"Nasaf" o‘z uyida "Andijon"ga oxirgi marta qachon yutqazgan?

  • 03.03.2023 07:07
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Nihoyat, “Mavsum-2023” ham ostonamizda turibdi. Muxlislar sog‘ingan kunlar yaqin. “Andijon” Superliganing birinchi turida safarda “Nasaf” bilan o‘ynaydi. Yana kuchlilar orasiga qaytgan “Burgutlar”ni oldinda muhim uchrashuv kutyapti.

Ikkala raqib bir-biri uchun eski tanishlar. Ularning chempionatdagi o‘yinlar tarixi 1997 yildan boshlangan. Ilk to‘qnashuvda darvozalar daxlsiz qolgandi. Xullas, shu paytgacha “Nasaf” – “Andijon” jamoalari chempionat doirasida rasmiy ravishda 42 ta o‘yinda maydonga tushishgan. O‘zaro o‘yinlar tarixidagi ustunlik “Nasaf” jamoasida. Chunki ular 27 ta uchrashuvda g‘olib bo‘lgan. “Andijon”ning 6 ta bellashuvda qo‘li baland kelgan. 9 ta uchrashuvda g‘olib aniqlanmagan. To‘plar nisbatiga kelsak, tabiiyki, ko‘proq g‘alaba qozongan “Nasaf” shunga yarasha gol urgan - 94 ta gol. "Andijon" esa raqib darvozasiga 48 ta to‘p kiritgan.

Mazkur klublar oxirgi marta 2021 yili to‘qnash kelishgan. “Nasaf” o‘z uyida 2:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, “Andijon” o‘z maydonida 1:1 hisobida durang o‘ynagan. "Burgutlar" “Nasaf”ni oxirgi bor 2019 yilgi mavsumda mag‘lub etgan. O‘shanda Andijondagi bahsda 3:1 hisobida g‘alaba qozongan. 

Statistikaga qaraydigan bo‘lsak, “Andijon” Qarshida oxirgi bor 2007 yilda ochko bilan qaytgan. O‘shanda ”Nasaf” maydonidagi uchrashuvda jangovar durang qayd etilgan – 4:4. Shuningdek, 1999 yilda “Andijon” safarda ushbu raqibi ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozongan.

Eslatib o‘tamiz, "Nasaf" - "Andijon" uchrashuvida Qarshidagi "Markaziy" stadionda soat 16:30 da boshlanadi.

“Andijon” matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!