Mourinoning eng qimmat 10 ta transferi
Yaqinda Pochettino o‘rniga Joze Mourino “Tottenxem” murabbiyiga aylandi. Hozir Jozening oldida chempionatda kuchli 4 likka kirish va Chempionlar Ligasiga chiqish vazifalari turibdi. Murabbiy hozircha jamoa tarkibidan ko‘ngli to‘qligi haqida gapirdi. Ammo bu birinchi mag‘lubiyatgacha. Keyin yana eski “ashula” boshlanadi: “Yangi futbolchilar kerak.”
Hozircha hammasi o‘rnida ekan, keling siz bilan Mourinoning 10 ta eng yirik transferlarini yodga olsak.
- Erik Bayli. “Vilyarreal” dan “Manchester Yunayted”ga (38 mln evro)
Mourino “MYu” murabbiyi etib tayinlangan zahoti jamoa himoyasini kuchaytirish haqida bosh qotira boshladi. Ispaniyadan Erik Bayli olib kelindi. Uning transfer narxi 38 mln evro.
Ivuarlik futbolchi boshida juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Ammo jarohatidan keyin eski formasiga qayta olmadi. Raqobatda Maguayr va Lindelefga yutqazib qo‘ydi.
- Diego Kosta. “Atletiko”dan “Chelsi”ga (38 mln evro)
Erik bilan bo‘lgan voqea takrori: Joze jamoaga keldi va hujum chizig‘ini kuchaytirish haqida bosh qotira boshladi. Boshida Kosta gollari bilan hammani xursand qildi.
Ammo keyinchalik hujumchi va murabbiy o‘rtasida turli kelishmovchiliklar kelib chiqdi. Ikkalasining ham xarakteri tushunarsiz. Ikkalasi ham qaysar. Yaxshiki, jamoadan Mourino ketdi. Lekin Diego yangi murabbiy, Konte bilan ham chiqisha olmadi.
- Maykl Essen. “Lion”dan “Chelsi”ga (38 mln evro)
2005-yilda Mourino “Lion” xavbeki uchun 38 mln evrodan voz kechdi va adashmadi. Joze undan unumli foydalana oldi va o‘sha paytning eng kuchli tayanch futbolchisiga aylantira oldi. Maykl jamoa bilan 250 dan ortiq o‘yin o‘tkazdi va jamoaning afsonalaridan biri hisoblanadi.
“Aristokratlar” safida o‘tkazgan 8 mavsumi davomida Maykl 2 marta Angliya chempionligini, 4 marta Angliya Kubogini,1 marta Liga Kubogi, Chempionlar Ligasi va Angliya superkubogini qo‘lga kiritgan.
- Dide Drogba. “Marsel”dan “Chelsi”ga (38.5 mln evro)
Afsonaviy futbolchining Angliyaga kelishi juda qiyin bo‘lgan. “Marsel” prezidenti Kristof Bush uni qo‘yib yuborishni istamagandi. Nihoyat 38 mlndan ko‘proq pul to‘lashganidan so‘ng, majbur rozi bo‘lgandi.
Drogba jamoaning haqiqiy etakchisiga aylana oldi. 2012-yil “Chelsi” muxlislari intiq bo‘lib kutgan Chempionlar Ligasi sovrinini yutishga katta hissasini qo‘shdi. 88-daqiqagacha 1-0 hisobida yutqazayotgan paytda boshi bilan “Bavariya” darvozasiga gol kiritib hisobni 1-1 ko‘rinishiga olib keldi va penaltilar seriyasida ham hal qiluvchi golni urgandi.
6.Genrix Mxitaryan. “Borussiya Dortmund”dan “Manchester Yunayted”ga (42.5 mln evro)
Mxitaryanning kelishi muxlislarni juda xursand qilgandi va Mourino ham unga umid bog‘lagandi. Ammo portugaliyalik mutaxassis unga maydonda mos pozitsiya tanlay olmadi va Miki o‘zini ko‘rsata olmadi.
