O‘zbekiston Kubogi chorak final oldidan: revansh uchun zo‘r imkoniyat yoxud Jizzaxdagi o‘yin "yonadi"

  • 25 avgust, 12:07
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun O‘zbekiston Kubogi chorak final bahslariga start beriladi. 25-27 avgust kunlari davomida yarim final ishtirokchilari aniqlanadi. O‘yinlar bitta bahsdan iborat bo‘lib, agar 90 daqiqa davomida g‘olib aniqlanmasa qo‘shimcha taymlarga murojaat qilinadi va unda ham kuchlar teng kelsa, penaltilar seriyasiga o‘tiladi.

Tecno

25 avgust

19:00. “So‘g‘diyona” - “Navbahor”

4 ta juftlik orasida eng printsipial va markaziy bahs shubhasiz bugun Jizzaxda bo‘lib o‘tadi. “So‘g‘diyona” klubi yarim final yo‘lida “Navbahor”ni qabul qiladi. Bu jamoalar o‘rtasidagi har qanday o‘yin juda qiziqarli va hujumkor tarzda o‘tib kelgan. Ayniqsa, Kubok doirasida ularni hisob-kitobi bor. Qiziq tarafi, o‘tgan yili aynan O‘zbekiston Kubogi chorak finalida ular Jizzaxda to‘qnashishgan va qo‘shimcha daqiqalardagi gollar tufayli uchrashuv dramatik tarzda kechgan bo‘lib, 2:3 hisobida “Navbahor” g‘alaba qozongan. Natijada “So‘g‘diyona” chorak finalda qolib ketgan. Taqdir taqozosi bilan yana o‘sha klublar yana Jizzaxda, yana chorak finalda to‘qnash kelishmoqda. “So‘g‘diyona” va uning ustozi Ivan Boshkovich hali o‘tgan yilgi mag‘lubiyatni unutmagan. Ularda revansh olish uchun imkoniyat bor. Ha, “Navbahor”ning maqsadi aniq: bu safar Kubokni boshi uzra ko‘tarish. Har qanday holatda ham ikkala jamoa bugun yarim finalga chiqish uchun o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatishsa kerak. Albatta, imkoniyatlar mutlaqo teng. “So‘g‘diyona” ko‘zida qasos o‘ti "yonmoqda". Lekin “Navbahor” ham jiddiy raqib. Bu to‘qnashuvni o‘tkazib yuborib bo‘lmaydi.

26 avgust

20:30. “Paxtakor” - “Mash’al”

“Mash’al”ga hurmatni saqlagan holda aytish mumkinki, “Paxtakor”ning g‘alabasiga ko‘pchilik ishonayotgani rost. Shuni ham unutmaslik lozimki, “Mash’al” Kubokni yutishda asosiy favoritlardan biri “Neftchi”ni Farg‘onada taslim qilib, shu ergacha etib keldi. O‘shanda ham “Mash’al”ning g‘alabasiga aytarli hech kim ishonmagandi. Biroq ular sensatsiya qayd etishdi. Chorak finalda “Paxtakor”ga qarshi bahsda ham muborakliklar yana sensatsiya ko‘rsata olisharmikin?

27 avgust

18:30. “Dinamo” - “Sho‘rtan”

Tabiiyki, ushbu juftlikda “Dinamo” favorit. Chempionatda 3-o‘rinda borayotgan Vadim Abramov shogirdlari yaqqol autsayder bo‘lib turgan “Sho‘rtan”ni qabuq qiladi. O‘yin tomonlama ham “Dinamo” raqibidan kuchli. Chempionatda birinchi davrada G‘uzordagi uchrashuvda “Dinamo” 1:3 hisobida g‘olib chiqqan. Abramov jamoasi ham O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. Lekin bitta o‘yindan iborat bahsda hamma narsa bo‘lishi mumkin. “Dinamo” raqibni mensimasa o‘ziga qiyin bo‘ladi.

19:00. “Bunyodkor” - “Buxoro”

Chempionat doirasida ikkala uchrashuvda ham “Bunyodkor” “Buxoro”ga ikkita gol urgan holda g‘alaba qozongan. Endi esa jamoalar O‘zbekiston Kubogida yarim final yo‘llanmasi uchun kurash olib borishadi. “Buxoro” himoyaviy jamoa va o‘yini asosan himoyaviy futbolga qurilgan. Agar zich himoyalanadigan bo‘lsa, uni yorib o‘tish “Bunyodkor”ga oson bo‘lmaydi. Biroq “Qaldirg‘ochlar” ushbu juftlik favoriti. Qolganini maydonda ko‘ramiz.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!