
Matbuot kotibining "qilmishi", "Buxoro"ning byudjeti va 6 milliard qarz haqida Usmon Toshev bilan intervyu
Buxoroning "Nurafshon" klubi bosh murabbiyi - Usmon Toshev SPORTS.uz sayti uchun eksklyuziv intervyu berdi. Ushbu suhbatda, mutaxassis klubning kelajakdagi rejalari va moliyaviy ahvoli haqidagi savollarga javob berib o‘tdi.
- Usmon aka, aytingchi, matbuot kotibi tomonidan telegram kanalda qoldirilgan post borasida fikringiz qanday?
- To‘g‘risi, juda xunuk ish bo‘ldi. Mayli, ularning maoshi qancha ekanligi muhim emas. 5 million yoki 100 million bo‘lgan taqdirda ham, buni oshkor qilish kerak emas. Axir, biz bir oilamiz. Oiladagi sir ko‘chaga olib chiqilmaydi. Afsuski, endi u insonlar bilan maoshini berib, ishdan olishimizga to‘g‘ri keladi. Chunki, biz uchun birinchi navbatda oila uchun qayg‘uradigan insonlar kerak. Hozir, barcha klublarda moliyaviy muammolar mavjud. Biroq, hech biri o‘z ijtimoiy tarmoqlarida bu haqida bong urmayapti.
- Ayni damdagi, "Buxoro"ning yillik byudjeti qanday? Klub nega yana qarzdorlar ro‘yxatiga kirib qoldi?
- Moliyaviy vaziyat haqida gap ketar ekan, vaziyat og‘ir ekanligini aytishim kerak. Men 10 yildan ortiq muddatdan so‘ng, ortga qaytdim. Jamoani qabul qilib olgan paytimda, qarzdorlik 6 milliard so‘mdan ortib ketgan edi. Bizning yillik byudjetimiz 12 milliard so‘mni tashkil etadi. Grafikka asosan pulni sarf etish bilan birgalikda, eski qarzlarni ham to‘lashga majbur bo‘lyapmiz. Menga qadar jamoada 25 murabbiy ishlagan. Ko‘plab futbolchilarga maoshlar to‘lab berilmagan. Qarzdorlar o‘z haqini talab qilishni boshlagan payt, men jamoaga keldim. Ishonasizmi, birinchi ish kunimning o‘zidayoq 1 milliard qarzni to‘ladik. Buning uchun menga ko‘mak bergan viloyat hokimi va homiylarimizga minnatdorlik bildiraman.
- "Buxoro"ning Super ligaga chiqish niyati bormi? Jamoaning stadioni juda nochor ahvolda. Rejalar qanday?
- Klubimizda muammolar bor. Biz musodara bo‘lib ketgan avtobusni ortga qaytarganimiz bilan, ish bitmaydi. Stadionimiz juda nochor ahvolda. Biz Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritganimiz bilan, atigi 3 oyda hammasini o‘z o‘rniga qo‘yish imkonsiz. To‘g‘risi, avval elitaga yo‘l olishdan oldin qiladigan ishlarimiz bor. Kelasi mavsumda kamida 10 futbolchiga ruxsat beraman. Yangi tarkib yig‘ishni rejalashtirganman. Aksariyat futbolchilarimizning yoshi 30 dan oshib ketgan. Ular uzog‘i bilan 15-20 daqiqa biz talab qilayotgan futbolni ko‘rsatishi mumkin xolos. Jamoa foydasi uchun qo‘limdan kelgancha ish olib boryapman.
- Nega Superligamizdagi murabbiylar o‘z o‘yin uslubiga ega emas? Zamonaviy futbolni targ‘ib etadigan mutaxassis ko‘zga tashlanmayapti?!
- Afsuski, o‘xshashlik darrov ko‘zga tashlanadi. Buning uchun ularni ayblab bo‘lmaydi. Natija uchun bo‘ladigan bahslarda bu yaqqol ko‘zga tashlanadi. O‘ylashimcha, bizda o‘sib kelayotgan yosh avlod ichida iqtidorli mutaxassislar mavjud. Ular endi, futbol olamidagi trendlarni o‘zlashtirishlaridan umidim bor. Sizni ishontirib aytaman, kelajakda bizdan yaxshi mutaxassislar etishib chiqadi.
- Ayni damdagi, o‘zbek futbolidagi eng kuchli 3 murabbiy nomini ayta olasizmi?
- Ro‘ziqul Berdiev, Ulug‘bek Baqoev va Timur Kapadze! Bi yigitlarning o‘z uslubi va futbolga qarashi mavjud. Ularga omad va zafarlar tilab qolaman. Kelajakda o‘z ustida ishlab, terma jamoa boshqaruviga kelish uchun ularda potentsial bor.
Intervyuni to‘liq shaklda "SPORTS.uz"ning "You Tube"dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin!
Fikrlar