Mirjalol Qosimov Jizzaxdagi yirik hisobdagi mag‘lubiyatga qanday izoh berdi?
Superliganing 21-turida Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi o‘z maydonida OKMKni qabul qildi. Qiziqarli va ochiq futbol tarzida o‘tgan bahsda mezbonlar 4:1 hisobida raqibini mag‘lubiyatga uchratdi. Uchrashuv yakunlangach, OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida qatnashdi.
- Nima deymiz? Avvalambor, muxlislarimizdan uzr so‘raymiz. “So‘g‘diyona” jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman. Birinchi, uchinchi va to‘rtinchi golda yosh bolalardek xatoga yo‘l qo‘ydik. Mahorat o‘z so‘zini aytdi. Birinchi bo‘limda Doriev ikkita gol urdi. Aybni o‘zimizdan qidirishimiz kerak. Oddiy xatolarga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak edi. Raqib bundan unumli foydalanib ketdi. Tahlil qilib chiqamiz. Himoyada uchta qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydik.
- OKMK birinchi davrada yaxshi natijalari, yuqori tempdagi o‘yinlari bilan ko‘zga tashlandi. Ikkinchi davrada pasayish bo‘lyapti. Bunga nima sabab deb o‘ylaysiz?
- Bunday oddiy xatolar qilmaslik kerak. Yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish lozim. Qaysidir ma’noda yigitlarimizda gol o‘tkazib yubordikmi, hozir uramiz, degan tushuncha paydo bo‘lgandek tuyuldi. Lekin futbolda har doim bu narsa amalga oshavermaydi. Raqib jamoasi ham o‘ziga yarasha qarshilik ko‘rsatadi, harakat qiladi. “So‘g‘diyona” bilan har doim yaxshi o‘ynab kelgandik. Bugun ham hisob 3:1 bo‘lib turganida Alida, Nodirda yaxshi imkoniyatlar bor edi. Gol urishlari kerak edi. Xatolar qilgan taqdirimizda ham oldinga chiziqda yaratilgan vaziyatlardan foydalanishimiz kerak edi.
- “So‘g‘diyona” bilan o‘yinlar doim ochiq o‘tgan. Nima deb o‘ylaysiz, bu uchrashuvda markaz yaxshi ishlamaganidan hujumlarni tashkillashtirishda shunday parokandalik yuzaga keldimi?
- Birinchi bo‘limda ham yaxshi hujumlar qildik...
- Ikkinchi taymda unchalik hujumlar ko‘rinmay qoldi.
- Aytyapman-ku, 3:1 bo‘lib turganida ham hujumga o‘tdik. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar oxirigacha kurashamiz. Futbol shunisi bilan qiziq: har doim ham sen o‘ylagan narsa bo‘lavermaydi. Ha, “So‘g‘diyona” jamoasi bilan har doim ochiq futbol bo‘lgan. Lekin aytib o‘tganimdek, uchta golni oddiy vaziyatlarda o‘tkazib yubordik. Bu ham katta sabab. Balki bitta uchrashuvda shuncha xato qilganimiz bir tomondan yaxshidir, kelajakka yana ko‘rib chiqamiz. 5-6 marta kichik hisoblarda yutqazgandan ko‘ra bitta o‘yinda shuncha xato qilganimiz balki yaxshidir. “So‘g‘diyona” bilan o‘yinlarda ikkala jamoa ham ochiq va muxlislarga yoqadigan futbol ko‘rsatamiz. Ammo har doim biz o‘ylagandek bo‘lavermaydi.



Fikrlar