O‘zbek-qozoq boksidagi yana bir epoxa o‘z poyoniga etdi yoxud Kamshybek, ajoyib raqobat uchun senga rahmat!

  • 21 yanvar, 00:21
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Futbolda "el-klasiko" va "Milan derbisi" juda mashhur va muxlislar ushbu qarama-qarshilikni intiqlik bilan kutishadi. Chunki ular futbolni san’at darajasiga chiqarib yuboradi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. To‘g‘ri, so‘ngi vaqtlarda "Milan derbisi"ga bo‘lgan qiziqish biroz susaygan bo‘lsa-da, lekin "Milan" va "Inter"ning shonli davrida butun jahon futbol ixlosmandlari ikkiga bo‘linganligi rost. "Barselona" va "Real" qarama-qarshiligi esa ortiqcha izohga muhtoj emas...


Aslida bugun men futbol haqida emas, yuqorida aytib o‘tgan futbol olamidagi har ikki atamaga mos keluvchi havaskor boksdagi qarama-qarshilikka e’tibor qaratmoqchiman. Ya’ni, havaskor boksdagi "el-klasiko" yoxud "Markaziy Osiyo derbisi" borasida...Ha, anglab turganizdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston boksidagi raqobat haqida so‘z ketmoqda. 
Sobiq Ittifoq parchalanganidan so‘ng, Olimpiada, Jahon chempionati va Qit’a chempionatlarida O‘zbekiston va qozog‘istonlik bokschilar har doim sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelishgan. Dastavval mintaqada qozog‘istonlik charmqo‘lqop ustalari Olimpiadada anchagina salmoqli natijalar qayd etdi.  So‘ngi 10 yillikda esa O‘zbekiston terma jamoasi nafaqat mintaqada balki jahonda tengsiz ekanliklarini isbotlab kelishmoqda. Quvonarlisi, har doim "uloq"ni olib ketadigan Kuba, Rossiya va ukrainalik bokschilarni O‘zbekiston hamda Qozog‘iston bokschilari ortda qoldira oldi. 


Albatta, har ikki yurtning boks mamlakatiga aylanishining sababi o‘zaro sog‘lom raqobat ekanligi sir emas. Shuncha bosib o‘tilgan yillar mobaynida xalqaro musobaqalarda ko‘plab o‘zbek-qozoq bokschilarining to‘qnashuviga guvoh bo‘lganmiz. Ular orasida esa Bahodir Jalolov-Kamshybek Kunkabaev qarama-qarshiligi esa alohida tarix! Ha, bularga qadar, Narimon Otaev-Nurjan Smanov, Rustam Saidov- Muxtarxon Dildabekov, Elshod Rasulov-Adilbek Niyazimbetovlarning murosasiz janglariga guvoh bo‘lganmiz. Biroq, Jalolov-Kunkabaev davri uzoq davom etdi. O‘zaro natija 7:2 ko‘rinish oldi. Albatta, Jalolov foydasiga! Biroq, bu erda biz natijaga urg‘u qaratmoqchi emasmiz. Shunchaki Kamshybek Kunkabaevning faoliyatini yakunlaganini bee’tibor qoldira olmadik. Zero, Bahodirga u munosib raqib bo‘la oldi. 

 


Shu o‘rinda qozoq bokschisining natijalariga e’tibor qaratsak, Kunkabaev faoliyati mobaynida salmoqli natijalar qayd eta oldi. Olimpiada bronza medali sohibi, ikki karra Jahon chempionatida kumush, 4 karra Osiyo chempionatida kumush, bir marotaba Osiyo o‘yinlarida kumush, Butunjahon armiya o‘yinlarida ham kumush medalni qo‘lga kiritdi. 
Ajoyib natijalar a? Garchi, oltin bo‘lmasa ham. Ha, bitta bokschi orzu qilishi mumkin bo‘lgan sovrinlar qo‘lga kiritilgan. Aksariyat finallarda u Bahodir Jalolovdan mag‘lubiyatga uchragan. Ammo yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek munosib jang ko‘rsata olgan. Shu o‘rinda uning insoniylik jihati ham maqtovga loyiq ekanligini aytib o‘tishimiz joiz. Kamshybek bir necha bor yurtimizga tashrif buyurgan va u bilan hamsuhbat bo‘lganmiz. Qolaversa, Bahodir Jalolov hamda To‘lqin Qilichevlar ham uning xulqiga yuqori baho berganligini aytib o‘tish kerak. Xullas, biz faqat uning yaxshi taraflarini e’tirof etamiz. 


Qisqa qilib aytganda, Bahodir Jalolov havaskor boksdagi faoliyatini yakunlagan bo‘lsa, Kamshybek Kunkabaev rasman boksdan ketganligini ma’lum qildi. 
Xullas, o‘zbek-qozoq boksi qarama -qarshiligidagi yana bir epoxa o‘z poyoniga etdi. 


Biz esa qozoq bokschisining keyingi faoliyatinga omad tilaymiz. Kamshybek, ajoyib raqobat uchun senga rahmat!


Shu o‘rinda ba’zi qo‘shni yurt saytlariga o‘xshab "prosmotr" uchun kurakda turmaydigan sarlavhalardan foydalanmasdan, insoniylikni birinchi o‘ringa qo‘ygan holda, munosib raqibni mardlarcha olqishlay olsak, muxlislar o‘rtasida o‘zaro nizo qo‘zg‘amasdan, har bir voqelikka xolis yondoshsak va sog‘lom raqobatni ilgari sursak, albatta o‘zbek-qozoq boksi yanada yuksalaveradi! 

Ahmadbek EShMATOV tayrladi

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!