"Neftchi" xalqaro o‘rtoqlik o‘yinida g‘alaba qozondi
Superliga chempionatida yuzaga kelgan kichik tanaffus paytida “Neftchi” bugun navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvida Qirg‘iz Respublikasi vakili O‘shning "Alay" klubini qabul qildi.
Birinchi bo‘limga to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘yinda tashabbusga ega bo‘lgan vakillarimiz ancha faol harakatlandi va ko‘pgina golli vaziyatlarni yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin stadionda to‘plangan muxlislar birinchi bo‘limda faqat bitta gol guvohiga aylandilar. 21-daqiqada o‘ng qanotdan chiroyli dribling namoyish etgan legioner Mixay Roman qulay vaziyatda bo‘lgan Mirzohid G‘ofurovga to‘pni oshirdi va futbolchimiz aniq zarba bilan darvozani ishg‘ol etdi - 1:0.
Ikkinchi bo‘limda “Neftchi” murabbiylari katta o‘zgarishlarni amalga oshirdi va maydonga asosan yosh futbolchilarni tushirishga qaror qildilar. Ikkinchi bo‘limning ilk daqiqasidayoq hujumga o‘tgan vakillarimiz tezkor gol kiritishdi. Bu vaziyatda chap qanotdan katta tezlikda jarima maydonchasi ichiga kirib kelgan Xurshid Muxtorovning uzatmasi Doniyor Valievga kelib tushdi va u osonlikcha ikkinchi to‘pni kiritishga muyassar bo‘ldi 2:0. Qolgan daqiqalarda tashabbus mezbonlar tomonida bo‘lishiga qaramay, darvozalarga boshqa to‘p kiritilmadi.
“Neftchi” – “Alay” – 2:0
Gollar: Mirzohid G‘ofurov, 21 - 1:0. Doniyor Valiev, 46 - 2:0.
"Neftchi": Sanjar Quvvatov, Xurshid Muxtorov, Boyan Tsiger, Jaloliddin Jumaboev, Mirzohid G‘ofurov, Abbos G‘ulomov, Javohir Qaxramonov, G‘ulomhaylar G‘ulomov, Sanjar Qodirqulov, Mixay Roman, Bilolhon Toshmirzaev.
Ikkinchi bo‘limda maydonga tushganlar: Muxsin Ubaydullaev, Anvar G‘ofurov, Doniyor Valiev, Ketelin Karp, Diyor Turopov, Shoxruz Norxonov, Bexruz Oblakulov, Shoxruh Yoqubjonov, Muhammadali Xolmatov.



Fikrlar