OFK kubogi. "So‘g‘diyona" bugun malayziyalik "shahar yigitlari"ga qarshi maydonga chiqadi (batafsil ma’lumot)

  • 5 oktabr, 2022, 15:58
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Jizzaxning "So‘g‘diyona" klubi OFK kubogi hududlararo final bosqichida Malayziyaning “Kuala-Lumpur Siti" jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu o‘yindagi g‘alaba ikki jamoa uchun ham o‘ta muhim.

Tecno

Biz "bo‘rilar" haqida etarlicha ma’lumotga egamiz. Uning tarixi, o‘tmishda qayd etgan natijalari, hozirgi darajasi, o‘yin uslubi va shu kabi narsalardan yaxshigina xabardormiz. Biroq raqib "Kuala-Lumpur Siti" haqida nimalarni bilamiz? Bu klub ichki va xalqaro maydonda qanday mavqega ega? Tarkibda qanday futbolchilar harakatlanadi? Klubning tarixi haqida qanday ma’lumotlar bor? Shu haqda SPORTS.uz muxbiri Shohrux Zoirov quyida batafsil to‘xtalib o‘tadi.

kuala

Klub tarixi.

"Kuala-Lumpur Siti" jamoasiga 1974 yilda asos solingan. Dastlab klub nomi "Kuala-Lumpur FA" bo‘lgan. Keyinchalik "Kuala-Lumpur Yunayted" kabi atab kelingan. Hozirgi nomini jamoa 2021 yilda olgan.

Raqiblarimiz 2 marta mamlakat g‘olibi, 4 karra kubok sohibi va yana 2 marta FA kubogida zafar quchgan. Shuningdek, ular 2 marotaba Osiyo chempionlar ligasida ham ishtirok etgan. 

2012 yilda jamoa quyi divizionga tushib ketgan. Kelasi yil esa o‘z tarixida ilk marotaba yanada pastki chempionatga ravona bo‘lgan. Klubning asosiy raqibi "Selangor" jamoasi hisoblanadi. Ular o‘rtasidagi o‘yin "Klang vodiy derbisi" deb ataladi.  

Raqibimiz "Kuala Lumpur Stadium" o‘yingohida o‘z uy uchrashuvlarini o‘tkazadi. Ushbu stadion o‘z bag‘riga 18 ming tomoshabinni sig‘dira oladi.

lumpur

Hozirgi holati.

"Shahar yigitlari" (klub laqabi) ayni payt Malayziya chempionatida 12 jamoa ichida 5-o‘rinda ketmoqda. Klub o‘tkazilgan 20 bahsda 8 g‘alaba, 5 durang va 7 mag‘lubiyat qayd etgan. Ochkolar soni 29 tani tashkil etadi, to‘plar nisbati - 29:28. Raqibning 12 ta jamoa ichida 5-pog‘onada ekani biz uchun quvonarli bo‘lishi mumkin. Ammo ular bor e’tiborini bitta o‘yinga qaratsa, "So‘g‘diyona"ga etarlicha muammo tug‘dirishi mumkin.

OFK kubogida "Kuala-Lumpur Siti" shu paytgacha 5 ta o‘yin o‘tkazdi. Guruh bosqichida bittadan g‘alaba va durang. Pley-off ilk o‘yinida penaltilar seriyasiga ko‘ra zafar quchgan. So‘ng Indoneziyaning "Makassar" jamoasini 5:2 hisobida, oxirgi o‘yinda esa Hindistonning "Moxun Bagan" klubini 3:1 hisobida taslim etgan. 

kualaa

Rahbariyat, murabbiy va futbolchilar haqida.

Ushbu klub rahbari Shahidan Kassim hisoblanadi. Sport direktori lavozimida Boyan Xodak ish olib boradi. Shuningdek, u bosh murabbiy ham sanaladi. 

Boyan 2006 yildan murabbiylik faoliyatini boshlagan. U asosan, Malayziyada murabbiylik qilib borgan. 2017-2019 yillar oralig‘ida Malayziya U-19 terma jamoasiga ustozlik qilgan. Umumiy hisobda mutaxassis 309 bellashuvlarda 165 g‘alaba, 75 durang va 69 mag‘lubiyat qayd etgan. Statistika uning 53,40 foiz uchrashuvlarida zafar quchganini ko‘rsatmoqda.

Tabiiyki, jamoa futbolchilarining ko‘pi Malayziyadan. Ammo legionerlar ham yo‘q emas. "Shahar yigitlari" safida 5 nafar legioner to‘p tepadi. Ular darvozabon Kevin Rey Mendoza (Filippin), yarim himoyachi Paulo Joze (Braziliya) hamda hujumchilar Romel Morales (Kolumbiya) va Kevin Kubemba (Kongo). Braziliyalik legioner jamoaning eng xavfli vakili va shu bilan birga, jamoa sardori hamdir.

 

Ushbu o‘yin oson o‘tmasligi aniq. Nima bo‘lganda ham biz "So‘g‘diyona"ga muvaffaqiyat tilab qolamiz. Halqaro maydonda har bir klubimizning yutug‘i biz uchun o‘zgacha qadrga ega.

 

Shohrux Zoirov tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!