
Osiyo chempionati vakillarimiz uchun muvaffaqiyatli boshlandi
Xitoyning Nanchang shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo chempionati boshlandi. Unda qit’aning 20 davlatidan 200 nafardan ortiq sportchi ishtirok etmoqda.
Musobaqada O‘zbekiston terma jamoasining 16 nafar a’zosi ham o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazmoqda.
Chempionatning ilk kunida o‘zbekistonlik sportchilar bir nechta yo‘nalishda sovrinli o‘rinlarni egallashga muvaffaq bo‘lishdi.
Jumladan, C-2 yo‘nalishida 1000 metr masofaga bo‘lib o‘tgan musobaqada Muhammadali Mirismanov va Diyorbek Mamatqulov tandemi kumush medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, 500 metr masofaga o‘tkazilgan bahslarda Kamoliddin Rahmatullaev hamda Azimjon Sotiboldiev bronza medalini qo‘lga kiritdi.
K-1 yo‘nalishida esa Aleksandr Zarubin 1000 metr masofadagi poygani uchinchi o‘rinda yakunlab, terma jamoamiz hisobiga yana bir bronza medalini qo‘shdi.
Eslatib o‘tamiz, chempionat davomida sportchilar K-1, K-2, K-4, C-1, C-2 hamda aralash yo‘nalishlarda 200, 500 va 1000 metr masofalarda Osiyo chempionligi uchun bahs olib borishmoqda.
Fikrlar