OFK kubogidagi ishtirok, "Paxtakor"ga nega o‘tmagani va unga qarshi o‘ynagan eng yaxshi hujumchi haqida – Milan Mitrovich bilan KATTA intervyu

  • 22 oktabr, 2022, 19:10
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbek futbolida bir necha yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan Milan Mitrovich SPORTS.uz saytiga katta intervyu berdi. Qiziqarli o‘tgan suhbat davomida serbiyalik darvozabon yurtimizga kelishi, OFK kubogidagi ishtirok, "Paxtakor"ga nega o‘tmagani va unga qarshi o‘ynagan eng yaxshi hujumchi haqida fikr bildirdi.

– Taklifimizni qabul qilganingiz uchun rahmat. Keling, dastlab siz bilan yaqindan tanishib olsak...

"1991 yil 27 fevralida Serbiyaning Leskovac shahrida tug‘ilganman. Oilamizda hech kim futbol o‘ynamagan, men bu borada birinchiman. 12 yoshimda mashg‘ulotlarni boshladim va darhol darvozabonlikni tanladim. Darvozabonlarning mashg‘ulotlarini tomosha qilardim va shu pozitsiyani yoqtirib qoldim. Bor kuchim bilan harakat qilardim. Bir yildan so‘ng Belgradga jo‘nab ketdim va o‘sha erda "FK RAD" jamoasi bilan shartnoma imzoladim. U erda bilim oldim, katta mehnat hamda fidoyilik evaziga yildan yilga o‘sib bordim. 16 yoshimda terma jamoadan taklif oldim. Hammasi yaxshi o‘tdi, 17 yoshimda "FK RAD"ning asosiy jamoasiga taklif qilindim. Ular bilan shug‘ullandim va U18 da o‘ynadim. Shu tariqa, faoliyatim davom etdi.

3 yil ichida u erda qo‘shimcha tajriba orttirdim. Oradan bir yil o‘tib, klub 3-o‘rinni egalladi va Evropa ligasida o‘ynadik. Men O‘zbekiston va uning futboli haqida hech narsa bilmasdim. Taklif bo‘ldi, uni qabul qildim va bu erga keldim. Avvaliga yaxshi chiqisha olmadim. Iyun oyida kelganimda, juda issiq edi. Tasavvur qilyapsizmi, Evropadan Osiyoga! Madaniyati, tili boshqa davlatga kelish, moslashish men uchun qiyin edi. Ammo klubdagilar mendagi imkoniyatlarni ko‘rdi va ishonch bildirdi. Shu tufayli til o‘rgandim va moslashdim..."

milannnn

– Avval o‘zbek futbolidan xabarim bo‘lmagan, dedingiz. Bu erga sizni kim taklif qilgan?

"Ha, men O‘zbekiston va bu mamlakat futboli haqida hech narsa bilmasdim. Agentim menga qo‘ng‘iroq qilib, Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubiga darvozabon kerakligini aytdi. U menga jamoa ligada jon saqlash uchun kurashayotgani va agar biz qolishni uddalasak, shartnoma bo‘yicha hamkorlikni yana bir yilga uzaytirishimiz mumkinligini aytdi".

– Siz bu erga 2018 yil kelgansiz. O‘shanda "So‘g‘diyona" autsayder edi. Nima sababdan "bo‘rilar"ni tanlagansiz?

"Faoliyatimda yangi sahifa ochishni xohladim. Bu ajoyib taklif edi, o‘ylab o‘tirmasdan qabul qildim va O‘zbekistonga keldim".

– Kelishingiz bilan nimalar sizni hayron qoldirdi?

"Hech narsa. Agentim avval bu erda futbol o‘ynagan. Kelishimdan avval u sizlarning madaniyatingiz, turmush tarzingizni tushuntirib bergandi. O‘zbekistonga qo‘nganimda nimalar kutayotganini sezganman".

– Nima uchun faoliyatingizni boshlang‘ich qismlarini aynan O‘zbekistonda boshlashga qaror qilgansiz?

