
"Nasaf"da "dux" yo‘q?!
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir mutaxassisning fikriga ko‘zim tushib qoldi. Unda yozilishicha, Qarshining "Nasaf" jamoasida "dux" yo‘q ekan. Hozir shu mavzuga atroflicha to‘xtalish uchun juda qulay fursat...
Kecha OChL guruh bosqichidan o‘rin egallagan "Nasaf" - "Al-Vehdat" bahsi "ajdarlar"ning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘yini tomosha qilar ekanman, "dux"i yo‘q jamoa shumi deb o‘ylanib qoldim. "So‘nggi 20 yil ichida O‘zbekistonda birinchi raqamli bo‘lishni uddalay olmagan"i iddao qilingan jamoa Osiyo chempionlar ligasida 4-ochkosini qo‘lga kiritdi. Balki, bu birinchi turdagi "Al-Sadd" bilan o‘yindagi ehtiyotkor taktika fonida hissiyot bilan yozilgan fikrdir, ammo Berdiev ham kecha futbolga kirgan odam emas.
Asosiy qurol mayda pas va kombinatsiyalar bo‘lgan qatarliklarga qarshi 3 ta markaziy himoyachi bilan to‘p surishga qaror qildi. Oldinda esa, mobilroq bo‘lgan Norchaevdan ko‘ra, "taran" forvard Semir Smaylagichni tanladi. Buning uchun uni qo‘rqoqlikda ayblash qay darajada to‘g‘ri? Har holda, tarkib, nom va moddiy tomondan o‘zidan ancha kuchli bo‘lgan "Al-Sadd"ga qarshi bundan ortiq qanday sxemani qo‘llash mumkin edi?
Birinchi qizil kartochkadan so‘ng Berdiev jamoa o‘rgangan 4 himoyachilik sxemaga o‘tishni istamadi, tavakkal qilgisi kelmadi. Yakunda bu qaror o‘zini oqladi. Qarshiliklar to‘p nazoratini qo‘liga olib, tempni o‘zi belgilashni boshladi. Ikkinchi chetlatish esa, Berdievni o‘ylantirib qo‘ygani rost. Tabloda 1:1 hisobi yonib turgan paytda, murabbiy o‘z rejalarini o‘zgartirishni boshladi. Zaxiradan yangi kuchlarni maydonga tushirib, 3-6-1ni (Alibek Davronov deyarli markaziy himoyada o‘ynadi. Muhiddinov uning qanotidan hujumga o‘tib, Alibekni ko‘proq himoyaga e’tibor qaratishi uchun imkoniyat yaratdi) 4-3-3ga o‘zgartirdi, ammo futbolchilar unga moslashishga ulgurgani yo‘q. Natijada, 2 kishi ko‘p bo‘lib harakat qilgan "Nasaf" minimal hisobdagi durangga imzo chekdi Shu o‘rinda adolatli savol tug‘iladi, "ajdarlar" nima uchun o‘yinni ikki kishi ko‘p bo‘lib tugatdi? Bunday ustunlikni ta’minlash uchun yigitlar maydonda ko‘proq pressing qilgani, har bir epizodda oxirigacha kurash olib borgani hech kimning hayoliga kelgani yo‘q. Barcha, jamoa ustunlikdan foydalana olmaganini pesh qildi. Vaholanki, o‘sha ustunlikni maydonda "ajdarlar"ning o‘zi yaratmadimi? Yoki "Al-Sadd" o‘yinni 9 kishi bo‘lib boshlaganmidi?
"Al-Vehdat"ga qarshi o‘yinda Berdiev 4-3-3ning original versiyasini qo‘lladi. Qanot himoyachilarini kengroq joylashtirib, ochiq futbol o‘ynadi. Ikkinchi taymda o‘zgarishlarni "topdi" va bahsda burilish yasadi. Yigitlar 90 daqiqa davomida intensiv futbol namoyish etishga urindi.
O‘z vaqtida darvozabon ham jamoasini qo‘llab yubordi. Bir so‘z bilan aytganda, yaxlit mashinaga aylangan "Nasaf" raqibni taslim etdi. O‘z ismini sir qolishini istagan mutaxassis qarshiliklarni o‘z kuchiga ishonmaslikda ayblagani meni hayron qoldirdi. Qanday qilib OChLga saralash orqali mehmonda o‘zidan har jabhada ustun bo‘lgan "Baniyas"ni tiz cho‘ktirib tashrif buyurgan klub haqida bunday o‘yga borish mumkin? Qanday qilib bir necha oylab maosh olmasada, maydonga bor kuchini tashlab chiqib ketadigan o‘zimizning yigitlarni ruhan kuchsiz deb o‘ylash mumkin? O‘zi uchun o‘zi OChLga yo‘l ochgan, boshqa bir o‘zbek jamoasiga xalqaro maydonni "sovg‘a qilgan" "Nasaf"ni qanday qilib kuchsizlikda ayblash mumkin? Aslida, og‘ir kunlarda ham o‘z kuchiga ishonchini yo‘qotmaganlar kuchli shaxs sanalmaydimi? Bilmadim, balki o‘lchovlarimiz turlichadir...
20 yildan beri O‘zbekistonda birinchi raqamli bo‘la olmagan jamoaning boshqa natijalariga ham ko‘z tashlab qo‘yish lozim. Superkubok va O‘zbekiston kuboklaridagi g‘alabalar o‘z yo‘liga, ammo xalqaro maydondagi O‘zbek klublarining 30 yildan beri yagona bo‘lib turgan sovrini ham "Nasaf" muzeyida turganini qanday unutib qo‘yish mumkin. Mayli, bu OChL bosh sovrini emasdir, ammo o‘sha davrdagi "Nasaf" o‘z bo‘yidan baland sakray olgani fakt. Uni inkor etishga hech kimning haqqi yo‘q. Mayli, bugungi 3 ochko ham o‘z yo‘liga. G‘alaba va mag‘lubiyat doimo yonma-yon bo‘lgan. Futbolda eng muhimi - darajani ushlab qolish. Hozircha, "Nasaf" O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritmagan bo‘lsada, allaqachon brendga aylanib bo‘ldi. Bu brendga millionlab dollarlar sarflanmadi. Uning zamirida boriga shukur qilishga o‘rgangan insonlarning mehnati yotadi. Ayni damda "Paxtakor" singari xalq jamoasiga aylanib bo‘lgan "Nasaf"ni "dux" yo‘qligida ayblashdan oldin, biroz do‘ppini qo‘lga olib o‘ylab ko‘rish kerak. Har holda, hozir Saudiya Arabistonida biz emas, ular millat sharafini himoya qilishmoqda.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar
SPORTS.UZ adminlari O'zbekiston superligasini TURNIR JADVALINI to'grilab qo'yinglar NASAF FC 2 ochko bn 12-o'rinda emas, 5 ochko bn 7-o'rinda joylashgan
SPORTS.UZ adminlari O'zbekiston superligasini TURNIR JADVALINI to'grilab qo'yinglar NASAF FC 2 ochko bn 12-o'rinda emas, 5 ochko bn 7-o'rinda joylashgan
SPORTS.UZ adminlari O'zbekiston superligasini TURNIR JADVALINI to'grilab qo'yinglar NASAF FC 2 ochko bn 12-o'rinda emas, 5 ochko bn 7-o'rinda joylashgan
Nasafda dux yo'q degan shaxs qopqoqni yepti!