
Nursulton Ro‘ziboev bu safar ham raqibini "uxlatadi"!
Xabaringiz bor, 12 may kuni hamyurtimiz Nursulton Ro‘ziboev UFCda 3-jangini o‘tkazadi. U Xoakin bakliga qarshi oktagonga ko‘tariladi. Biz ushbu qarama-qarshilikdan avval, o‘zbek mMa olami vakillarining fikri bilan qiziqdik.
Amin Ergashev: Nursulton-Bakli jangi borasida so‘z yuritadigan bo‘lsak, xolis fikr bildiradigan bo‘lsam ham bu jangda Nursultonning imkoniyatini yuqori baholagan bo‘lardim. To‘g‘risi, menga Baklining jang olib borish uslubi ham yoqadi. Yorqin jangchi, UFC tarixidagi eng chiroyli nokautni qayd etgan, desam yanglishmagan bo‘laman. Biroq, Nursultonda g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq yuqori va harakteri kuchli bola. Aynan shuni evaziga g‘alaba qozonib ketadi, degan fikrdaman. Aslida, tahlil qiladigan bo‘lsak, gap juda ko‘p. Ammo qisqa qilib aytganda, Nursultonga ishonamiz va ukamiz g‘alaba qozonishiga tilakdoshmiz.
Farruh Madaminov: Bu jangda albatta, Nursultonga muxlislik qilamiz va unga ishonamiz. Sababi, u raqibidan ko‘p jihatdan ustun. Kurashi ham Baklidan kuchliroq va “parter”da ham unga imkon bermaydi. To‘g‘ri, bu safar biroz qiyin bo‘lishi mumkin. Lekin Yakunda Nursulton hakamlarning yakdil qaroriga ko‘ra g‘alaba qozonadi.
Sardorbek Sulaymonov: Nursulton UFC atmosferasiga moslashib oldi. Endi u har qanday raqibga jiddiy boshog‘riq bo‘ladi. Menimcha, bu safargi raqibidan ham bir bosh ustun. Nursulton TOP 10 talikka kirganidan so‘ng, o‘zi uchun xaqiqiy xavfli raqiblarga duch keladi, deb o‘ylayman. Hozircha, u har ikki divizionda oldidan chiqqanini mag‘lub etishga qodir. Albatta, Nursultonga omad tilaymiz!
Timur Ma’murjonov: Bu safar Nursulton akaga biroz qiyinroq bo‘ladi-yu, lekin g‘alaba qozonadi. Nursulton akada tajriba juda yuqori. Bunday saviyadagi jangchilar bilan ancha avval to‘qnash kelgan, deb ayta olaman. Raqibidan saviyasi ancha yuqori. O‘ylaymanki, bu safar ham muddatidan avval g‘alabani qo‘lga kiritadi.
Javohir Imomov: Bu jang haqida gapiradigan bo‘lsak, Nursulton barcha “aspekt”da raqibidan kuchli. Birinchi navbatda unda tajriba juda katta. Deyarli 50 ta jang...MMAda 50 ta jang o‘tkazish hazilakam ish emas. Nursultonni kurashda ham zarbalarda ham tuta olmaydi. Nursulton raqiblari uchun juda noqulay raqib sanaladi. Uning o‘z “stil”i bor va u Baklini 2 yoki 3 raundda mag‘lub etadi.
Bahromjon Ro‘ziev: Ikkisi ham ajoyib jangchi. Biroq, Nursulton Ro‘ziboev anchagina tajribali va aynan tajriba evaziga ushbu jangni o‘z foydasiga hal qilib ketsa kerak. Nursulton janglarini ko‘pini 1-2 raundda yakunlamoqda. Bu safar ham u muddatidan avval g‘alabani qo‘lga kiritadi, degan fikrdaman. Bu borada unga omad tilayman!
Humoyuddin Muxtorov: Ko‘pchilik bu safar Nursultonga qiyin bo‘ladi, degan fikrlarni bildirmoqda. Nimani evaziga Bakli qiyinchilik tug‘dirishi mumkin? Hamma tomonlama Nursuton aka ustun-ku. To‘g‘risi, bu safar ham Nursulton aka raqibini sezmay o‘tib ketadi. Baklini zarbasidan kuchli raqiblar bilan ham duch kelgan. Baklini ham 1-raundda “uxlatadi”!
Fikrlar