
O‘zbek legionerining jamoada nomi bor, o‘zi yo‘q!
Chimkentning “Ordabasi” klubi oxirgi ikki mavsumda o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari uchun ancha qadrdon bo‘lib qoldi.
2023 yilgi mavsumda bu klub o‘z tarixida ilk bor Qozog‘iston chempionligiga sazovor bo‘ldi. Chimkentliklarning tarixiy g‘alabaga erishishida o‘zbek futboli maktabi tarbiyalanuvchilaridan Shahboz Umarov va Bobur Abduxoliqovning hissasi katta bo‘ldi.
Chempionatning yigirma oltita uchrashuvidan 22 tasida maydonga tushgan hujumkor futbolchimiz Shahboz Umarov uchta uchrashuvda, ya’ni “Shaxtyor”ga qarshi ikkita bahsda va “Jetisu”ga qarshi o‘yinda bittadan gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Shahboz to‘p kiritgan bu uchrashuvlarning barchasida jamoasi g‘olib chiqdi.
Bobur Abduxoliqov Premer-liganing barcha – 26 ta uchrashuvda maydonga tushgan “Ordabasi”ning yagona o‘yinchisi bo‘lgan hujumchining jamoa uchun qanday ahamiyatga ega bo‘lganini ko‘rsatdi. Bu bahslarda Bobur ettita gol urdi.
Abduxoliqovning har bir goli “Ordabasi”ga uchrashuvni uch ochko bilan yakunlash imkonini berdi.
Chempionlik mavsumidan keyin Umarov Chimkentda qolishni, Abduxoliqov yurtimizga qaytishni ma’qul ko‘rdi. Boburning o‘rnini “Real”ga “Santyago Bernabeu”da urgan goli bilan tanilgan Jasurbek Yaxshiboev egalladi.
2024 yilgi mavsumda “Ordabasi” so‘nggi pallada sovrindorlar qatoridan tushib qolgan bo‘lsa-da, individual jihatdan Shahboz va Jasur yaxshi natijalarni qayd etdi. Ayniqsa, Yaxshiboev 17 ta o‘yinda to‘qqizta gol kiritib, jamoasining eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. Umarov bu gal bir juft gol bilan kifoyalandi.
“Ordabasi” yangi mavsum oldidan tarkibda jiddiy o‘zgarishlar qildi. Klub chempionlik mavsumi va undan keyingi bir yilda jamoa sharafini himoya qilgan tajribali o‘yinchilar bilan ham orani ochiq qildi.
Qozog‘iston futbolini yoritayotgan manbalarning ma’lum qilishicha, chimkentliklar mavsumlar oralig‘ida Zlatan Shexovich, Vsevolod Sadovskiy, Rejinaldo, Artyom Besedin, Igor Plastun, Sergey Ignatovich, Lovro Tsvek, Kristian Tovar, Shahboz Umarov, Bauirjan Islamxon, Temirlan Erlanov, G‘afurjon Suyumbaev, Maksim Fedin va Azamat Jomartov bilan rasman xayrlashdi.
Asosiy tarkib o‘yinchilaridan Sergey Maliy, Asxat Tagybergen, Erkebulan Tungishbaev, Bekxan Shayzada, Sultonbek Astanov, Sagadat Tursinbay, Evgeniy Makarenko va Samat Jarinbetov “Ordabasi”da qoldi.
Jamoa to‘purari Jasurbek Yaxshiboevning taqdiri hozircha mavhum bo‘lib turibdi. 27 yoshli legioner bilan klub rasman xayrlashmagan, lekin o‘zbek futbolchisi jamoa bilan birga emas. Ya’ni, “Ordabasi” yig‘inlarida qatnashgani yo‘q.
Bundan bir necha hafta ilgari Jasurbek Ozarbayjonning “Neftchi” klubi bilan muzokara o‘tkazayotgani aytilgandi. Biroq bu masala haqida boshqa ma’lumot yo‘q.
Bir so‘z bilan aytganda, “Ordabasi” yulduzlari sifatida to‘p tepgan Shahboz va Jasur faoliyatini qaysi jamoada davom ettirishi hozircha noma’lum bo‘lib turibdi. Ahamiyatli tomoni shundaki, har ikki hujumkor futbolchi O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod iqtidor egalari sanaladi. Demak, ular yana terma jamoadan taklif olish uchun, eng avvalo, klub miqyosidagi faoliyatini yo‘lga qo‘yib olishi kerak...
Ular orasida Husanov ham bor! “Barselona” manchesterliklar transferlariga munosabat bildirdi
Jahon chempioni Husanovga qanday baho berdi?
Gol Husanov kelajagiga qanday ta’sir qilishini aytishdi!
Raqiblar murabbiyi: Shomurodov yoqmaydi, desam ahmoq bo‘laman!
Fayzullaev Ronaldu bilan bir turnirda o‘ynashi mumkin
Fikrlar