"Mundialda jamoangizni ko‘rish yoqimli, O‘zbekiston chempionatidan tavsiya qilingan futbolchilarni kuzatyapmiz". "Krilya Sovetov" ustozi SPORTS.UZ sayti uchun intervyu berdi
Bugungi kunda Rossiya premer-ligasi qatnashchisi hisoblangan “Krilya Sovetov” klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotan Magomed Adiev muxlislarimizga yaxshi tanish.
U bungacha “Ximki”, “Axmat”, “Shaxtyor” (Qozog‘iston), Qozog‘iston milliy terma jamoalarini boshqargan. Ayniqsa, Qozog‘iston terma jamoasiga boshchilik qilgan chog‘ida terma o‘zining eng yaxshi natijasini ko‘rsatgan. Qolaversa, Adiev o‘zbek futboliga ham befarq emas.
Sports.uz jurnalisti yaqinda “Krilya Sovetov” ustozi bilan aloqaga chiqdi. O‘z navbatida Magomed Musaevich saytimiz uchun intervyu berishga rozi bo‘ldi.
- Magomed Musaevich, o‘zbek futboli yangiliklarini kuzatib boryapsizmi? Xabaringiz bo‘lsa kerak, italiyalik Fabio Kannavaro milliy terma jamoamizni boshqaryapti. Bu haqida nima deya olasiz? U o‘zbek futboli va milliy terma jamoa rivojiga qanchalik hissa qo‘sha oladi?
- O‘ylashimcha, bugungi kunda o‘zbek futbolini rivojlantirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilyapti. Jahon chempionatidek katta turnirda ishtirok etish - bu albatta O‘zbekiston uchun juda yaxshi natija. Tabiiyki, O‘zbekiston terma jamoasi mundialda qatnashar ekan, men ham terma jamoangizga muxlislik qilaman. Fabio Kannavaroni kelishiga to‘xtaladigan bo‘lsam, bilamizki, u katta nom, mahoratli va ko‘pchilik tan olgan futbolchi sifatida barcha biladi. U jiddiy natijalarga erishgan. Katta-katta musobaqalarda g‘alaba qozongan. Uni murabbiylik faoliyati to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsam, rosti, hozir bu haqida aniq fikr ayta olmayman. Murabbiylik faoliyatida katta tajriba yoki katta natijalarga erishganligi haqida bilmayman. Timur Kapadze terma jamoa uchun katta ish qilgandi. Terma jamoani mundialga chiqishiga o‘z hissasini qo‘shgandi. O‘zbekistonni tarixiy natija ko‘rsatishida Kapadzeni o‘rni katta bo‘ldi. Afsuski, unga yana faoliyatini davom ettirish uchun imkoniyat berilmadi. Mutasaddilar Kannavaro singari futbolchilik faoliyatida taniqli nomga ega bo‘lgan insonni olib kelishni xohlashdi, shekilli.
- Siz bilan oxirgi marta suhbatlashganimizda Qozog‘iston terma jamoasining bosh murabbiyi edingiz. Ko‘pchilik qozoq va o‘zbek futbolini solishtirishadi. Bu safar ham Qozog‘iston jahon chempionatidan chetda qoldi. Asosiy muammo nimada?
- To‘g‘ri aytyapsiz, Qozog‘iston yirik musobaqaga chiqa olmadi. Avval boshida bu Qozog‘iston uchun qiyin bo‘lishini aytgandim va imkon qadar yaxshiroq harakat qilish lozimligini ta’kidlab o‘tgandim. Guruhda Belgiya terma jamoasi ham bor edi. Bu raqibni yaxshi shakllangan jamoa deyishimiz mumkin. Uels va Shimoliy Makedoniya ham yaxshi o‘ynaydigan terma jamoalar qatoriga kiradilar. Qozog‘iston Shimoliy Makedoniya bilan durang o‘ynadi. Yaxshi o‘yin bo‘ldi. Boshidan hammasi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan bo‘lganida edi, hozir juda ko‘p narsa boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Qozog‘iston to‘g‘ri yo‘lda ketyapti. Jamoada ko‘p narsa o‘zgargan. Qozog‘istonda individual jihatdan kuchli futbolchilar bor. Katta ambitsiyaga ega bo‘lgan yosh, kelajagi porloq o‘yinchilar chiqmoqda. Yaqin yillarda Qozog‘iston terma jamoasi raqobatbardosh, kuchli terma jamoaga aylanadi. Qozog‘iston jahon chempionatiga chiqa olmagan bo‘ls-da, “Qayrat” Evropa Chempionlar ligasida guruh bosqichiga yo‘llanma oldi. Bu ham katta ko‘rsatkich. Qozog‘istonni kelajakda yaxshi natijalar ko‘rsata olishi uchun katta potentsiali bor.
