Mojarolarga o‘ralashib qolgan Ekvador terma jamoasi bilan tanishamiz yoxud mundialga 31 kun qoldi!

  • 19 oktabr, 2022, 21:30
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

JCh-2022 startiga tobora oz vaqt qolmoqda. Muxlis va mutaxassislarni intizorlik bilan kuttirayotgan turnir tez orada boshlanadi.

Qaysi terma jamoalar JCh-2022da ishtirok etishini yaxshi bilasiz. Agar hamon bundan xabardor bo‘lmasangiz yana bir  bor eslatib o‘tib ketamiz.

qatar_1

Mundial startiga 31 kun qolgan va biz ketma-ketlikda termalar bilan sizni tanishtirib o‘tamiz. Demak, "A" guruhi vakili Ekvador orqali o‘ziga xos "chellenj"imizni davom ettiramiz.

Ekvador terma jamoasi, Ekvador futbol federatsiyasi (FEF)

Tashkil topgan: 1925 yil (FIFA'ga 1926 yilda a’zo bo‘lgan).
Bosh murabbiy: Gustavo Alfaro.
Jamoa sardori: Enner Valensiya.

Ilk rasmiy bahsi: Boliviya - Ekvador 1:1 (1938 yil).
Eng yirik g‘alaba: Ekvador - Peru 6:0 (1975 yil).
Eng yirik mag‘lubiyat: Argentina - Ekvador 12:0 (1942 yil).

Ayni dam mazkur terma jamoa FIFA reytingida 44-o‘rinni band etib turibdi. Ularning reytingda eng yuqori ko‘rsatkichi 10, eng pasti esa 71-o‘rin bo‘lgan.

Ushbu yurt termasi bunga qadar o‘tkazilgan Jahon Chempionatlarida 4 bora ishtirok etgan. Ilk bor Ekvador 2002 yilgi Janubiy Koreya va Yaponiya yashil maydonlarida o‘tgan mundialda qatnashishga muvaffaq bo‘lgan. Eng yaxshi natijasi 2006 yilda qayd etilgan. O‘shanda jamoa nimchorak final bosqichiga chiqishga erishgan. 

ekvador_2

Turnirgacha bosib o‘tilgan yo‘l

Ekvador terma jamoasi Mundial yo‘llanmasi uchun kechgan saralash bahslarida munosib ishtirok etdi. Ular bu maqsadlari yo‘lida hatto, nomdor raqiblari Kolumbiya va Chilini ham ortda qoldirdi. 

Saralash turnirida "uch ranglilar" 26 ochko bilan 4-o‘rinni band etdi. 7 g‘alaba, 5 durang va 6 mag‘lubiyat qayd etgan terma vakillari 27 gol urib, o‘z darvozasidan 19 gol olib chiqdi. 

Bundan tashqari, Ekvador JCh-2022ga tayyorgarlik olib borish maqsadida xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazdi:

ekvador_3

Tarkibdagi futbolchilarning transfer narxi taniqli "Transfemarkt" talqiniga ko‘ra, 125.80 million evroni tashkil etadi.

Eslatma: Ushbu miqdor so‘nggi yig‘inga chaqirilgan futbolchilarning transfer narxiga ko‘ra hisoblangan. Mundialga chaqirilgan o‘yinchilar nomi hali ma’lum emas.

Soxta pasport, Chilining shikoyati va FIFAning yakuniy qarori

Qatar mezbonligida o‘tadigan mundialga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan Ekvador turnirdan chetlatilishi ham mumkin edi. Bunga Chili Futbol Federatsiyasining shikoyati sabab bo‘ldi.

Unga ko‘ra, Chili terma jamoasi advokati futbolchi Bayron Kastilo kolumbiyalik ekani, u soxta tug‘ilganlik haqida guvohnoma (pasport) dan foydalangani va Ekvador terma jamoasida o‘ynash huquqiga ega emasligi haqida dalillar topgani haqida ma’lumot berdi. Shu bilan birga, chililiklar Jahon chempionati final turnirida ekvadorliklarning o‘rniga borishni da’vo qildi.

FIFA rasmiy sahifasi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, tashkilot intizom qo‘mitasi Ekvador futbol federatsiyasiga qarshi ochgan ishni tugatdi. Faqatgina asli kolumbiyalik Kastilo Ekvador MTJ libosida 8 ta bahsda qatnasha olmaydigan bo‘ldi.

"Tomonlar FIFAning Apellyatsiya qo‘mitasiga shikoyat qilishlari mumkin", - deya yozib qoldirildi tashkilot bayonotida. 

chiliekv

JCh-2022'dagi taqvimi

Avval aytganimizdek, Ekvador futbol bo‘yicha eng nufuzli turnirning "A" guruhida Niderlandiya, Senegal hamda Qatar kabi termalar bilan bir guruhdan joy olgan. Ularning taqvimi quyidagicha:

20 noyabr

21:00 Qatar - Ekvador.

25 noyabr

21:00 Niderlandiya - Ekvador.

29 noyabr

20:00 Ekvador - Senegal.

 

Shohrux Zoirov tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!