
“Nasaf” ishtirokidagi uchrashuv birinchi, “Navbahor” beshinchi, “Paxtakor”niki esa oxirgi o‘rinda
2-3 noyabr kunlari Superliganing 24-turi o‘tkazildi. Natijalar bilan saytimiz orqali xabar berib bordik.
Ushbu turda bir qator qiziqarli o‘yinlar, o‘ziga xos qarama-qarshiliklar kuzatildi. Avvalgi tur Pro ligaga tushib ketishi aniq bo‘lgan “Dinamo” Qarshida “Nasaf” bilan kuch sinashdi. “Ajdarlar” 1:0 hisobida zafar quchdi. Mezbonlar “Bunyodkor”ga qarshi bahsdagi kabi yana penaltidan gol ura olmadi. Bu gal Lima Kruz 11 metrdan darvozaga yo‘l topa olmadi. Avvalroq Stanoevichda shunday holat kuzatilgandi.
Ikkinchi o‘ringa joylashib olgan “Paxtakor” Toshkentda “So‘g‘diyona”ni qabul qildi. Aslida markaziy o‘yinlardan biri sifatida qaralishi kutilgan bellashuv mezbonlarning engil g‘alabasi bilan yakunlandi.
“Navbahor” Toshkentda Superliganing oxirgi o‘rinlariga tushib qolgan “Lokomotiv”ga qarshi saf tortdi. Samvel Babayan sobiq jamoasini muhim ochkolardan mosuvo qildi.
AGMK Farg‘onada “Neftchi”dan gol o‘tkazib yuborgach, mezbonlar darvozasini 3 bor o‘qqa tutdi. “Qizilqum” o‘z uyida “Qo‘qon-1912” bilan durang o‘ynadi. “Olimpik” raqobatchilaridan biri “Metallurg”dan turnir jadvalida o‘tib ketdi.
“Bunyodkor” shiddatli kechgan bellashuvda “Surxon”ni ochkosiz qoldirdi. “Qaldirg‘ochlar” bir kishi kam bo‘lib g‘alabaga erishdi.
Endi esa turga oid qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etamiz. Ya’ni an’anamizga sodiq qolgan holda tur muxlislari statistikasi bilan tanishtiramiz.
Bu gal stadionlarimizga jami 11415 tomoshabin tashrif buyurdi. Har bir bellashuvga o‘rtacha 1631ni tashkil qiladi. Avvalgi turda bo‘lgani kabi ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab yomg‘ir yog‘yapti. Shu bois ayrim o‘yinlarga muxlislar kamroq tarif buyurmoqda...
Eng ko‘p muxlis Qashqadaryoda. “Nasaf” – “Dinamo” bahsini 2867 tomoshabin stadiondan kuzatdi. Bu o‘tgan tur bilan solishtirganda 4 barobar kam degani.
Turning yana bir markaziy o‘yini “Lokomotiv” – “Navbahor” qarama-qarshiligini 1255 ishqiboz arenadan kuzatdi. O‘zbekiston Kubogidagi mag‘lubiyatdan so‘ng “lochinlar” muxlislarining ham biroz kayfiyati tushganini ko‘rish mumkin.
Eng kam tomoshabin Toshkentda. “Paxtakor” – “So‘g‘diyona” o‘rtasidagi muhim o‘yinni 483 kishi arenadan kuzatdi xolos. Poytaxt uchun bu yangilik emas.
Quyida Superliganing ushbu turiga tashrif buyurgan muxlislar statistikasi bilan tanishing (muxlislar soni PFL saytidan olindi):
“Nasaf” – “Dinamo” 1:0. 2867 tomoshabin
“Neftchi” – AGMK 1:3. 2350 tomoshabin
“Bunyodkor” – “Surxon” 2:1. 2003 tomoshabin
“Qizilqum” – “Qo‘qon-1912” 1:1. 1620 tomoshabin
“Lokomotiv” – “Navbahor” 0:2. 1255 tomoshabin
“Olimpik” – “Metallurg” 2:1. 837 tomoshabin
“Paxtakor” – “So‘g‘diyona” 2:0. 483 tomoshabin
Fikrlar