"Neftchi" va "Nasaf"ning "taxt" uchun kurashi avjiga chiqmoqda yoxud bugun Superligada navbatdagi turga start beriladi

  • 30 oktabr, 14:34
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun Superligada 27-tur boshlanadi. Hammaning e’tibori chempionlik uchun kurashda “Neftchi” va “Nasaf”ga qaratilgan. Bu turda peshqadam o‘zgaradimi yoki “Neftchi” bunga yo‘l qo‘ymaydimi?

Tecno

30 oktyabr

18:30. “Dinamo” - “Xorazm”

Vadim Abramov jamoasi bu safar “Xorazm”ni qabul qiladi. Garchi “Xorazm” musobaqa jadvalida 14-o‘rinda bo‘lsa-da, ular istalgan jamoa uchun jiddiy raqibga aylana oladi va shu jumladan “Dinamo”ga ham. O‘tgan turdagi mag‘lubiyatdan keyin samarqandliklar medallar uchun kurashdagi imkoniyatini biroz pasaytirdi. “Xorazm”ga pley-offdan qochish uchun albatta g‘alaba zarur. Qolganini o‘yinda ko‘ramiz.

18:30. “Navbahor” - “Nasaf”

Ikkala jamoada o‘ziga yarasha bosim bor. “Navbahor”da muammolar mavjud. “Nasaf” chempionlik uchun kurashda o‘tgan turda Olmaliqda OKMK bilan durang o‘ynab, “Neftchi”ni peshqadamga aylantirib qo‘ydi. “Ajdarlar”ga chempionlikni himoya qilish yo‘lida g‘alaba suv va havodek zarur. Bu uchrashuvga ruhiy tomondan yaxshiroq tayyorlangan jamoa g‘alabani ilib ketadi. Namanganliklarda moliyaviy muammolar borligi haqida ko‘pchilik gapirmoqda. Sherzod Jo‘raev jamoasi qarshisida “Nasaf” turarkan, tabiiyki, og‘ir o‘yin kutmoqda.

31 oktyabr

18:30. “Sho‘rtan” - OKMK

12 ochko bilan oxirgi o‘ringa “mixlanib” qolgan “Sho‘rtan” bu turda o‘z maydonida Mirjalol Qosimov boshchiligidagi OKMK jamoasini qabul qiladi. Favorit albatta OKMK klubi. Asror Aliqulov jamoasida ruhiy tushkunlik bor va ularni ligada qolishiga hech kim ishonmayapti. OKMKga qarshi bahsda “Sho‘rtan” bosimdan holi o‘ynaydi. Qosimov jamoasi raqibni kuchini to‘g‘ri taqsimlab, kuchiga to‘g‘ri baho bersa, G‘uzordan uch ochko bilan qaytadi.

1 noyabr

17:00. “Andijon” - “Buxoro”

“Bobur arena”da O‘zbekiston Kubogi finalida “Paxtakor”ga 1:0 hisobida yutqazgan “Buxoro” yana Andijonda qoldi. 1 noyabr kuni Aleksandr Xomyakov sobiq klubi - “Andijon”ga qarshi maydonga tushadi. Ikkala jamoani turnir jadvalidagi holati qoniqarli emas. “Bobur arena”da muxlislar yana jang ko‘rishadi. “Andijon”ga ham, “Buxoro”ga ham faqat g‘alaba kerak. Bu o‘yinni kuzatish ancha qiziq kechadi.

2 noyabr

15:00. “Neftchi” - “Surxon”

Peshqadamga aylanib olgan “Neftchi” “Surxon”ni yutishga majbur. Bu yo‘lda farg‘onaliklarda bosim bo‘lishi tabiiy. Termizliklar kuchli raqibga qanchalik qarshilik ko‘rsata olarkin? Chempionlik uchun kurashda “Surxon” “Neftchi”dan ochko tortib olib “Nasaf”ni xursand qiladimi? Vitaliy Levchenko jamoasi navbatdagi finalga xos o‘yinni o‘tkazadi.

15:00. “So‘g‘diyona” - “Qizilqum”

Turnir jadvalida yonma-yon borayotgan bu jamoalar ishtirokidagi bahsda imkoniyatlar mutlaqo teng. “So‘g‘diyona” hujumkor o‘yin namoyish qiladi. “Qizilqum” qarshi hujumda raqibni jazolash payida bo‘lsa kerak. Har holda ochiq o‘yin namoyish qilish ancha tavakkal ish hisoblanadi.

17:15. “Mash’al” - “Qo‘qon-1912”

“Sho‘rtan”dan bir pog‘ona oldidan borayotgan “Mash’al” 10-o‘rinda borayotgan “Qo‘qon-1912”ni qabul qiladi. Muborakliklar o‘z uyida o‘tadigan ushbu o‘yinda g‘alaba qozonish imkoniyatini qo‘ldan chiqarib yubormaslik uchun bor kuchini ishga solishi turgan gap. Lekin imkoniyatlar jamoalarda bir xil. “Mash’al”ga barqarorlik etishmayotgani egallab turgan o‘rnidan ma’lum. Qo‘qonliklar esa oxirgi paytlarda muxlislarini xursand qilyapti.

3 noyabr

18:30. “Paxtakor” - “Bunyodkor”

27-tur Toshkent derbisi bilan yakuniga etadi. O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritgan “Paxtakor” medallar uchun kurashda “Bunyodkor”ni qabul qiladi. O‘ziga yarasha qiziqarli o‘yin bo‘ladi va turning markaziy to‘qnashuvi sifatida ham baholanmoqda. “Paxtakor”da motivatsiya etarli, “Bunyodkor”da ham bu borada kam emas. Ushbu uchrashuvda murabbiylarning qo‘llaydigan taktikasiga ko‘p narsa bog‘liq.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!