"Bilasizmi, ba’zan siz kelajagingiz qanday bo‘lishini taxmin qila olmaysiz. Futbolchining faoliyatida yuksalish va pasayishlar bo‘ladi, har bir o‘yinchi buni boshdan kechiradi, shu qatorda men ham. Men terma jamoa sharafini himoya qilganman, Superligada o‘ynagan jamoada bo‘lganman. 20 yoshda jarohat oldim. Bundan keyin 6 oy maydonga tushmadim, keyin esa kareram asta-sekin pastlay boshladi. Shundan so‘ng, o‘z formamga qaytishim uchun uzoq vaqt kerak bo‘ldi, klubni o‘zgartirishim va hammasini boshidan boshlashim kerak edi. Xudoga shukur, Makedoniyaga qaytib, nimalarga qodirligimni isbotlash imkoniyatiga ega bo‘ldim. Men juda ko‘p mashq qildim va o‘zimga ishondim. Oxir-oqibat, bu o‘z samarasini berdi. O‘zbekistondan qo‘ng‘iroq qilishdi va Xudoga shukur hozirgacha hammasi ko‘ngildagidek ketyapti".

mitrovich

– Serbiyadan Evropa klublariga o‘tish osonroq. Nima uchun hamyurtlaringizning aksar qismi bizga kelishadi?

"Evropada o‘ynash oson emas, katta ligalarda harakat qilish uchun ko‘p hislatlarga ega bo‘lish kerak. Qolaversa, hammaning taqdiri har xil: hayotda kimdir muvaffaqiyat qozonadi va eng yuqori darajada o‘ynaydi, kimdir boshqa yo‘ldan boradi, bularning barchasi hayot va faoliyatning bir qismidir".

– Bizga doim ham legioner-darvozabonlar kelavermaydi. Siz uzoq vaqtdan buyon o‘ynab kelayotgan yagona darvozabonsiz.

"Ha, darvozabon uchun horijda o‘ynash juda qiyin. Tavakkalchiliklar ko‘p, bu erga 2-3 nafar darvozabon kelgan, ammo hech kim qolmagan. Xudoga shukur, bu erda ekanimga qariyb 5 yil bo‘ldi, yana kamida 2-3 yil qolaman degan umiddaman".

– "So‘g‘diyona"dagi ilk yillaringiz haqida gapirib bersangiz.

"Avval aytganimdek, kelgan vaqtimda juda qiyin bo‘lgan. Til bilmasdim. Kelganimda mavsum yarmi va klub qiyin ahvolda bo‘lib, ligada qolish kurashayotgandi. Serbiyadan shanba kuni kelgan bo‘lsam, bir kundan keyin debyut qildim. Mening salohiyatimni tan olgan, menga ishongan va hozir ham ishonib kelayotgan klubdagilarga rahmat. Shu bois har bir o‘yinda qo‘limdan kelgancha harakat qilaman".

– Serbiya va o‘zbek futboli o‘rtasidagi farq nimada?

"Serbiyada taktika va texnikaga ko‘proq e’tibor beriladi. Bu erda jismoniy tayyorgarlik va kuch muhimroq. Bizda futbolga kirib kelgan futbolchi birinchi bo‘lib taktika va texnikani o‘rganadi. Vaqt o‘tgan sari kuch va tezlik keladi".

– Sizningcha, serb futbolidan nimalarni o‘rganishimiz kerak?

"O‘ylashimcha, kichik yoshdagilarga e’tibordan boshlash lozim. Shuningdek, yoshlar futbol maktabi ham yaxshi bo‘lishi, ko‘proq taktik ishlarga e’tibor qaratilishi kerak. Shunda, sizlardan bir kun kelib O‘zbekiston terma jamoasini Jahon chempionatiga olib chiqadigan yaxshi o‘yinchilar chiqadi".

– So‘nggi 4 yil ichida jamoa autsayderdan mamlakatning grand klubiga aylandi. Siz buni ichkaridan ko‘rdingiz. Hammasi qanday sodir bo‘ldi?