- Ilgari MDHdan qaysidir terma jamoa mundialda qatnashsa albatta qo‘llab-quvvatlardik. Endi esa MDH mamlakatlari O‘zbekiston terma jamoasini jahon chempionatida kuzatib borishadi va qo‘llashadi. Ayting-chi, mundialda terma jamoamizdan nimalarni kutyapsiz?
- Yuqorida aytib o‘tganimdek, mundialda albatta O‘zbekiston terma jamoasini kuzataman va muxlislik qilaman. Terma jamoangiz o‘yinlarini kuzatish juda ham qiziq bo‘ladi. Bunday katta turnirda O‘zbekiston ishtirokidagi uchrashuvlarni ko‘rish albatta yoqimli. Nima kutishim mumkin? Yana qaytaraman: terma jamoangiz o‘yinini ko‘rish qiziqarli. Birinchi galda terma jamoangiz guruhdan keyingi bosqichga chiqishini istayman va bundan xursand bo‘lardim. O‘zbekistonga ijobiy natijalarga erishishini tilab qolaman.
- Agar qachondir sizga milliy terma jamoamizni boshqarish imkoniyati taklif qilinsa, qabul qilarmidingiz?
- Bunday narsalarni unchalik yoqtirmayman. Dastlab bunday takliflarni berish va so‘ng yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak. Qachonlardir shunday holat yuzaga kelsa, ana shunda o‘ylab ko‘rsa bo‘ladi. Bugungi kunda o‘zbek futboli rivojlanib boryapti. Bir qator iqtidorli va kuchli o‘yinchilar bilan shakllangan jamoani boshqarish hamma uchun yaxshi. Mahoratli, yaxshi saviyadagi futbolchilarga ega jamoada ishlashni har qanday murabbiy xohlaydi. Albatta, bunday futbolchilar bilan natija ko‘rsatishing nisbatan oson bo‘ladi.
- “Krilya Sovetov” klubidagi ishlaringiz yaxshimi?
- “Krilya Sovetov” klubida barchasi yaxshi ketyapti. To‘g‘ri, oxirgi turlardagi natijalar murabbiy sifatida meni qoniqtirmayapti. Chempionat boshida bizda barchasi yaxshi edi. Keyinchalik bir qator tajribali futbolchilarni jarohat olishi natijasida ko‘ngildagidek o‘yinlarni tashkil qila olmay qoldik. Bu borada klub mutasaddilari bilan munosabatimiz yaxshi. Ular bilan vaziyatni to‘g‘ri hal qilib, rejalashtirgan holda kelajakka umid va ishonch ila ish tashkil qilmoqdamiz. Aslida muammoimiz nimada ekanini yaxshi bilamiz. U qadar katta muammo yo‘q, barchasi joyida. Asta-sekin vaziyatni yaxshilay olamiz. Chempionatga yaxshi tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Jarohat olganlar holatini yaxshilab borishmoqda. Ular jamoaning umumiy mashg‘ulotlarida qatnashishyapti.
- Klubingizda qaysi o‘zbek futbolchilarini ko‘rishni xohlaysiz?
- Aytib o‘tganimdek, milliy terma jamoada bir qancha tajribali o‘yinchilar bor. O‘yinimizni kuchaytira oladigan va O‘zbekiston chempionatidan bizga tavsiya qilishgan bir nechta futbolchilarni kuzatib boryapmiz. Hozirdan birortasini aniq ayta olmayman. Hujumchi juda zarur va bu borada kuzatuv ishlarini amalga oshiryapmiz. Hujumchimiz Gaich hozir optimal formasida emas. Men jon deb jamoamizga Shomurodovni olishim mumkin edi.



Fikrlar