
Muz ustida yaralgan nafosat
Mazkur sport turi XIX asrning 60 yillarida paydo bo‘lgan. Figurali uchush bo‘yicha 1891 yili ilk marotaba Evropa chempionati o‘tkazilgan bo‘lsa, jahon chempionati 1896 yilda tashkillashtirilgan.
Bu sport turi qisqa va erkin dasturdan iborat. Ishtirokchi ikki bosqich uchun alohida ballga ega bo‘ladi. Davomiyligi ikki daqiqayu ellik soniyani tashkil etgan qisqa dasturda 7 ta element bajarilishi lozim. Agar sportchi ajratilgan vaqtdan besh soniyaga bo‘lsa ham o‘tib ketsa, hakamlar uning umumiy hisobidan bir ballni olib tashlaydi. Erkin dasturni esa ayollar to‘rt, erkaklar besh daqiqa davomida ijro etadi.
Hozirgi kunda dunyoning bir qator mamalakatlarida figurali uchish sport turi bo‘yicha maktablar mavjud. Jumladan, O‘zbekistonda figurali uchish maktabi ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Poytaxtimizda 1972 yil tashkil etilgan mazkur sport to‘garagida dastlabki yillar 200 nafarga yaqin sportchi shug‘ullangan. 1980 yilda o‘smirlar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionatining juftlik bahslarida mazkur maktab tarbiyalanuvchilari Marina Nikityuk va Rashid Qodirkaevlar kumush medal sohibiga aylanishdi. 1991 yilda Alina Spirgiadu va Yuriy Razgulyaev sport raqsi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni unvoniga ega bo‘ldi. Shuningdek, bu maktab tarbiyalanuvchilari Tatyana Malinina, Roman Skornyakov, Natalya Ponomaryova, Evgeniy Svirdovlar ham jahon arenalarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Shu o‘rinda aytish mumkinki, mamlakat qishki sport turlarini yanada rivojlantirish maqsadida so‘nggi ikki yilda yangidan-yangi sport inshootlari barpo etilmoqda.
Ulardan biri poytaxtimizda qad roslagan ko‘p tarmoqli “Humo Arena” muz saroyidir. Majmua 12 ming 500 nafar kishiga mo‘ljallangan mazkur inshoot xududida, muz arenasi, mashg‘ulotlar maydoni, bolalar o‘quv-ko‘ngilochar parki, oilaviy dam olish markazlari, amfiteatr, favvorali xiyobonlar, restoran va rekratsion zonalar, bog‘ hamda zamonaviy parkinglar mavjud. Bu kabi sport inshootlarining qurilishi mamlakatda qishki sport turlarina yanada rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi.
Umid qilamizki, bu kabi yaratilayotgan keng imkoniyatlar O‘zbekistonda qishki sport turlarini aholi o‘rtasida yanada ommalashtirib, ular o‘rtasidan ist’dodli sportchilar kamol topadi va mamlakat sharafini yanada dunyo bo‘ylab yuksaltiradi.
O‘g‘iloy ABDUSATTOROVA
O‘zDJTU xalqaro jurnalistika
202 – guruh talabasi
Fikrlar