"Ha, klubga kelganimda agent menga jamoa ko‘p miqdorda pul va kuch sarflayotgani hamda bir necha yil davomida yuqori pog‘onalarda bo‘lish uchun katta loyihani amalga oshirayotganini aytdi. Rahbariyat o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatgan o‘yinchilar va yangi murabbiy olib keldi. Sekin-asta hammamiz birgalikda "So‘g‘diyona"ni yuqori o‘rinlarga ko‘tara boshladik. Oradan 2 yil o‘tib, klub jadvalning yuqori pog‘onalarida edi".

milann2

– Ulug‘bek Baqoev kelganidan keyin jamoa asosan himoyaviy o‘yin ko‘rsatyapti. Bu sizga qanday ta’sir o‘tkazadi?

"Bu bizning taktikamiz. Har bir jamoa va murabbiyning o‘z taktik sxemasi bor. Shuning uchun bu normal holat. Evropaning ko‘p jamoalarida shunday o‘yin uslubi mavjud. Mening fikrimcha, bu taktika ishlayotgan ekan, uni o‘zgartirmaslik kerak".

– O‘tgan yili sizga "Paxtakor"dan aniq taklif bor edi. Nima uchun poytaxtga ko‘chib o‘tmadingiz?

"Ha, taklif bo‘lgandi. Chempion klubdan sizga qo‘ng‘iroq qilishlari yoqimli. Ammo bunday jamoaga borganingizda, siz hammasini noldan boshlaysiz, terma jamoa darvozabonlari bilan raqobatlashasiz. "So‘g‘diyona"da yaxshi taassurot qoldirdim, Jizzaxdagilar menga ishonishadi, mavsumni 2-o‘rin bilan yakunladik, OFK Kubogiga yo‘llanma qo‘lga kiritdik. Bu erdan ketish xato bo‘lardi. "So‘g‘diyona" prezidenti menga qo‘ng‘iroq qilib, shartnomani uzaytirishni xohlaysizmi, deb so‘radi. Ajoyib mavsum uchun mukofot sifatida u menga yaxshi sharoitlar va 2 yillik shartnoma taklif qildi".

– Maosh tarafdan qaysi klubning taklifi yaxshiroq edi?

"So‘g‘diyona" ko‘proq bergan, ammo gap faqat pulda emas. Ba’zida odamlar mehnatingizni hurmat qilganligi uchun ham qolishingiz kerak".

– "Bo‘rilar" safidagi eng esda qolarli o‘yiniz qaysi?

"Unday o‘yinlar soni ko‘p, lekin bittasini ajratib ko‘rsata olmayman. Men uchun jamoam g‘alaba qozongan har bir o‘yin muhim".

– Bu yil klub OFK kubogida ishtirok etdi va yarim finalgacha etib bordi. Natijadan ko‘nglingiz to‘ldimi?

"Ha, OFKdagi o‘yinimizdan qoniqish hosil qildim. Bu bizga ajoyib tajriba bo‘ldi. 90 foiz futbolchilarimiz bunday musobaqada birinchi marta ishtirok etdi. Bu shunchaki ajoyib tuyg‘u, o‘zingnizni futbolchidek his qilasiz. Bunday turnirlarda o‘ynash davomli bo‘lsin. Afsuski, yarim finalda to‘xtadik.

Penalti bu - lotereya. Ba’zan bu quvonch olib keladi, ba’zida esa qayg‘u. Bu futbol. Klub va muxlislar uchun uzr so‘rayman. Boshqa tomondan, biz chiroyli hikoya yozdik. Umid qilamanki, yana shunday turnirda o‘ynaymiz".

– "Kuala-Lumpur Siti"ga qarshi o‘yindagi penaltilar seriyasida murabbiy sizni almashtirdi. Bu bellashuvdan oldin tayyorlangan rejamidi?

"Ha, darvozabonlar murabbiyi va Baqoev bilan kelishilgan holda qilingan ish. Bu taktik o‘zgarish edi".

– Bir oyda ikkita yarim finalda mag‘lub bo‘ldinglar. Bu jamoaning ruhiy holatiga qanday ta’sir qildi?

