Otabek G‘ulomxo‘jaev: Hech kimdan xafagarchiligim yo‘q

  • 4 dekabr, 2019, 09:30
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 4
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jaev o‘z vazifasidan ozod etildi. Bir qarashda bu kutilmagan xabar bo‘lib ko‘rinadi. Chunki yaqinda Saudiyadagi saralash bahslarida uning jamoasi 7 ochko to‘plagandi va yomon taassurot qoldirmagandi. Buning ustiga kelasi yili bo‘ladigan Osiyo chempionati yurtimizda o‘tadi, shu bois saralash bahslaridagi natijalar aslida biz uchun u qadar ahamiyatsiz ham edi. Shunday ekan, G‘ulomxo‘jaevning iste’fosi haqida savollar kelib chiqishi mumkin. O‘FA esa bu borada izoh berar ekan, Saudiyadagi Osiyo chempionati saralashining oxirgi turida mezbonlarga qarshi uchrashuvda terma jamoamiz a’zolari va murabbiylarining tartibsizliklarni keltirib chiqarishda asosiy aybdorlar deb topilgani yozilgan va bu borada OFKning qarori shunday bo‘lgan. Shu sababli O‘FA Otabek G‘ulomxo‘jaev boshchiligidagi murabbiylar shtabini ishdan bo‘shatdi. Biz esa vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida G‘ulomxo‘jaev bilan bog‘langanimizda iste’fo haqida fikr bildirib, yuz bergan voqea aslida unday bo‘lmaganini aytdi.

- O‘FA tomonidan chiqarilgan qarorga ko‘ra sizning boshchiligingizdagi murabbiylar shtabi yoshlar terma jamoasidan iste’foga chiqarildi va unda yozilishicha Saudiya Arabistonidagi saralashning oxirgi bahsida tartibsizliklar keltirib chiqarishda asosiy sababchilar sifatida ko‘rsatilgansizlar. Aslida voqealar rivoji qanday bo‘lgandi va iste’fo haqidagi qarorga qanday munosabatdasiz?

- O‘FA saytida biz haqimizda yozilgan xabarning hammasiga ham qo‘shilmayman. U erda men bilan yordamchim Doniyor Usmonov biz mushtlashuvda ishtirok etmaganmiz va hech qanday nojo‘ya hatti-harakatlarni amalga oshirmaganmiz. Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinda hakamlar haqida hech nima demayman, insofni o‘ziga bersin. Ular o‘yinni «buzib» yuborishgan. Saudiyalik futbolchilar «provakatsiya» qilishgani uchun yigitlarimiz tortishib qolishgani rost. Shunchaki, o‘sha vaziyatda ko‘proq bizning o‘yinchilar kamerga tushib qolishgan. Doniyor bilan biz esa yigitlarni ajratganmiz xolos. Yana qaytaraman, u erda hech qanaqa nojo‘ya hatti-harakat bo‘lmagan. Bu – futbol va unda xissiyotlar junbushga kelishi tabiiy. To‘g‘ri, murabbiy doim o‘rnak bo‘lishi va o‘zini yaxshi tutishi kerak. Lekin bunday musobaqalarda baribir xissiyotlar bo‘ladi. Chunki biz yoshmiz va bunday musobaqa biz uchun dastlabki rasmiy  o‘yinlardir. Biz u erda vatanimiz nomidan o‘ynadik. Axir og‘zimizni berkitib qo‘ya olmaymiz-ku. Menga hech bo‘lmaganda Evropada xissiyotlarga berilmaydigan murabbiyni ko‘rsata olasizmi? O‘tgan safar aytgandim, ikki yil oldin hozirgi tarkibimizdagi 30-40 foiz futbolchilarimiz Saudiyaga qarshi rasmiy o‘yinda o‘ynashgan va o‘shanda vakillarimizni «ezib» tashlashgandi. Shu bois futbolchilarimizda navbatdagi to‘qnashuvda kuchli ekanligimizni isbotlaymiz degan ishtiyoqi kuchli bo‘lgan. To‘g‘risi, shu kuni butun jamoamiz bir oila bo‘lib, butun vujudi va e’tiborini uchrashuvga qaratib o‘ynashganidan xursandman. Qo‘l ostimdagi yigitlarni bir oila sifatida shakllantira olganimdan mamnunman. Bu men uchun faxr. Murabbiylar shtabiga ham hamjihatlikda ishlaganimiz uchun rahmat. Shuningdek, bizga Saudiyaga qarshi o‘yinning 82-daqiqasida Doniyor Usmonov nojo‘ya hatti-harakat qilgani uchun hakam tomonidan jazolagani aytilgan. Vaholanki, o‘sha paytda biz gol urganimiz uchun men bilan Doniyor golni nishonlayotgandi. Aksincha, darvozabonlar murabbiyi Valeriy Karpenkoga ogohlantirish ko‘rsatilgan. Doniyor esa hech nima qilmagan. Hayronman, OFK o‘sha vaziyatni qaysi ko‘zi bilan ko‘rgan ekan? Golni nishonlaganimizda ham raqib tomoniga hurmatsizlik qilmagan va yigitlarni janjallashgan paytda faqat ajratgan xolos. OFK esa bu vaziyatni noto‘g‘ri talqin qilgan. Menga aytishlari bo‘yicha o‘sha o‘yindagi voqealar sababli qanchadir miqdorda jarima puli va ikkita rasmiy uchrashuvga diskvalifikatsiya bo‘lishim mumkinligini aytishdi. Bu holat bo‘yicha Ravshan aka Ermatov bilan gaplashdim. Osiyo chempionatining dastlabki ikkita o‘yinida diskvalifikatsiya tufayli o‘yin chog‘ida murabbiylar shtabida bo‘lmasang bu jamoaga qanday ta’sir qiladi deganida, agar ikkita o‘yinda mening yo‘qligim jamoaga ta’sir qiladigan bo‘lsa, siz nima desangiz shu bo‘ladi dedim. Lekin biz hech qanaqa mushtlashuvda ishtirok etmaganmiz. Qo‘l ostimdagi yigitlar bilan birga ishlaganimdan xursandman. Ular bilan natija qila oldik. Hech kimdan tilim qisiq joyim yo‘q. Barcha terma jamoalarimizga omad tilayman. Ravshan aka Ermatovga esa o‘tgan vaqt davomida menga ishonch bildirgani uchun rahmat aytaman. Bunday inson bilan ishlab zavqlandim. O‘z o‘rnida shuni aytib ketishim kerakki, o‘sha Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuvning 35-daqiqasida futbolchilarimiz mening ko‘rsatmalarimni yaxshi bajara olishmayotgani uchun jaxl ustida qo‘limdagi suv idishni erga uloqtirib yuborgandim xolos. O‘sha holat videokamerada ham ko‘rinib turibdi, men hech qanaqasiga hakamga baqirmaganman. Aksincha, hakamning shuncha qiliqlariga qaramasdan tishimni-tishimga qo‘yib chidaganman. Hakamlarning ishiga baho berib, ularni tahlil qilish mening vazifam emas. Yaxshisi, o‘sha o‘yinni o‘zinglar ko‘ringlar.

