
O‘zbek dzyudosida tarix yarata olgan Rishod Sobirov haqida faktlar
O‘zbekiston dzyudosi va sporti tarixidan joy olishga muvaffaq bo‘lgan, Olimpiya o‘yinlarining uch karra bronza medali sovrindori, ikki karra jahon chempioni, Osiyo chempioni Rishod Sobirov haqida nimalarni bilamiz?
Rishod Rashidovich Sobirov - 1986 yilning 11 sentyabrida Buxoro viloyatining Jondor tumani, Burbog‘i qishlog‘ida dunyoga kelgan. Dzyudo bilan 11 yoshida tajribali murabbiyi, Olot dzyudo maktabi asoschilaridan biri Rustam aka To‘raev qo‘l ostida shug‘ullanishni boshlagan. Xalqaro musobaqalarga Furqat Soliev va Boris Grigorev kabi murabbiylar qo‘l ostida tayyorgarlik ko‘rgan hamda ishtirok etgan.
Rishod xalqaro miqyosdagi ilk sovrinini 2006 yilda qo‘lga kiritgan. O‘shanda qahramonimiz Xitoy Taypeyida bo‘lib o‘tgan yoshar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida birinchi o‘rinni egallagandi. Oradan bir yil o‘tib esa u kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida finalgacha etib borgan va kumush medal sohibiga aylangan.
2008 yilda O‘zbekiston chempioniga aylangan sportchimiz mamlakat terma jamoasi tarkibidan ham joy oldi va tabiiyki, Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Pekinda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida -60 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida u bronza medali sohibiga aylandi.
2010 yilda Rishod Sobirov dzyudo vatani - Yaponiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Oradan bir yil o‘tib, Parijda ushbu muvaffaqiyatini yana takrorladi va chempmionlik unvonini munosib tarzda himoya qildi.
2012 yili Londonda bo‘lib o‘tgan Olimpiadada dzyudochimiz yarim finalgacha etib bordi va yakunda yana bronza medali bilan taqdirlandi.
2016 yili Braziliyada bo‘lib o‘tgan Rio Olimpiadasida sportchi yana bronza medaliga sazovor bo‘ldi va uchta Olimpiadada medal qo‘lga kiritgan kam sonli dzyudochilardan biriga, O‘zbekistonda esa yakkayu-yagona dzyudochiga aylanib oldi.
Professional sportdagi faoliyatini yakunlaganidan so‘ng Toshkentda Rishod Sobirovning dzyudo maktabi ochildi. "Dinamo" sport majmuasida faoliyat yuritayotgan dzyudo maktabida yangi Rishod Sobirovlar kamol topmoqda.
O‘ylaymizki, yaqin yillarda ushbu maktabdan yangi yulduzchalar etishib chiqadi. Rishod Sobirov sportdagi ko‘p yillik samarali faoliyati uchun hukumatimiz tomonidan "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi", "O‘zbekiston iftixori" fahriy unvoni sohibi, "El-yurt hurmati" ordeni bilan taqdirlangan.
Sovrinlari:
Olimpiada: 3 ta bronza
Jahon chempionati: 2 ta oltin, 1 ta bronza
Jahon kubogi/Gran-Pri/Ulkan toj: 10 ta oltin, 4 ta kumush, 1 ta bronza
Osiyo chempionati: 1 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza
Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati: 1 ta oltin
Mukofot va unvonlari:
Xalqaro toifadagi sport ustasi (2003)
"O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi" fahriy unvoni (2008)
"O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 20 yil" esdalik nishoni sohibi (2011)
"O‘zbekiston iftihori" fahriy unvoni sohibi (2012)
"El-yurt hurmati" ordeni sohibi (2016)
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati
Fikrlar