
"Navbahor" klubining mag‘lubiyatida kim aybdor?
Coca Cola Superligasining 20-turidan o‘rin olgan “So‘g‘diyona” – “Navbahor” (1:0) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida “Navbahor” murabbiyi No‘’mon Hasanov ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
– Uchrashuvning birinchi bo‘limida har ikki jamoa ham bir-biriga munosib o‘yin namoyish etdi va ko‘plab vaziyatlardan unumli foydalana olmadik. Tanaffusdan keyin esa 14 kishiga qarshi o‘ynadik, desak ham bo‘ladi. O‘zi hakamlar haqida umuman gapirmasdim. Lekin bugungi o‘yindan keyin shunga majburman.
Nimalar yuz berganini barcha ko‘rib turibdi-ku! Kiyim almashtirish xonasiga kirdim, ba’zi futbolchilar yig‘lab, yigitlar xafa bo‘lib o‘tirishibdi. Bunday futbolni biz ko‘tara olmaymiz. Bugungi uchrashuvga futbolchilarni nega tayyorladim? Ikkinchi bo‘limdagi mana shu qarorlar uchunmi? Raqib futbolchisiga yaqqol qizil kartochka berilmadi. Ikkinchi bo‘limning boshlanishidan hakamlar g‘alati ishlashdi, bosh hakam yosh bo‘lgani uchun o‘zini yo‘qotib qo‘ydi, shekilli.
O‘tgan turda ham o‘z maydonimizdagi bahsda “Metallurg” futbolchisining qo‘liga to‘p tegdi va o‘sha vaziyatda bekobodliklar darvozasiga 11 metrli jarima zarbasi belgilanishi kerak edi. Agar o‘shanda penalti belgilanganida, “Navbahor” g‘alaba qozongan bo‘lardi. Ammo o‘shanda hakamlar borasida hech qanday fikr bilmadim. Vaziyatni hattoki, televizorda ham muhokama qilishmadi. O‘zim ham futbolchi bo‘lganman, lekin bunaqasini hali ko‘rmaganman.
- So‘nggi 4ta turni neytral maydonlarda o‘tkazish borasida nima deya olasiz?
- Birinchi davradagi so‘nggi to‘rtta o‘yin markazlashgan holda o‘tkazildi. Shu tarafdan olib qaraganda, oxirgi to‘rtta turni neytral maydonlarda bo‘lib o‘tishi menimcha, adolatli qaror. Bunga barcha jamoalar rozilik bildiradi. To‘g‘ri, o‘z maydonimizdagi o‘yinlarni Namanganda o‘tkazsak yaxshi bo‘lardi.
- Bahsli vaziyat bo‘lganida hakamlarga qanday e’tiroz bildirdingiz?
- O‘sha vaziyatda uchrashuv bosh hakamidan nega qizil kartochka berilmaganini so‘radim. Sababi, raqib futbolchisi kelib, Ehsoniga boshi bilan zarba berdi. Bunday holat uchun esa qizil kartochka ko‘rsatilishi shart. Mazkur holatni bosh hakam ham, qanot hakami ham ko‘rdi. Ammo negadir mezbonlar a’zosi maydondan chetlatilmadi. Hayronman.
- Ivan Solovyov va Islombek Isoqjonov nima uchun bugungi uchrashuv qaydnomasidan joy olishmadi?
- Ushbu futbolchilar o‘tgan turdagi “Metallurg” bilan bo‘lgan o‘yinda jarohat olishdi. Shifokorlar bilan maslahatlashib, ularga dam berishga qaror qildim. Bu futbolchilar Jizzaxga ham kelishmadi. Menimcha, to‘g‘ri qaror qabul qildim, deb o‘ylayman. Sababi, oldinda “Bunyodkor” bilan bellashuv ham bor. Nasib qilsa, ular tarkibga qo‘shiladi. Hali mavsum tugagani yo‘q. Oldinda Superliga va O‘zbekiston kubogi bahslari bor.
G‘alaba uchun maydonga tushgandik va yigitlar yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. Biroq, afsuski, kimlarningdir aybi bilan yutqazib qo‘ydik.
Fikrlar