- Umuman olganda, o‘sha o‘yindagi holat va O‘FA tomonidan chiqarilgan qaror sizning iste’foga chiqishingizga arzirmidi?

- Ravshan aka Ermatov bilan gaplashganimdan keyin boshimni tik tutgan holda chiqib ketdim. Natija va tarkib bo‘yicha ham biz to‘g‘ri yo‘lda edik. Masalan, Osiyo chempionati saralash bahslariga maksimal darajada eng yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lgan 22 nafar futbolchilarni olib ketganman. Hattoki, Saudiyaga bora olmagan va bizning zaxira ro‘yxatimizda bo‘lgan yigitlar bizni olib ketmadi deb xafa bo‘lishlari mumkin edi. Lekin ular ham mening iste’foga chiqarilganimni eshitib telefon qilishdi yoki sms yozib yuz bergan vaziyatdan xafa bo‘lishganini aytishdi. Saudiyaga qarshi uchrashuvda shu narsani ko‘rdikki, biz oldimizdan chiqadigan har qanday raqibni yuta olardik. Lekin, bilasizmi, O‘FA bizni himoya qilib, OFKga qandaydir xat yuborsa kerak deb o‘ylagandim. Mayli, o‘sha ikkita o‘yinga diskvalifikatsiya qilishgan taqdirda ham jamoani o‘zim shug‘ullantirib, o‘rnimga boshqasi o‘yin kuni o‘tirgan taqdirda ham yigitlar mening yo‘qligim uchun ham ikki barabar kuch bilan o‘ynashgan bo‘lardi. To‘g‘ri, saudiyaliklarga qarshi o‘yinda yigitlarning qilgan ishlari noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin, ammo biz murabbiylar hech nima qilmadik.  Biz maydonga chiqqanda futbol o‘ynashimiz kerak, ammo qachongacha raqiblar yoki hakamlar bizga nisbatan noto‘g‘ri hatti-harakatlarni qilishadi? Menimcha, o‘zini hurmat qilgan murabbiy bunday holatlarga jim qarab tura olmasa kerak.

- Yana bir gap: sizni iste’foga chiqarishlaridan bir necha kun oldin Otabek G‘ulomxo‘jaevning o‘rnini Timur Kapadze egalladi degan gap-so‘zlar ham tarqalgandi. Demak, bu xabar bejiz emas ekan…

- Jamoam manfaati uchun agar iste’foga chiqishim foyda keltirsa ketishga tayyorligimni aytdim. Ammo nazarimda, kimdir mening qaerdadir xato qilishim yoki qoqilishimni kutib turgandek tuyuldi. Iste’foga chiqishimdan 4-5 kun oldin terma jamoadan ketishim mumkinligi haqidagi ma’lumotlar chiqib ketdi. Balki kimgadir joyim kerak bo‘lgandir, yana bilmadim. Lekin hech kimdan xafagarchiligim yo‘q. Lekin tirik jon borki xato qiladi. Faqat kimni qanday ko‘rishi va tushunishiga bog‘liq. Oxirigacha terma jamoamizga muxlislik qilamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Surxon turon
04/12/2019 09:56
Ака хаммаси олдинда хафа бӯманг мевали дарахтга тош отишади
&
izzat.karimov
04/12/2019 14:48
Навбаҳорда ишингизни давом этинг мурабийлар штабидан ўрин олиб Канчельскисга ёрдамчи мурабий сифатида... Биз Навбаҳор мухлисларига боб экансиз тажавузкор, уришқоқ, жаҳилдор келинг бирга ишлаймиз
Muhammad Rahmatillaev
04/12/2019 10:16
Фифа деган ташкилотга ёзина шикоятни агар Офк бизни ўйламай арабларни тарафини олса,олиши хам аниқ сабаби Офк ни араблар эгаллаб олган.
Muhammad Rahmatillaev
04/12/2019 10:11
Нима учун оғзини очиб ўтиришибти бизнинг футболимиз мутасаддилари ўйинни видёсини олиб химоя қилсин оқласин ўзимизни бутун дунёга иймон инсоф улашувчи арабларни чантаж нас халқ эканини ким билмас экпн бутун дунё биладику ахир ифага ёзина шикоят хатини агар Офк ни араблар эгаллаб олган бўлса қачонгача биз айбдор бўламиз.