
Messini yomon ko‘radiganlar o‘qisin!
“XXI asrning eng zo‘r futbolchisi kim?” degan savolga jahon futboli muxlislari asosan ikki xil javob qaytaradi. Ba’zilar bu nomga shubhasiz Lionel Messi loyiq ekanini ta’kidlasa, qolganlar Krishtianu Ronalduni undan ustun qo‘yadi.
Aslida har ikkisi ham hurmatga, e’tirof va olqishga munosib. Bir-biri bilan misli ko‘rilmagan raqobat orqali futbol olamidagi ko‘plab olamshumul rekordlarni o‘rnatib bo‘lgan. Ular orasida endi boshqa takrorlanmaydigan natijalar ham talaygina.
Sports.uz sayti futbol ishqibozlari e’tiboriga argentinalik futbol yulduzi Lionel Messining boshqalar takrorlay olmaydigan sakkiz rekordi haqidagi maqolani havola etadi.
La Ligadagi uzluksiz seriya
“Barselona” tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchi Ispaniya chempionatining yuqori divizioni – La Ligada uzluksiz 17 yildan beri gol urib kelmoqda. Aslida 2020 yili chempionatning 20-turida “Granada” darvozasini ishg‘ol qilgan Messi uzluksiz 16 mavsum gol urib, rekord natija qayd etgan edi. Joriy yilda esa, bu ko‘rchatkichni bir yilga uzaytirib qo‘ydi.
Agar “Barselona” Messini olib qolishni uddalasa, bu rekord yana Messi tomonidan yangilanish ehtimoli katta.
La Ligada 35 ta xet-trik
2019 yilgi mavsumda Leo “Malorka” darvozasini uch bor ishg‘ol qildi. Bu argentinalik yulduzning La Ligadagi 35-xet-triki sifatida qayd etildi. Aynan o‘sha uchrashuvda Messi azaliy raqobatchisi Krishtianu Ronaldudan uchtadan gol urish bo‘yicha o‘zib ketgan edi. Boshqa hech bir futbolchi hali beri bu natijani takrorlay olmaydi.
Evropa Chempionlar ligasida 34 ta klubga gol urgan birinchi futbolchi
2019 yilning noyabrida Lionel Messi Evropa Chempionlar ligasi doirasida ajoyib rekord o‘rnatdi. Shu kuni u Dortmundning “Borussiya”si darvozasini ishg‘ol qildi va bu klub Messidan aziyat chekkan “ko‘hna qit’a”ning 34-jamoasi sifatida qayd etildi. Evropaning eng nufuzli musobaqasida hech bir futbolchi bu qadar ko‘p jamoa darvozasiga gol urmagan.
Avvalgi rekord esa “Real” yulduzlari Krishtianu Ronaldu va Raulga tegishli bo‘lib, ular 33 tadan jamoa darvozasiga yo‘l topgan edi.
12 mavsum 40 tadan kam gol urmagan
“Barselona” uchun muvaffaqiyatsiz bo‘lgan mavsumlarda ham Lionel Messi shaxsiy ko‘rsatkichlarini oshirib bormoqda. Messi 2009-2019 yillar davomida, 12 mavsum 40 tadan kam gol urmagan seriyani namoyish etdi.
Bu seriya 2020 yilda uzildi. Pandemiya tufayli taqvim o‘zgarib ketgan mavsumda argentinalik hujumchi 26 ta gol bilan kifoyalandi.
“El klasiko”lar to‘purari
“Barselona” va “Real” to‘qnashuvi nafaqat Ispaniyada, balki butun dunyoda muxlislar e’tiborida turadigan uchrashuv hisoblanadi. Hatto boshqa raqobatchilarni ham o‘ziga qaratadigan bu to‘qnashuvda Lionel Messichalik ko‘p gol urgan o‘yinchi yo‘q. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, Messi ashaddiy raqibga qarshi o‘yinlarda 26 ta gol urib, 14 ta golli pas oshirgan ekan.
Argentina terma jamoasining eng zo‘r to‘purari
Amerika kubogida ishtirok etayotgan Lionel Messi 145-uchrashuvida 76-golini kiritdi. Aslida o‘z mamlakati bosh jamoasi to‘purari nomiga 2016 yilda sazovor bo‘lgan. O‘shanda AQSh darvozasini ishg‘ol qilgan Leo gollari sonini 55 taga etkazib, Gabriel Batistuta rekordini yo‘qqa chiqargan edi.
Hozircha, Messining birorta hamyurti undan ko‘p gol ura olmaydi.
Bir yilda eng ko‘p gol urgan hujumchi
2012 yil Lionel Messi faoliyatining cho‘qqisi deb e’tirof etilgan. O‘sha yili qahramonimiz futbol tarixida misli ko‘rilmagan rekord o‘rnatdi. U bir yil ichida raqiblari darvozasiga 91 ta gol kiritdi. Avvalgi rekord Messi tug‘ilmasidan ancha oldin – 1972 yilda Gerd Myuller tomonidan qayd etilgan va u 86 ta to‘p kiritgandi.
Messining bu natijasi Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgani ham uning ahamiyatini bildirib turibdi.
Oltita “Oltin to‘p”
Mavsum yakunlariga ko‘ra, dunyoning eng yaxshi futbolchisi “Oltin to‘p” sovrini bilan mukofotlanadi. Bu futbolchilar uchun eng nufuzli shaxsiy sovrin hisoblanadi. 2019 yilda Messi bu sovrinni oltinchi marotaba qo‘lga kiritdi. Hozircha, unga raqobat qilishi mumkin bo‘lgan yagona futbolchi Krishtianu Ronaldu hisoblanadi. Portugaliyalik yulduz beshta “Oltin to‘p” to‘plagan.
Biroq, keyingi paytda Ronaldu bu sovringa da’vogarlik qila olmayapti. Lionel Messi esa Amerika kubogi finalida jamoasiga Braziliya ustidan g‘alaba taqdim etolsa, ettinchi bor “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritishi kutilmoqda.
Demak, Lionel Messining faoliyatini kuzatishda davom etamiz...
Fikrlar