
Mirjalol Qosimov: "Ikki daqiqa ichida o‘yinni hal qilib qo‘yishdi"
O‘zbekiston Kubogi nimchorak finalida OKMK jamoasi o‘z yurishini to‘xtatdi. O‘z uyida “Buxoro”ga qarshi “mehmon” sifatida o‘ynagan Mirjalol Qosimov jamoasi 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi va musobaqani tark etdi. Bellashuvdan keyin OKMK ustozi Mirjalol Qo‘shoqovich o‘z fikrlarini bildirdi.
- Nima deyishim mumkin? Eski hammom, eski tos. Yana yosh boladek xatolarimiz, individual xato, bo‘lib turadigan narsa. Bu bahona emas. 3-4 o‘yindan beri shunaqa xatolar ketma-ketlikda davom etyapti. Ikki daqiqa ichida ikkita gol va bu natijaga ta’sir qildi. Muxlislarimizdan uzr so‘rayman. Raqib jamoani g‘alaba bilan tabriklayman. Oxirigacha kurashdik, harakat qildik. Lekin raqib jamoa yaxshi himoyalandi. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqarishga harakat qilamiz. Kutilmaganda, juda oddiy vaziyatda o‘yinni boy berib qo‘yyapmiz. Ikki daqiqa ichida o‘yinni hal qilib qo‘yishdi. Ammo oldimizda ancha vaqt bor edi. Bunday xatolar qilish kerak emas. O‘yinni ko‘rib chiqamiz. Birinchi davrani tugatib, to‘g‘ri xulosa chiqarib tayyorgarlik ko‘rishimiz lozim. Orqaga qaytarib bo‘lmaydi. Baribir oxirigacha kurash olib boramiz. O‘tgan safargiga o‘xshab yana “Buxoro” jamoasiga qarshi Kubok o‘yinida qoqildik.
- Jamoangiz birinchi bo‘limda gol urdi, ofsayd e’lon qilindi. Ikkinchi bo‘limda ham ikkita gol urdi va ikkalasi ham ofsayd. Bu haqida nima deya olasiz?
- Nima deyman? Ofsayd bor, VAR ham bor edi, ishladi. Hech nima demayman.
- OKMK jismoniy tomondan yutdi. Ikkinchi qavatdagi to‘p uchun kurashlarda ham, to‘p nazoratida ham ustun edi...
- Lekin bu ochko bermaydi yoki keyingi bosqichga olib chiqmaydi. Yaxshi o‘ynash va bunday xatolar qilmaslik kerak. Imkoniyat yaratib, vaziyatlardan to‘g‘ri foydalanish lozim. Ofsaydmi, demak ofsayd. O‘zini mutaxassislari bor, hakamlar bilan ishim yo‘q. Ammo shuni aytmoqchimanki, o‘yin tezligini oshirish kerak. Birinchi bo‘limda darvozabon yotib olishni boshladi. Bu bahona emas. Keyin statistika bo‘yicha futbolni 30 yoki 40 daqiqa o‘ynadik deb gapiramiz. O‘yinni tezlatish lozim. Stadionga kelgan ishqibozlar futbol ko‘rgisi keladi. Agar jarohat bo‘lsa muammo yo‘q, biroq oddiy vaziyatlarda ham yotib olaversa, bu noto‘g‘ri. Futbolni tezligini oshirmoqchimizmi, hakamlar ham shunga e’tibor berish kerak. Bu birinchi emas. “Sho‘rtan” bilan uchrashuvda ham 15-daqiqadan yotib olish boshlandi. Namanganda ham, bunday o‘yinlar ko‘p. O‘yinni hisoblab chiqinglar, qancha pauza bo‘ldi? Raqib jamoasi tomonidan qancha vaqt yotishdi? Keyin yana murabbiy aybdor. Stadionga tushgan muxlislar futboldan rohatlanishlari kerak. G‘alaba va mag‘lubiyat esa yonma-yon. Gap chiqqanda gapirib qol deyishadi, shuning uchun aytyapman. Katta maqsad qo‘yilganmi, chempionatimizni ham tezlatishimiz kerak.
Fikrlar