
"Neftchi"ning peshqadamligi kutilgan natija, albatta..."
Farg‘onaning “Neftchi” klubi joriy chempionatni qanday boshlaganini yaxshi bilsangiz kerak. Jamoa 3 ta uchrashuvda 3 ta g‘alaba qozondi va yo‘qotishlarsiz odimlamoqda. Shu boisdan hozir haqli tarzda musobaqa jadvalida peshqadamlik qilyapti.
Zominda “So‘g‘diyona”ga qarshi bahsda farg‘onaliklar 0:2 hisobida navbatdagi g‘alabasini tantana qildilar. Ushbu uchrashuvda Nurillo To‘xtasinov “Neftchi”dagi ilk golini kiritishga erishdi.
- “Neftchi” 3 ta turda 100 foizli natija qayd etdi. Balki bunday startni kutmaganlar bordir, lekin siz bunga qanchalik ishongandingiz?
- Ha, chempionat startini yaxshi boshlab olish hamisha muhim. Shuning uchun biz ham maksimal natija ko‘rsatishga harakat qilyapmiz. Omadimiz kelyapti va ahil-inoq bo‘lib ushbu natijalarga erishyapmiz.
- “So‘g‘diyona”ga qarshi bellashuvda gol urdingiz va “Neftchi”ning g‘alabasiga yordam berdingiz. Bu muvaffaqiyatga erishish og‘ir kechdimi?
- Gol urish doim yoqimli. Men o‘z gollarim bilan jamoam g‘alabasiga hissa qo‘shayotganimdan albatta xursandman. Chempionatda oson o‘yinlarning o‘zi yo‘q. “So‘g‘diyona” bilan uchrashuvda o‘z imkoniyatlarimizdan foydalandik va g‘alaba qozondik.
- Bir qator murabbiylar bilan birga ishlagansiz. Bu yil Vitaliy Levchenko bilansiz. Uning avvalgi murabbiylardan farqli tomonlari nimada?
- Hammma murabbiyni o‘z o‘yin uslubi va talablari bor. Vitaliy Levchenkoning menga yoqqan tarafi shuki, barcha futbolchilarga bemalol o‘ynash uchun imkon beradi.
- Vaziyatga real qaraganda, “Neftchi”ning dastlabki 3 ta turdan keyin jamoaning 1-o‘rinda turishini o‘ylaganmidingiz?
- Ha, biz yutishimizga ishondim. Chunki Turkiyadagi yig‘inlar yaxshi o‘tgandi. Shu bois g‘alabamizga shubham yo‘q edi.
- Farg‘onada “Paxtakor” mag‘lub etildi. O‘sha g‘alabadan keyin “Neftchi” chindan ham bu yil favoritlar qatorida ekaniga qanchalik ishondinglar?
- Safardagi g‘alabamizga uydagi g‘alabadan keyin ishonchimiz ortib bormoqda. Hech qaysi uchrashuv oson bo‘lgani yo‘q. Yaxshi tayyorgarlik ko‘rganimiz sababli natija bo‘lyapti.
- Chempionat oldidan rahbariyat tarafidan aniq maqsad qo‘yilganmi?
- Ha, albatta qo‘yilgan. Xudo xohlasa medallarga harakat qilamiz.
- Superligada kutilgan va kutilmagan natijalar boshlandi, desak bo‘laveradi. “Neftchi”ning hozir peshqadamlik qilayotgani kutilgan holatmi yoki...
- Bu kutilgan natija, albatta.
- Jamoa keyingi turda Farg‘onada OKMKni qabul qiladi va bo‘lajak bahsga “Neftchi” Toshkentda tayyorlanmoqda. Oldinda turgan uchrashuv haqida nimalarni ayta olasiz?
- Xudo xohlasa, OKMK klubiga qarshi astoydil tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Yaxshi o‘yin bo‘ladi. Farg‘onada muxlislarimizni xursand qilamiz, degan umiddamiz.
- Oldin to‘p surgan jamoalaringizga nisbatan “Neftchi” nimasi bilan farq qilyapti?
- 3 ta jamoada to‘p surgan bo‘lsam, deyarli barchasida sharoitlari bir xil.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar