MMA: O‘zbekiston Kubogida hakamlar qanday ishlamoqda?
Buxoro shahri aralash jang san’atlari bo‘yicha havaskorlar o‘rtasidagi ilk O‘zbekiston kubogi turniriga mezbonlik qilmoqda. Unda 16-17 yosh va undan kattalar o‘z vazn toifasida g‘oliblik uchun bahsga kirishgan. Umuman olganda, musobaqaning dastlabki saralash janglari juda shiddatli tarzda o‘tdi. Hakamlar uchun etarli darajada ish topilmoqda. Ya’ni, musobaqaning adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlaydigan insonlar chin ko‘ngildan mehnat qilmoqda.
Biz ushbu musobaqaning bosh hakami hamda O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasining hakamlar bilan ishlash bo‘yicha etakchi mutaxassisi Otabek Musaevga turnirga oid bir nechta savollar bilan murojaat qildik.
- Aynan ushbu turnirni Buxoroda o‘tkazilishining asosiy sababi nimada?
- Birinchi navbatda, “Amir Temur” klubi asoschisi Muzaffar Rajabovning tashabbusi bilan mazkur musobaqa Buxoro shahrida o‘tkazilmoqda. Qolaversa, bu erda yaqindagina karantin qoidalariga muvofiq, professionallar o‘rtasida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazildi. Demoqchimanki, barcha sharoitlar etarli va tashkilotchilik yuqori saviyada bo‘lishiga ishonchimiz komil bo‘lganligi tufayli, Buxoro shahri tanlandi.
- Turnirning dastlabki kuni shuni ko‘rsatmoqdaki, hakamlik saviyasi anchagina o‘sgan. Shunday bo‘lsa-da, yana qilinadigan ishlar borligi aniq. Bu borada qanday yangiliklar amalga oshirilmoqda?
- Xalqaro aralash jang san’ati assotsiatsiyalari federatsiyasi (IMMAF) bilan hamkorlikda jahonning etakchi hakamlarini taklif etmoqdamiz. Jumladan, Maksim Protasov hakamlarimiz ishtirokidagi seminarlarda ishtirok etdi va mahorat darslari o‘tdi. Shuningdek, UFC promoushenida faoliyat yuritadigan Mark Goddardni ham taklif etganmiz. Albatta, bu ishlarni yana davom ettiramiz.
- Ehtimol, hakamlarning saviyasini oshirish uchun MDHning etakchi promoushenlarida faoliyat olib borishlarini ta’minlash kerakdir?
- Bu borada ham ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Masalan, Toshkentda o‘tgan GFC turnirida vakillarimiz janglarni boshqardi. Qolaversa, yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, seminarlar orqali hakamlarimiz xalqaro litsenziyani qo‘lga kiritadi va shunday promoushenlarda ishlash imkoniyati paydo bo‘ladi.
- Musobaqaning bosh hakami sifatida turnirning birinchi kundan ko‘nglingiz to‘ldimi? Ya’ni, qo‘l ostingizdagi hakamlarning bahsli holatlarda chiqargan qarorlari sizni qoniqtirmoqdami?
- Albatta. Barchasi adolatli tarzda o‘tkazilmoqda va shunday davom etadi. E’tirozlar bo‘lsa, o‘rganib chiqamiz va eng to‘g‘risini amalga oshiramiz.

- Jang qoidalarida jiddiy o‘zgarishlar bormi? Demoqchimanki, Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatidan farqli qoidalar kiritilmadimi?
- Yo‘q. Barchasi havaskorlar o‘rtasidagi turnirlarning qonun-qoialariga muvofiq tarzda o‘tkazilmoqda.
- Turnir g‘oliblarini qanday mukofotlar kutmoqda yoxud ular qay tarzda taqdirlanadi?
- Munosib rag‘batlantiriladi.
- Turnirning yuqori saviyada o‘tishi bevosita siz boshchiligingizdagi hakamlar jamoasiga bog‘liq... Shunday ekan, janglarni yuqori darajada o‘tkazish uchun kuch-quvvat tilaymiz!
- Katta rahmat.

Fikrlar