OFA: “Niderlandiya futbol federatsiyasiga hech qanday mablag‘ to‘lanmaydi”
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Niderlandiya terma jamoasi bilan o‘tkaziladigan o‘rtoqlik o‘yiniga bog‘liq xabarlarni rad etdi.
"O‘zbekiston milliy terma jamoasi joriy yilning 8 iyun kuni AQShning Nyu-York shahrida Niderlandiya milliy terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.
So‘nggi kunlarda ayrim manbalar va ijtimoiy tarmoqlarda mazkur uchrashuv uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan Niderlandiya terma jamoasiga 300 ming dollar miqdorida mablag‘ to‘lanishi haqida asossiz xabarlar tarqalmoqda.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ushbu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qiladi. Mazkur o‘rtoqlik uchrashuvi uchun Niderlandiya futbol federatsiyasiga hech qanday mablag‘ to‘lanmaydi.
Uchrashuvni tashkil etish bilan bog‘liq stadion ijarasi, xavfsizlik, translyatsiya hamda boshqa tashkiliy xarajatlar esa tomonlar o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq teng taqsimlanadi. Shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xalqaro o‘rtoqlik o‘yinlarini tashkil etishda o‘zaro manfaatli hamkorlik va amaldagi xalqaro tartiblar asosida ish olib boradi.
Shu munosabat bilan muxlislar, ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik vakillaridan yolg‘on axborotlarga ishonmasliklarini so‘raymiz", - deyiladi assotsiatsiyasi bayonotida.

Fikrlar