Oʻzbekiston ilk bor Jahon chempionatida: raqib — Kolumbiya

  • 17.06.2026 07:15
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionati bahslarida ishtirok etadi. Fabio Kannavaro shogirdlari "K" guruhidagi birinchi uchrashuvni Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi.

Bu bahs o‘zbek futboli tarixidagi eng muhim o‘yinlardan biri hisoblanadi. Osiyo saralash bosqichida bir necha bor omadi kelmagan O‘zbekiston nihoyat Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Terma jamoa saralash bosqichida o‘z guruhida ikkinchi o‘rinni egallab, 2026 yildagi mundialning asosiy sensatsiyalaridan biriga aylandi.

O‘zbekistonning tarixiy debyuti yana bir jihat bilan e’tiborga loyiq. Terma jamoani 2006 yildagi Jahon chempionati g‘olibi, Italiya terma jamoasining sobiq sardori va "Oltin to‘p" sohibi Fabio Kannavaro boshqarmoqda. Tajribali mutaxassis xalqaro turnirlarda katta tajribaga ega bo‘lsa-da, uning ixtiyoridagi tarkib uchun bu darajadagi musobaqa yangi sinov hisoblanadi.

Kannavaroning asosiy vazifasi — jamoani himoyada mustahkam o‘ynashga o‘rgatish va kuchli raqiblarga qarshi munosib raqobat qilish imkonini yaratish. Guruhda Portugaliya, Kolumbiya va Kongo DR kabi raqiblar borligi vazifani yanada murakkablashtiradi.

Jamoa himoyasida "Manchester Siti" futbolchisi Abduqodir Husanov muhim figura sifatida ko‘rilmoqda. Hujumda esa terma jamoa sardori Eldor Shomurodov o‘z tajribasi va mahorati bilan yetakchilik qilishi kutilmoqda.

Kolumbiya esa mundialga katta maqsadlar bilan qaytmoqda. Jamoa Qatar-2022 musobaqasiga chiqa olmaganidan keyin tarkib va o‘yin uslubida yangilanish jarayonini boshdan kechirdi.

Nestor Lorenso boshchiligida kolumbiyaliklar yana o‘zlariga bo‘lgan ishonchni tiklashdi. Ular 2024 yildagi Amerika kubogi finaligacha yetib borib, hal qiluvchi bahsda Argentinaга qo‘shimcha vaqtlarda mag‘lub bo‘lishgan edi. Bu natija jamoaning yana yirik turnirlarda yuqori natijalar uchun kurasha olishini ko‘rsatdi.

Kolumbiya tarkibi ham yetarlicha tajribali. Luis Dias qanotlarda tezligi va faolligi bilan ajralib tursa, 34 yoshli Xames Rodriges hali ham jamoaning asosiy ijodkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, janubiy amerikaliklarda hujum chizig‘ida yetarlicha kuchli variantlar mavjud.

Rodriges uchun bu musobaqa alohida ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. U 2014 yildagi Jahon chempionatida yorqin o‘yini orqali butun dunyoga tanilgan va Kolumbiyani tarixidagi eng yaxshi natija — chorak finalga olib chiqqan edi. 2026 yildagi mundial uning faoliyatidagi so‘nggi Jahon chempionati bo‘lishi ehtimoldan holi emas.

Mexikoda bo‘lib o‘tadigan bahsda Kolumbiya favorit sifatida maydonga tushadi. Biroq ochilish o‘yinlari har doim ham oson kechmaydi. Raqiblar uchun yaxshi o‘rganilmagan va tarixiy voqeadan ruhlangan O‘zbekiston terma jamoasi kutilmagan natija qayd etishga harakat qiladi.

O‘zbekiston Kannavaroning himoyaviy tajribasi yordamida tartibli o‘yin namoyish etishni maqsad qilgan bo‘lsa, Kolumbiya Qatar-2022 mundialini o‘tkazib yuborishi tasodif bo‘lganini isbotlashga intiladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!