
Mirjalol Qosimov "Xorazm" ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng nimalar dedi?
O‘zbekiston kubogi chorak finalidan o‘rin olgan OKMK - "Xorazm" bahsidan so‘ng so‘ng "konchilar" bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o‘yinga bo‘lgan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
"O‘zbekiston kubogida eng yuqori maqsadni ko‘zlaganmiz. Qur’ada bizga qulay Pro liga jamoasi tushgan edi. Shu bois ham chorak finalda g‘olib chiqishimiz shart edi. Lekin omad boshqa narsa, amalda isbotlash boshqa narsa.
Etakchi futbolchilarni ba’zilariga dam berishga qaror qildik. Shunga qaramay birinchi bo‘limda yaxshi o‘yin namoyish etib yirik hisobda g‘alaba qozondik. Ikkinchi bo‘limda imkon darajasidagi barcha beshta o‘zgarishlarni amalga oshirib rotatsiyaga qo‘l urdik. Bir tomondan yigitlar o‘yinda biroz bo‘shashishdi. Shuning uchun ham darvozamizdan 2 bor gol o‘tkazib yubordik.
Muhimi g‘alaba edi va bunga erishdik. Yarim finalga yo‘l olganimiz bilan shogirdlarimga ham rahmat aytaman va jamoa muhlislarini tabriklayman. Nasib qilsa keyingi bosqichlarda ham yaxshi o‘yinlarni namoyish etib bosh sovrinni o‘zimizniki qilish uchun bor kuchimizni ishga solamiz", - dedi Qosimov.
Fikrlar