Muhim uchrashuv, muhim qadam...

CHERY AUTO

O‘zbekiston futzali taraqqiyotida muhim o‘rin tutgan hududlardan biri - Andijon viloyati sanaladi. Mazkur hududda futzal so‘nggi yillarda qayta tiklanish arafasida turibdi. Mahalliy hokimiyat va mutasaddi tashkilotlar ushbu sport turini yanada rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda.

Tecno

Mamlakatimizda ushbu jozibali sport turi endi tetapoya qadamlarini tashlayotgan davrlarda "Turon-Soliqchi" jamoasi bayroqdor klublardan biri bo‘lib, Andijon futzali sharafini munosib himoya qilgan. Ilk mavsum mamlakat Kubogida zafar quchgan jamoa, keyinchalik O‘zbekiston chempionatlarida besh marta shohsupaning yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Bir necha marta sovrindorlar safidan joy egalladi.

Biroq oxirgi yillarda viloyat futzalining umumiy saviyasi pasayib ketgani kuzatildi. Ana shunday sharoitda, aniqrog‘i Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov hamda O‘zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda asosiy e’tibor viloyatda futzalni rivojlantirish, tarixiy an’analarni tiklash va yangi bosqichga ko‘tarish masalasiga qaratildi.

Futzal muxlislariga ma’lumki, 2024 yili Andijon shahri futzal bo‘yicha jahon chempionati bahslari mezbonlaridan biri bo‘ldi. Sayyoramizning eng kuchli 24 jamoasi ishtirok etgan Mundialning C hamda D guruhi bahslari, shuningdek, chorak finalning ikkita uchrashuvi aynan jahon chempionati uchun maxsus qurib foydalanishga topshirilgan "Universal" sport majmuasida bo‘lib o‘tdi. Bu esa bevosita viloyatda zamonaviy sport infratuzilmasi yaratilganini anglatadi. Qolaversa, bu viloyatda ham malakali murabbiylar, futzal mutaxassislari, iste’dodli o‘yinchilar bisyor. Faqatgina ishni yana mas’uliyat bilan yo‘lga qo‘yish, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish kerak, xolos. 

O‘zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Akmalovich Mamatqulov viloyatdagi mavjud salohiyat va resurslarga yuqori baho berdi. U viloyat rahbariyati, sport boshqarmalari hamda murabbiylar korpusidan futzalga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirishni, jamoalarni birinchi ligada ishtirok ettirish orqali ularni oliy liga hamda O‘zbekiston Kubogi kabi nufuzli musobaqalarga tayyorlashni tavsiya etdi. Shuhratbek Qo‘shoqboevich rahbarligidagi viloyat hokimligi tomonidan yaratilayotgan sharoitlardan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi.

O‘z navbatida, Andijon viloyati hokimi Sh. Abdurahmonov ham futzalni mamlakatimizning barcha hududlarida rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar uchun O‘zbekiston futzal federatsiyasi rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, tez orada respublika miqyosidagi musobaqalarda Andijon vakillari munosib ishtirok etishini ma’lum qildi.

Andijonda futzal salohiyati, zamonaviy infratuzilma, etuk mutaxassislar hamda yosh iste’dodlarning mavjudligi ana shunday qat’iy harakatlar orqali o‘z samarasini berishga shubha yo‘q.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!