling evaziga transfer qilingandi, keyinchalik londonliklar “Shaxtiyor Donetsk” safiga bonus sifatida yana 26.5 million funt sterling o‘tkazib bergan. Mudrik “ko‘klar” safida 5 ta gol urgan va 6 ta assistni amalga oshirgan. Afsuski, futbolchi doping testi salbiy chiqqani bois diskvalifikatsiyaga uchragan.
8. Pol Pogba (“Manchester Yunayted”, 2016) - 89 million funt sterling
Pogbaning “Old Trafford”ga kelishi 2016 yilda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Dastavval, u professional futboldagi faoliyatini “Yuventus” safida boshlagan. Turinda Pogba dunyo bo‘yicha eng kuchli yarim himoyachilar sarasiga kiradi. Shu boisdan MYu futbolchiga jiddiy qiziqish bildirib, 2016 yilda jamoa safiga qo‘shib oladi.
7. Romelu Lukaku (“Chelsi”, 2021) - 97.5 funt sterling
Lukaku 2021 yilda “Inter” safidagi super mavsumlaridan so‘ng "Chelsi" safiga katta pullar evaziga kelib qo‘shiladi. Biroq belgiyalik hujumchi o‘zidan kutilgan o‘yinni namoish eta olmaydi. Umumiy miqdorda, Lukakuning transferlariga turli jamoalar tomonidan 290 million funt sterling sarflangan.
6. Jek Grilish (“Manchester Siti”, 2021) - 100 million funt sterling
2021 yilda Jek Grilish angliyalik eng talantli futbolchilardan biri sifatida “shaharliklar” safiga kelib qo‘shildi. Ta’kidlash joizki, Pep Gvardiola qo‘lida bir nechta mavsumlar davomida yaxshi o‘yin ko‘rsatdi, ammo undagi yomon illatlar yakunda uning umumiy o‘yiniga ham ta’sir qildi. Yakunda, yozgi transferlar oynasida “Everton” jamoasi safiga borib qo‘shildi.
5. Deklan Rays (“Arsenal”, 2023) - 105 million funt sterling
Deklan Rays “Arsenal” safiga qo‘shilganidan so‘ng qisqa muddat ichida muxlislarning sevimli futbolchisiga aylandi. 2024/25 yilgi mavsumda Chempionlar Ligasi doirasida “Real Madrid”ga jarima zarbalaridan urgan gollari uning faoliyatidagi eng yorqin lahzalardan biri bo‘ldi. Shu bilan birgalikda, so‘nggi mavsumlarda Rays terma jamoa va klub safidagi ajralmas bo‘lakka aylanishga ulgurdi.
4. Entso Fernandez (“Chelsi”, 2023) - 107 million funt sterling
Qatarda bo‘lib o‘tgan Jahon Chempionatining yorqin kashfiyotlaridan biri Entso Fernandes “Benfika”dan “Chelsi”ga rekord summadagi transfer evaziga ko‘chib o‘tdi. Ushbu xarid “Chelsi”dagi yangi davrning boshlanishiga sababchi bo‘ldi va Entso qisqa vaqt mobaynida jamoa sardoriga aylandi.
3. Moyzes Kaysedo (“Chelsi”, 2023) - 115 million funt sterling
Premer-liganing ikki grandi – “Liverpul” va “Chelsi” – qiziqishlari doirasida bo‘lgan Moyzes Kaysedo yakunda London jamoasi safiga borib qo‘shiladi. Shu tariqa, Entso hamda Kaysedo dueti jamoaning muvaffaqiyatlarida asosiy rol o‘ynadi. Transferga sarflangan katta pullar allaqachon o‘zini oqladi, deb bemalol aytishimiz mumkin.
2. Florian Virts (“Liverpul”, 2025) - 116 million funt sterling
2025 yilgi yozgi transferlar oynasining eng qimmat xaridlaridan biri bo‘lgan Florian Virts dastlabki 3 bahsda o‘zidan kutilgan o‘yinni namoyish eta olganicha yo‘q. Oldinda “Liverpul” jamoasini “Atletiko Madrid”, “Manchester Yunayted” va “Real Madrid”ga qarshi qiyin uchrashuvlar kutib turibdi.
1. Aleksander Isak (“Liverpul”, 2025) - 130 million funt sterling
Isakning “Liverpul” jamoasi safiga qo‘shilishi transferlar oynasining so‘nggi kunigacha barchaning qiziqishlari doirasida bo‘lib turdi. “Nyukasl” futbolchini jamoada olib qolishni har qancha istamasin, yakunda “Liverpul” jamoasi futbolchi bilan shartnoma imzolashga erishdi. Endilikda Slotda top darajadagi ikki hujumchi bor – Ekitike va Isak. Lekin savol tug‘iladi. “Liverpul” 4-4-2 taktik sxemasiga o‘tadimi yoki hujumdagi raqobatni yuqori darajaga olib chiqadimi?



Fikrlar