
“Navbahor” muxlislaridan tashqari boshqalarga o‘zbek futboli qiziq emasmi? Yoxud yomg‘ir ta’sir qilgan Superliga!
24-26 oktyabr kunlari Superliganing 23-turi o‘tkazildi. Natijalar bilan saytimiz orqali xabar berib bordik.
Ushbu turda bir qator qiziqarli o‘yinlar, o‘ziga xos qarama-qarshiliklar kuzatildi. Birinchi o‘rinda borayotgan “Nasaf” Qarshida “Bunyodkor” bilan durang o‘ynadi. Oxirgi daqiqalarda Berdiev shogirdlari penaltidan gol ura olmadi. Agar Stanoevich 11 metrdan to‘pni darvozaga yo‘llay olganda, “ajdarlar” eng muhim g‘alabalardan birini qo‘lga kiritgan bo‘lardi.
“Nasaf” bilan bir vaqtda “Navbahor” ham ochko yo‘qotda. “Lochinlar” o‘z uyida durang qayd etdi. Samvel Babayan jamoasi Namanganda faqatgina standartdan urilgan gol evaziga mag‘lubiyatdan qutilib qoldi. Aks holda “Olimpik” 3 ochko bilan ortga qaytardi.
Kuchli uchlikda borayotgan “Paxtakor” Toshkent derbisida “Lokomotiv”ni taslim etdi. Ushbu mag‘lubiyat “temiryo‘lchilar”ning ahvolini yanada og‘irlashtirdi. “Sherlar” esa ikki etakchining qoqilishidan foydalanib, 2-pog‘onaga ko‘tarildi. Oradagi farq ancha qisqardi.
Stabillik etishmayotgan “Metallurg” yaxshigina yuqorilashga erishib, xavfli hududni tark etgan “Neftchi”ni engdi. “Surxon” kutilmaganda “Qizilqum”ni 2:0 hisobida taslim etdi. Hamidjon Aktamov ishlayotgan “Surxon” ushbu mutaxassisga begona bo‘lgan jamoani mag‘lubiyatga uchratdi.
“Qo‘qon-1912” nihoyat, muxlislari uzoq kutgan g‘alabaga erishdi. Davron Fayziev shogirdlari duranglar seriyasi va mag‘lubiyatdan so‘ng Yaypanda oxirgi daqiqalarda “So‘g‘diyona”ni uyiga boshi egik holda ketishiga sababchi bo‘ldi. Jizzaxliklarga nimalar bo‘layotganini Ulug‘bek Baqoev ham tushunmayotgan bo‘lsa ajab emas.
“Dinamo” – Pro ligada. Samarqandliklar AGMKdan yirik hisobda mag‘lubiyatni qabul qilib olgach, Superligani rasman tark etdi. Jamoaga Vadim Abramov ham yordam bera olmadi.
Endi esa turga oid qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etamiz. Ya’ni an’anamizga sodiq qolgan holda tur muxlislari statistikasi bilan tanishtiramiz.
Bu gal stadionlarimizga jami 16973 tomoshabin tashrif buyurdi. Har bir bellashuvga o‘rtacha 2425ni tashkil qiladi. To‘g‘ri, ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab yomg‘irli ob-havo hukm surmoqda. Lekin turnir jadvali yuqorisi va quyi qismida borayotganlarni qo‘llab-quvvatlash uchun aslida bundan ancha ko‘proq muxlis kelishi kerak. Ayniqsa, Qashqadaryoda. Chunki mavsum yakunlanib borayotganda “Nasaf” birinchi o‘rinda bormoqda va o‘z tarixidagi ilk chempionlikni rasmiylashtirishi mumkin...
Eng ko‘p muxlis Namanganda. “Navbahor” – “Olimpik” bahsini 8424 tomoshabin stadiondan kuzatdi. Bu ushbu turdagi muxlislar statistikasidagi raqamlarning yarmini tashkil etadi. Qolgan 6 uchrashuvga deyarli shuncha tomoshabin kelgan.
Turning yana bir markaziy o‘yini “Nasaf” – “Bunyodkor” qarama-qarshiligini 3227 ishqiboz arenadan kuzatdi. E’tiborlisi, “Metallurg” – “Neftchi” bahsiga ham deyarli shuncha ishqiboz tashrif buyurgan. Birinchi o‘rindagi va o‘rtamiyona jamoalar to‘qnashuviga bo‘lgan qiziqishning farqi yo‘qdek.
Eng kam tomoshabin Toshkentda. “Paxtakor” va “Lokomotiv” o‘rtasidagi Toshkent derbisi 311 kishiga kerak ekan xolos. Bunga ortiqcha to‘xtalishning hojati yo‘q. Doimgi gap: poytaxt va Toshkent viloyati uchun aslida bunday ko‘rsatkich yangilik emas!
Quyida Superliganing ushbu turiga tashrif buyurgan muxlislar statistikasi bilan tanishing (muxlislar soni PFL saytidan olindi):
“Navbahor” – “Olimpik” 1:1. 8424 tomoshabin
“Nasaf” – “Bunyodkor” 1:1. 3227 tomoshabin
“Metallurg” – “Neftchi” 1:0. 3221 tomoshabin
“Qo‘qon-1912” – “So‘g‘diyona” 2:1. 895 tomoshabin
AGMK – “Dinamo” 4:0. 544 tomoshabin
“Surxon” – “Qizilqum” 2:0. 351 tomoshabin
“Paxtakor” – “Lokomotiv” 2:0. 311 tomoshabin
Fikrlar