"Navbahor" ham to‘xtata olmasdi..."

  • 5 oktabr, 2021, 19:36
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ma’lumki, “Surxon” klubi 3 oktyabr kuni o‘z maydonida “Navbahor”ni qabul qilib 1:0 hisobida g‘alaba qozondi va shu tariqa, hisobiga o‘ta qimmatli ochkolarni yozdirib qo‘ydi.

Tecno

Hujumchi Murod Bobojonovning yagona goli termizliklarga Superligada qolish yo‘lidagi kurashda o‘ta muhim g‘alabani taqdim etdi. Ushbu futbolchi Sports.uz uchun taassurotlarini quyidagicha bildirdi.

“Surxon” “Navbahor”ni nimaning evaziga engdi?

- “Navbahor”ga qarshi o‘yindan oldin hammasini bilib turgandik. Ayniqsa, yana yutqazib qo‘ysak, bizga ancha qiyin bo‘lib qolardi. Barchasini yaxshi tushungan holda, shunga yarasha jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Futbolchilarimizning g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi ham baland bo‘ldi. O‘yin jangovar tarzda kechdi. Har ikkala jamoa ham maydonda bor kuchini sarfladi. “Surxon”da ham, “Navbahor”da ham vaziyatlar bo‘ldi. Lekin biz to‘p bilan ko‘proq muomala qildik. Omadimiz keldi va yaratgan imkoniyatni golga aylantira oldik. “Navbahor” kuchli jamoa, tarkibi ham yaxshi yig‘ilgan. Lekin bu narsa bizni to‘xtata olmasdi. Chunki jamoamizga faqat g‘alaba kerak edi. Yigitlarimizning ishtiyoqi nihoyatda baland edi. Asosiy tarkibdagi yigitlar va zaxiradan tushganlar ham bor kuchini berib o‘ynadi. Jamoamizning ishtiyoqini hech nima to‘xtata olmasdi, “Navbahor” ham.

bobojonov4

Bobojonov o‘yin taqdirini hal qiluvchi golga mualliflik qilishini bilarmidi?

- Mening golim yagona bo‘lishini o‘ylamagandim. Lekin gol urish uchun juda harakat qildim. Xohishim juda yuqori edi. Ammo uchrashuvdan oldin yagona golni urishimni yoki boshqasini o‘ylamagandim. Shunchaki, maydonga tushganimda raqib darvozasini ishg‘ol etishga intildim. Axir hujumchining vazifasi gol urish-ku.

bobojonov3

Uning gollari nega kam?

- Gollarimning kamligiga sababmi? Bilmadim. Hozircha ikkita gol urdim. Ammo har o‘yinda menda imkoniyat bo‘ladi. Asosiy tarkibda tushamanmi yoki zaxiradanmi, albatta vaziyatlarga ega bo‘laman. Bu yil “Surxon”ga o‘zi nimadir etishmayapti-da. Ishtiyoq doim kuchli bo‘ladi-yu, biroq vaziyat o‘xshamay qoladi. Lekin gol ura olmasam, tushkunlikka tushib qolmayman, hammasi Xudodan. Ha, menda 100 foizli imkoniyatlar ham bo‘ldi. Ular ham darvozaga kirmadi. “Turon” bilan o‘ynagandik. O‘shanda 7 metrdan tepdim. To‘p darvozabondan o‘tdi, ammo himoyachi qutqarib qoldi. Xudoga shukrki, “Navbahor”ga qarshi bahsda gol ura oldim. Qolgan oltita uchrashuvda ham gol urishga harakat qilaman. Boshida ura olmagan gollarim balki oxirlariga qolgandir.

bobojonov2

“Surxon”ning g‘alabasi sensatsiyami?

- “Surxon”ning “Navbahor”ni yutmaganiga 18 yil bo‘libdi. Shuning uchun bu g‘alaba sensatsiya, deb o‘ylayman. O‘zimizga ham yaxshi bo‘ldi va turnir jadvalida bir pog‘ona yuqoriladik. Biz uchun oltinga teng ochkolar edi. 18 yillik g‘alabasiz seriyani to‘xtatdik.

bobojonov

Superligada qolish imkoniyatlari qanday?

- Chempionat qizg‘in pallaga kirdi. “Turon”ga ham, “Andijon”ga ham va bizga ham g‘alabalar suv va havodek zarur. Oldimizda “Metallurg” bilan “Mash’al” bor. Yuqori o‘rinlarga chiqib olish uchun imkoniyatimiz saqlanib turibdi. Har bir ochko uchun jiddiy kurash bo‘ladi. Turnir jadvaliga qarasak, uning tepasida ham, pastki qismida ham juda jangovar o‘yinlar kutyapti. Jamoalar bir-biriga yaqin. Biz raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z o‘yinimizni yuqori darajada o‘tkazishga harakat qilamiz.

bobojonov6

“Turon” bilan bahs oldidan

- FIFA kunlari munosabati bilan biroz dam berilgan. Ertadan mashg‘ulotlarga kirishamiz. “Turon”ga qarshi uchrashuvga jiddiy tayyorlanamiz. “Navbahor” ustidan qozonilgan g‘alaba ham bizga katta ishtiyoq berdi. Biz navbatdagi uchrashuvga yanada kuchliroq bo‘lib boramiz. Shunday ekan, “Turon” bilan uchrashuvga faqat g‘alaba uchun yo‘l olamiz.

bobojonov5

Jamoa a’zolarining diskvalifikatsiyasi futbolchilarga ta’sir qilyaptimi?

- Mana, “Navbahor”ga qarshi o‘yinni ko‘rdingiz-ku, jamoamizga hech qanday ta’siri yo‘q. O‘yinimizga hech nima ta’sir qilmaydi. Qolgani rahbariyatning ishi, biz bunga aralashmaymiz. Jamoamizda muhit yaxshi.   

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!