
O‘zbekiston – Yaman uchrashuvining chiptalari nega qimmat?
Xabaringiz bor, bugun JCh-2022 ikkinchi saralash bosqichi 3-turidan o‘rin olgan O‘zbekiston - Yaman uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. O‘yin 17:00da "Paxtakor" stadionida o‘tkaziladi.
Ushbu o‘yin uchun chiptalar 3 xil toifada sotilmoqda. 1-toifa – 35 000 so‘m, 2-toifa – 25 000 so‘m, va CIP – 75 000 so‘mdan sotilmoqda. Bugungi bahs uchun chiptalar kamroq sotilgan. Bu esa uning narxi qimmatligi bilan baholanmoqda.
Chiptalar narxi nega qimmatligi borasida “SPORTS.uz haftasi” ko‘rsatuvida O‘FA matbuot xizmati vakili Davron Fayziev quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi.
- To‘g‘ri, chiptalar avvalgiga nisbatan biroz qimmat. Lekin avval chipta narxi arzon bo‘lgani bilan asosan “qo‘lga” chiqib ketardi. Ko‘chada ikki, uch barobar qimmatga sotilardi. Hozir esa internet orqali bemalol harid qilinishi mumkin. Bu viloyatdan keladigan muxlislar uchun ham qulay. Ular xohlagan payt internetdan buyurtma qilib qo‘yishadi va o‘yinga bamalol etib kelishadi. Hozir muxlislar chiptalarni bemalol olishadi. Chiptaning narxi milliy terma jamoa uchun normal narx, menimcha. Chunki terma jamoa bir yilda 4-5 ta o‘yin o‘tkazadi. Dunyo stantdartlarini olsak, 3 dollarlik chipta qimmat emas aslida. Hayot tarzimizni ham inobatga olganda, fikrimcha, bu narx o‘rtacha. Mana shu faktorlar uchun ham chiptalar terma jamoa o‘ynaganda biroz qimmatroq.
To‘g‘ri, hammaning sharoiti har xil. Lekin ozgina harakat qilib, chipta xarid qilishi mumkin. Har holda viloyatdan kelib, juda ham qimmatiga olishdan ko‘ra shunisi yaxshiroq, nazarimda.
Men matbuot xizmatida faoliyat yuritaman. Chiptalar savdosiga aloqam yo‘q. Qandaydir aniq ma’lumot bera olmayman. Bu jarayon bilan iticket.uz sayti shug‘ullanadi. O‘FAning bunga aloqasi yo‘q. Kimki, chiptalar savdosiga aralashsa jiddiy tarzda jazoga tortiladi. Shu bois men o‘z fikrimni bildirdim xolos, - dedi Davron Fayziev.
Fikrlar