Neymar qay birini tanlaydi?!
Braziliyalik futbolchi yana EChLning eng muhim pallasida jarohat oldi va «Barselona»ga qarshi pley-offning ilk uchrashuvini o‘tkazib yubordi. To‘g‘ri, shifokorlar uni javob uchrashuviga qadar tiklanishi haqida fikr bildirmoqda, ammo bunga ishonish mushkul. Vaholanki, Neymar Parij klubining suyangan tog‘i. Aynan EChLdagi ishonchli o‘yini uchun uni klubga taklif etishgan. U esa, muxlislarni xursand qilish o‘rniga deyarli har yili muhim o‘yinlarda jamoasiga pand berib qo‘ymoqda.
So‘nggi yillarda parijliklar Evropa Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonishni o‘zlari uchun birinchi raqamli vazifa etib belgilagan. Sayyoramizning eng qimmat futbolchisining yo‘qligi, bu maqsad sari qadamlarning shaxdam bo‘lishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Neymar Parijdagi o‘zining ilk mavsumini ko‘tarinki kayfiyatda boshladi: 30 ta o‘yin 28+16! EChLdagi ko‘rsatkich 6+3! Shunchaki fantastik natija. Uning yordami bilan jamoa guruhda birinchi o‘rinni egallab pley-off yo‘llanmasiga ega chiqdi. Keyingi bosqich uchun kurashda Parij klubi «Real» bilan to‘qnash keldi. Neymar esa, o‘zining pley-offlardagi ilk jarohatini oldi. Javob o‘yinida g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirish imkoni bo‘lsa ham, u kichik jarohat sababli maydonga tushmadi.

O‘sha paytda bu voqeani butun futbol olami muhokama qildi. Barcha Neymarni tezroq tuzalib ketishini va yana safga qaytishini tiladi. «Barselona» safida u birorta o‘yinni jarohat sababli o‘tkazib yubormagan edi. Bir yil avval PSJni 6:1 natijasi bilan mag‘lub etishda bosh rolni ijro etgan yigit «Real»ga qarshi muhim bahsda «yo‘q» bo‘lib qoldi. Parij klubi rahbarlari Neymarning safdan chiqishini tasodifga yo‘ydi.
Kelasi mavsumda Neymar yana yangi jamoasini og‘ir vaziyatda qoldirdi. Guruh o‘yinlarida gollarni qatorlashtirib tashlagan hujumchi pley-offning ilk bosqichidayoq keraksizga aylandi. «Manchester Yunayted»ga qarshi kechgan bahsda ham aynan uning yo‘qligi yakunda hal qiluvchi voqeaga aylandi. Parij klubi himoyada bexato to‘p surayotgan inglizlarga qarshi nima qilishni bilmay qoldi. Hujumlarning kreativligi va so‘nggi zarba uchun javobgar Neymar bo‘lganida, «qizil iblislar»ni engish hech qanday muammo tug‘dirmas edi. Boz ustiga, mehmondagi ishonchli g‘alaba ortiqcha ehtirossiz natijaga ta’sir ko‘rsatishi lozim edi.

Liga 1 dan zerikib ketgan Neymarning sermahsulligi ham keskin tushib ketdi. U futbol mavsumining eng qizg‘in pallasida safdan chiqishni boshlagach, muxlislar e’tirozi ortib ketdi. O‘tgan mavsumda esa, Neymar o‘z odatiga xilof tarzda pley-off o‘yinlarida jarohat olmadi. Klub uning yordami bilan turnirning finaliga qadar etib keldi. Uning tarkibda ekanligini Parij klubi uchun qo‘shimcha ustunlik taqdim etdi. Misol uchun «Atalanta»ga qarshi o‘yinda Neymarning darajasi yaqqol ko‘zga tashlandi.

Joriy mavsumda Neymar yana pley-offni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi. Braziliyalik hech kimga keraksiz kubok bahsida safdan chiqdi. «Kann» bilan o‘yin natijasini hozir hech kim eslay olmaydi, biroq uchrashuv Neymarning ko‘z yoshlari bilan yakunlanganini barcha yaxshi biladi. To‘g‘ri, to‘qnashuv jiddiy bo‘ldi. Bu haqida futbolchining o‘zi ham fikr bildirdi.
«Ba’zan o‘z o‘yin uslubim sababli noqulaylik sezaman. Raqiblarni aldab o‘tmoqchi bo‘lganim uchun, ko‘pincha, ular oyoqlarimga qattiq zarba beradi. Muammo mendami yoki mening maydondagi harakatimda?! To‘g‘risi, atrofimdagilarni men haqimda bildirgan fikrlari xafa qiladi. «Yig‘loqi», «o‘spirin», «simulyatsiya», «erkatoy» va yana boshqa so‘zlardan nafratlanaman. Ochig‘i, bunday bosimdan charchadim. Yana qancha dosh berishim mumkinligini bilmayman. Men shunchaki futboldan lazzat olishni istayman. Bundan ortig‘i kerak emas».
Qaysidir ma’noda uni tushunish mumkin, ammo keskin to‘qnashuvlarning aksariyatida futbolchining aybi katta. U raqiblarini mazax qilishni va videroliklardan o‘rin oladigan fintlarni ishlatishni hush ko‘radi. Ispaniyada u faqat kerak paytda driblingdan foydalanar edi. Frantsiyada o‘zini juda erkin his qila boshlagach, jarohatlar soni ham ortib ketdi. Tan olish lozim, Neymarning «Barselona»dagi pozitsiyasi bilan hozirgisi o‘rtasida farq katta. U Messining ortida yoki qanotda emas, hujumning yakuniy qismida ishtirok etmoqda. Boz ustiga, yopiq jamoalar bilan o‘yinda biz uni markaziy hujumchi pozitsiyasida ham ko‘rishimiz mumkin. Uning jarohatlari ortida boshqa sabablar mavjud ekanligi haqida ma’lumot berdik. Shu bois, masalaning bu qismiga ortiqcha to‘xtalib o‘tirmaymiz.
Kataloniyadagi ilk o‘yinda Pochettino shogirdlari ortiqcha muammosiz raqibni dog‘da qoldirdi. Javob uchrashuvi deyarli ahamiyatsiz. Shunga qaramay, Neymar o‘z faoliyatidagi printsipial o‘yinga qanday tayyorgarlik ko‘rishi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otadi.
10 mart sanasida Neymarning opasi o‘z tug‘ilgan kunini karnaval tariqasida nishonlaydi. O‘sha kuni PSJ «Barsa» bilan javob uchrashuvini o‘tkazadi. Braziliyalik futbolchi ushbu voqealardan birini tanlashi lozim. U tug‘ilgan kun uchun o‘ziga yangi kostyum tiktirishi yoki tezroq jarohatdan forig‘ bo‘lish uchun personal mashg‘ulot o‘tkazishi kerak. Katta ehtimol bilan, uning yakuniy qarori PSJga bo‘lgan hurmati qay darajada ekanligini ko‘rsatib beradi.
Fikrlar