
“Navbahor”da yig‘ilish o‘tkazildi. Jamoaning strategiyasi o‘zgaradi. Endi klubga Odil Ahmedov yordam beradi
Namangan viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Shavkatjon Abdurazzoqov “Markaziy” o‘yingohda klub rahbariyati, jamoa murabbiylar shtabi va futbolchilari, jamoa muxlislari bilan uchrashdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkatjon Abdurazzoqov tadbir davomida viloyat hokimi lavozimiga tayinlanganidan so‘ng, bu “Navbahor” jamoasi bilan ilk uchrashuvi ekanini ta’kidlab o‘tdi.
– Garchi tarkib bo‘yicha Superliganing uncha-buncha jamoasidan qolishmasak, mahoratli va tajribali futbolchilarga ega bo‘lsak-da, “Navbahor” oxirgi 9 o‘yindan buyon g‘alaba qozona olmayapti. Joriy mavsum boshida jamoaning oldiga Osiyo Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgandi. Biroq jamoa ko‘p ochko yo‘qotdi.
Biz “Navbahor”ni yuksaltirish, jamoaning sovrindorlar safidan joy olishi, OChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi uchun ko‘p harakat qildik. Lekin bu kutilgan samarani bermadi. Endi “Navbahor”ning strategiyasi o‘zgaradi va asosiy e’tibor yoshlarga qaratiladi.
Kelasi yildan jamoa sharafini asosan mahalliy yoshlar himoya qiladi. Biz namanganlik iqtidorli, yosh futbolchilarni qo‘llab-quvvatlaymiz, investitsiyani mahalliy yosh, iqtidorli futbolchilarni etishtirib chiqarish uchun yo‘naltiramiz.
Shuningdek, Namanganimizning faxri bo‘lgan taniqli futbolchi Odil Ahmedov bilan hamkorlik qilamiz. U jamoa uchun qo‘lidan kelganicha yordam berishga tayyor.
Namangandagi barcha futbol maktablari va akademiyalari endi “Navbahor” tasarrufiga o‘tadi. Ushbu ta’lim maskanlaridagi barcha futbolchilar, eng avvalo, “Navbahor” bilan shartnoma imzolaydi.
Shuningdek, muxlislarga ham shuni eslatmoqchimanki, muxlis reglament va qoidalarga asosan muxlislik qilishi, jamoaning ichki ishlariga umuman aralashmasligi lozim. Bundan buyon muxlislik qoidalarini buzganlar “qora ro‘yxat”ga olinadi hamda umuman stadionga kiritilmaydi.
Men ham yoshligimda futbolga qatnaganman hamda futbolni juda yaxshi tushunaman. Futbolchi ham inson, ayrim vaziyatlarda adashadi. Shunday holatlarda o‘yinchini himoya qilish o‘rniga ayrim muxlislar uni haqorat qiladi. Bu esa futbolchiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Aksincha, futbolchini qo‘llab-quvvatlash, sen eng yaxshi o‘yinchisan, deya ko‘nglini ko‘tarish lozim. Shunda u yanada ruhlanib, o‘yini “ochiladi”, – dedi Shavkatjon Abdurazzoqov.
Shundan so‘ng, “Navbahor” klubi rahbariyatida o‘zgarish yuz berganligi e’lon qilinib, Otabek Samatov “Navbahor” PFK vitse-prezidenti sifatida tanishtirildi.
Fikrlar