O‘zbekiston kuchlimi yoki Qozog‘iston yoxud terma jamoasi kuchiga qanday baho berishdi?

  • 10 oktabr, 2024, 16:05
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Sport olamida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi raqobat futbol maydonlariga ko‘chgan. O‘tgan asrda boshlangan “Paxtakor” va “Qayrat” jamoalari o‘rtasidagi kimo‘zar poygasi bugungi kunda terma jamoalar miqyosida davomga etmoqda.

“Setanta Sports” telekanalining rossiyalik futbol sharhlovchisi Dmitriy Bajanov O‘zbekiston va Qozog‘iston terma jamoalarining ayni paytdagi imkoniyatlariga baho berib, qaysi tomon kuchliroq ekanini aytdi.

- Men bu terma jamoalarning turli jihatlari kuchli ekanini aytgan bo‘lardim. Xususan, o‘yinni tashkil etish va o‘z darvozasini himoya qilish qobiliyati bo‘yicha Qozog‘iston terma jamoasi ustunroq.

Bu jamoada jangovar va jismonan baquvvat futbolchilar jamlangan. Aynan himoya chizig‘ida shunday.

Qozog‘iston terma jamoasining chidamliligi eng muhim jihat. Evropa chempionati saralashida va Millatlar ligasida Norvegiyaga qarshi uchrashuvda shunday bo‘ldi. Bunday komponentlar bo‘yicha Qozog‘iston terma jamoasi O‘zbekistondan o‘tadi.

Hujumchilar guruhi, oldingi chiziqdagi ijodkorlar borasida O‘zbekiston terma jamoasi ancha qiziqarli o‘ynaydi. Tarkibda tajribali Eldor Shomurodov, yosh iste’dod egasi Abbosbek Fayzullaev, Eron chempionatida o‘ynayotgan va O‘zbekiston milliy terma jamoasida juda foydali o‘yinchi hisoblangan Oston O‘runov bor.

Har holda O‘zbekiston milliy terma jamoasida hujumkor futbolchilarni tanlash imkoniyati kengroq.

Albatta, O‘zbekiston terma jamoasi hujumini Qozog‘iston himoyachiga qarshi o‘yini va qaysi tomon kuchliroq ekanini amalda ko‘rish juda qiziq bo‘lardi, - dedi Dmitriy Bajanov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo futbol konfederatsiyasi, qozog‘istonliklar esa, UEFA a’zosi bo‘lgani uchun bu ikki mamlakat klublari va terma jamoalari o‘zaro muntazam to‘qnash kelmaydi.

Statistikalarga ixtisoslashgan wildstat.ru portalidagi ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekiston va Qozog‘iston terma jamoalari o‘zaro etti marotaba to‘qnash kelgan.

1992 yilning 16 iyulida  Markaziy Osiyo kubogi musobaqasi final bosqichi doirasida o‘tkazilgan birinchi uchrashuvda qozog‘istonliklar o‘z maydonida 1:0 hisobida zafar quchgan. Uch oydan keyin Toshkentda tashkil etilgan javob o‘yinida kuchlar teng kelgan edi – 1:1.

1994 yili O‘zbekiston Mustaqilligi turniri final bosqichida hamyurtlarimiz qo‘shni mamlakat futbolchilari ustidan ilk g‘alabasini nishonladi. O‘yin taqdirini yagona gol hal qildi.

Qozog‘iston UEFAga o‘tishidan avval – OFK a’zosi bo‘lgan yillari bu ikki terma jamoa jahon chempionatining Osiyo mintaqasi saralash turnirida o‘zaro ikkita uchrashuvda kuch sinashgan. 1997 yilgi ikkita bellashuvning birinchisida raqib maydonida hamyurtlarimiz durangga erishgan – 1:1.

Toshkentdagi ikkinchi bellashuvda o‘zbekistonlik charm to‘p ustalari qozog‘istonlik darvozasiga javobsiz to‘rtta to‘p kiritgan.

2007 yili Qozog‘istonda tashkil qilingan “Alma-TV” kubogi doirasidagi o‘yinda 1:1 hisobi qayd etilgan va shundan keyin tomonlarning aloqalari bir necha yilga uzilib qoldi.

Nihoyat, 2022 yili Toshkentda o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil qildi. 16 noyabrda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mezbonlar raqib darvozasini ikki bor ishg‘ol etdi – 2:0.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘zaro o‘yinlardan uchtasida zafar quchgan va yana uchtasida durang o‘ynagan va faqat bir bor imkoniyatni boy bergan.

Hurmatli muxlislar, siz nima deb o‘ylaysiz, ayni paytda O‘zbekiston milliy terma jamoasi kuchlimi yoki Qozog‘iston?

Fikringizni izohlarda qoldiring...

 

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Адхамжон Низомов
11/10/2024 00:17
Узбекистон кучли. Уйин булса уйнаб ютади.