Genrix “MYu” safida 1,5 mavsumini o‘tkazdi va 2018-yil yozida jamoa uni Sanchesga almashtirdi. Bu rokirovka uchun “Qizil iblislar” rahbariyati afsuslangani tayin.
- Andrey Shevchenko. “Milan”dan “Chelsi”ga (43,9 mln evro)
2006-yilda Andreyning Milandan Londonga ko‘chib o‘tishiga Jozening o‘zi osh-qosh bo‘ldi. Avvaliga Shevchenko uchun hammasi yaxshi boshlangandi. Birinchi o‘yinining o‘zidayoq “Liverpul” darvozasiga gol kiritgandi. Keyinchalik esa ishlari orqaga keta boshladi. Angliyadagi 2 yillik faoliyatidan yodda qoladigan narsalari belidan olgan jarohati va 2 ta operatsiyasi bo‘ldi.
- Nemanya Matich. “Chelsi”dan “Manchester Yunaed”ga (44,7 mln evro)
Mourino “Chelsi”dan ketayotganda o‘zi bilan birga Matichni ham olib ketdi. Matich “MYu” safida markaz uchun foydali futbolchiga aylandi. Maydon markazidagi barcha “qora ishlar”ni Pogbadan olib seriyalik futbolchi zimmasiga yukladi.
Mourino jamoadan ketgach, Matich hech kimga kerak bo‘lmay qoldi. Sulsherning rejalarida unga joy etmadi. Mish-mishlarga qaraganda “Yuventus” va “Inter” futbolchini qishki transferlar vaqtidayoq qo‘shib olish niyatida.
- Fred “Shaxtyor”dan “Manchester Yunayted”ga (59 mln evro)
Mourinoning jumboqli transferiga navbat etib keldi. Nashrlar Mourinoga Fred kerakligi haqida yozishni boshlashdi. Keyinchalik Jozening o‘zi ham bu xabarlarni inkor etmagan holda bu ish rahbariyatning qo‘lida ekanligi haqida aytib o‘tgandi.
Ammo Fred jamoaga olib kelingani “MYu”ning o‘yiniga hech qanaqa ta’sir o‘tkazmadi. Aksincha, futbolchi jamoada o‘rnini yo‘qotib qo‘ydi. Hozir ham futbolchi zahirada turishga majbur. Chunki Matich singari Fred ham Sulsher rejalariga kirmagan.
- Romelu Lukaku. “Everton”dan “Manchester Yunayted”ga (84,7 mln evro)
Joze jamoaga mos keladigan hujumchi haqida uzoq bosh qotirdi. Va nihoyat, Lukaku variantida to‘xtadi. “Qizil iblislar” futbolchi uchun deyarli 85 mln evro to‘ladi. Romelu ilk mavsumida 51 ta o‘yinda 27 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Futbolchi va murabbiy til topishib olgandek edi, ammo Jozening jamoadan ketishi Lukakuning zahiraga olinishiga sabab bo‘ldi. Keyinchalik futbolchi “Inter”ga sotib yuborildi. Hozir u Milanda asosiy futbolchilardan biri hisoblanadi. 15 o‘yinda 9 ta gol urgan Romelu “Inter”ning eski damlarini qatarishga astoydil bel bog‘lagan.
- Pol Pogba. “Yuventus”dam “Manchester Yunayted”ga (105 mln evro)
Nihoyat birinchi o‘ringa ham etib keldik. Aynan Pogba Jozening hammadan ham ko‘proq “MYu”da ko‘rishni istagan futbolchisi edi. Aynan u bilan tuzilgan shartnoma transfer bozorida o‘ziga xos to‘ntarishni amalga oshirgan edi.
Ha, boshida futbolchi va murabbiy bir-birini juda yaxshi tushunishdi. Pogba ham etakchilardek harakat qilib yaxshi natijalarga erishib bordi. 2018/19 yilgi mavsumga kelib esa, ikkalasi orasiga sovuqlik tushdi. Va bu munosabatlar Mourinoning jamoadan ketishi bilan barham topdi.

Fikrlar