
Mavsum so‘ngida “MYu”ni kimlar tark etadi?
“Manchester Yunayted” kelayotgan transfer oynasining ramziy ma’noda “yuziga” aylanmoqchi. “Qizil iblislar” koronavirus pandemiyasi tufayli paydo bo‘lgan inqirozdan cho‘chimayapti. Aksincha, “MYu” bu inqiroz futbolchilarni arzon narxga qo‘lga kiritishga vosita bo‘lishiga umid qilyapti.
Bosh murabbiy Ule Gunnar Sulsher yozda jamoaga bir qancha yangi futbolchilar sotib olinishini bir necha bor ta’kidladi. Jamoa allaqachon qaysi futbolchilarni xarid qilish bo‘yicha bir qarorga kelgan. Yangi futbolchilar kelishi munosabati bilan tarkibdagi bir nechta futbolchilar jamoani tark etish ehtimoli katta. Jamoaning bu borada ham nomzodlari bor. Keling, jamoani tark etishi mumkin bo‘lgan futbolchilar haqida suhbatlashamiz.
Kris Smolling
“Roma”ga ijaraga o‘tish Smollingning foydasiga ishladi. Futbolchi "Tumanli Albion"ga qaytish niyati yo‘q. 30 yoshli himoyachi katta ehtimol bilan “MYu”ga qaytmaydi. Shunday bo‘lsa-da, faoliyatini Angliyada davom ettirishi mumkin. “Roma” futbolchini xarid qilishi mumkin edi, ammo rimliklar “MYu” belgilagan narxni to‘lay olmaydi. Mankunianliklar Smolling uchun 25-30 million evro talab qilishmoqda. Rimliklar futbolchining narxini tushirish uchun 2-3 marta harakat qilib ko‘rishdi, ammo “Manchester Yunayted” rahbariyati bunga rozi bo‘lmadi.
Smolling va Roxo “MYu” tarkibidagi himoyachilar ichida “qariya”lari hisoblanishadi. Ular 30 yoshdan oshgan. Sulsher jamoa tarkibini yoshartirish maqsadida yurganini hisobga olsak, Smolling juda kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, u o‘ynaydigan pozitsiyada raqobat juda kuchli. “Yunayted” yozda yana bir yangi himoyachi xarid qilish niyatida. Smolling esa istalgan jamoada asosiy tarkibda o‘ynashi mumkin.
“Roma”da o‘tkazgan mavsumi davomida Kris hali ham yuqori darajada o‘ynay olishini isbotladi. “Everton”, “Arsenal” va “Tottenxem” Smollingni o‘z tarkibiga qo‘shib olish uchun harakat qilyapti. Bu jamoalarning har biri futbolchi uchun asosiy tarkibdan joyni kafolatlayapti. Oxirgi so‘zni esa “MYu” aytadi. Smolingning shartnomasi 2022 yil yozida yakuniga etishini hisobga olsak, hozir uni sotishning ayni vaqti.
Fil Jons
Asosiy tarkibda u uchun joy bo‘lmagan yana bir himoyachi. Futbolchi endi “MYu” darajasida emas. Jonsning shartnomasi 2023 yil nihoyasiga etadi. Ammo asosiy tarkibdan joy ajratilmayapti. 9 yildan beri “Yunayted” tarkibida to‘p surayotgan 28 yoshli Fil Jonsning “Qizil iblislar” tarkibini tark etish vaqti keldi. Sulsher yoshlarga e’tiborini qaratayotgan bir mahalda, Filga asosiy tarkibdan joy ajratilmasligi aniq.
Angliya terma jamoasining sobiq hujumchisi Kevin Fillips ham Jons “MYu”ni tark etishi kerakligini ta’kidladi. Angliya nashrlari Fil Jonsga “Nyukasl” qiziqish bildirayotgani haqida yozyapti. Fil Jons kelasi mavsumda qaysi jamoada to‘p surishi noaniq, ammo “MYu”dan ketishi aniq.
Markos Roxo
Yana bir himoyachi. Yuqoridagi nomzodlardan ko‘ra, Markos Roxoning manchesterliklar safini tark etishi haqiqatga yaqinroq. Mankunianliklar allaqachon argentinalik futbolchi xizmatlaridan foydalanmay qo‘yishgan. Buni quyidagi statistikadan ham ko‘rishimiz mumkin: 2,5 mavsum davomida 17 ta o‘yinda maydonga tushgan. Shu o‘yinlarning 10 tasini asosiy tarkibda boshlagan.
Qishki transferda “MYu” futbolchini sotmoqchi edi. Ammo Roxoga xaridor topilmadi. Shuning uchun uni Bruno Fernandesh transferiga qo‘shishni maqsad qilishdi. Natijada, futbolchi “Estudiantes” jamoasiga ijara asosida o‘tdi. Markosning “MYu” bilan shartnomasi 2021 yil yozida nihoyasiga etadi. Futbolchining o‘zi “Estudiantes”da qolishni xohlayapti. Katta ehtimol bilan Roxo qizil formani boshqa kiymaydi.
“Manchester Yunayted“ futbolchini sotishdan xursand bo‘lardi, ammo hammasi oson kechmasligi aniq. “Estudiantes” ijara muddatini uzaytirishni istayapti. Futbolchi uchun jiddiy takliflar umuman yo‘q. Qishda “Fiorentina” qiziqish bildirdi, ammo endi inqirozdan keyin italiyaliklar futbolchi uchun qanday narx taklif qilishlari noaniq. Katta ehtimol bilan Markos Argentinada ijara asosida qoladi va “MYu” bilan shartnomasi yakuniga etgach, erkin agent sifatida biror jamoaga o‘tadi.
Jessi Lingard
Lingard ham “Manchester Yunayted“ni tark etishi mumkin. Avvalliga Sulsher futbolchiga ishonch bildirdi, keyinchalik esa Jessi stabil o‘yin namoyish eta olmadi. O‘yindan-o‘yinga xatolari oshib bordi. Bu esa murabbiyning jahlini chiqara boshladi. Lingard APLdagi eng oxirgi golini 2018 yil dekabr oyida urgan edi.
Mavsum boshidayoq, Lingard asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotgani aniq bo‘ldi. Kelasi mavsumda esa rahbariyat Jeydon Sancho, Jek Grilish yoki Jeyms Meddison bilan shartnoma imzolamoqchi. Undan tashqari, tarkibda Bruno Fernandesh va Odion Igalo bor. “Inter”da ham ishlari yurishmagan Aleksis Sanches “MYu”ga qaytib keladi.
Lingard hozirgi formasida yuqoridagi futbolchilar bilan raqobatlashishi qiyin. Asosiy tarkibda unga joy qolmadi. Rahbariyat 2021 yil yozida shartnomasi yakuniga etadigan Jessini sotib yuborishga qarshi emas.
Fikrlar