"Bu juda og‘ir. Ammo kerakli vaqtda qayta olish kerak. Bizda imkoniyat bor, halqaro maydon uchun beriladigan kvotalarga ilinishga harakat qilamiz".

– Bir yarim oy avval 3 ta musobaqada g‘olib bo‘li imkoniyati bor edi, nima sababdan hammasi ortga ketyapti?

"Hammasi biz o‘ylagandek zo‘r edi. Afsuski, omad yuz o‘girdi. Mavsumni qutqarib qolish uchun Superliga kuchli to‘rtlikka kirishimiz shart!"

– Buning asosiy sababi omadsizlikmi?

"Yo‘q, faqat omad, demagan bo‘lardim. Uchta musobaqada ishtirok etish oson emas. O‘yinlar juda ko‘p, dam olish uchun esa vaqt kam".

– Menimcha, buning boshqa sabablari ham bor. Jamoa faqat bir xil taktikada o‘ynaydi. Zamonaviy futbolda faqat A planga ega bo‘lish xato emasmi?

"Bu sizning fikringiz. Bu o‘yin uslubi bizga natija keltiryapti. Bekorga yuqori o‘rinlarda emasmiz. Ha, jarohat olgan futbolchilar ko‘pchilikni tashkil qildi. Buning sababi esa oddiy - ko‘p o‘yin o‘tkazdik".

milaaaa

– Terma jamoa o‘ynashi sababli Superliga kutilganidan ko‘ra ertaroq yakunlanadi. Bu yana "So‘g‘diyona"ga bosh og‘riq bo‘lishi mumkin. Sizning fikringiz qanday?

"Men bunday demagan bo‘lardim. Bu qolgan jamoalarga muammo bo‘lishi mumkin. Biz 4-5 kunda futbol o‘ynab o‘rganib qoldik. Bu vaziyatga o‘zimiz olib keldik, o‘zmiz olib chiqamiz. Umid qilamanki, buni uddalaymiz".

– Superligada qaysi jamoalarga qarshi o‘ynash qiyin?

"Nasaf" va "Olimpik" biz uchun qiyin raqib".

– Siz qarshi o‘ynagan eng kuchli hujumchilar?

"Undaylar ko‘p, lekin Cheran va Masharipov boshqa darajada edi".

– So‘nggi ikki yilda o‘zbek futboli qay darajada o‘sdi deb o‘ylaysiz? O‘zi o‘sdimi?

"O‘zbekistonda futbol rivojlanyapti va shunday davom etadi deb o‘ylayman. O‘zgartirish kerak bo‘lgan narsalar ham bor, ammo muhimi to‘g‘ri yo‘lda".

– Yuqorida ko‘proq yoshlarga imkon berish kerak degan fikrni aytdingiz. Lekin eng yoshi katta futbolchilar sizlarda-ku?

"Ha, biz yoshlarga imkon berishimiz lozim. Ular ertaga kuchli chempionatlarda o‘ynashi kerak. Ammo tarkibda tajribali futbolchilar ham bo‘lishi zarur. Jamoamizda termada va legioner sifatida o‘ynagan zo‘r o‘yinchilar bor. Yoshlar ulardan ko‘p narsa o‘rgansa bo‘ladi. Unutmang-ki, klubingizda jamoani oldinga etaklaydigan futbolchilar ham bo‘lishi shart".

– Bu yil terma jamoangiz Qatardagi mundialda ishtirok etadi. Imkoniyatlarni qanday baholaysiz?

"Serbiya terma jamoasida ayni damda ajoyib muhit hukm surmoqda. Tarkibda kuchli murabbiy va futbolchilar yig‘ilgan. O‘ylashimcha, uzoqroqqa bora olishadi". 

– Futboldan keyin nima bilan shug‘illanmoqchisiz?

"Bu haqda o‘ylashga hali erta. Xudo xohlasa, yana 4-5 yil o‘ynamoqchiman".



Jaloliddin Qobiljonov suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!