
O‘zbekistonda o‘ynab keta olmaganining sababi, standart vaziyatlardan gol urishining siri, terma jamoada jarimalarni kim tepishi kerakligi haqida Shahboz Umarov bilan intervyu
So‘nggi yillarda xorijda to‘p tepayotgan futbolchilarimiz soni ko‘paydi. Ammo ularning ayrimlarigina kutilgan darajada o‘ynamoqda.
Belarusning BATE safida harakat qilayotgan Shahboz Umarov o‘tgan mavcumdagi o‘yinlari sababli O‘zbekiston terma jamoasidan ham chaqiruv oldi. SPORTS.uz sayti Umarov bilan intervyu tashkillashtirdi.
– Assalomu alaykum, Shahboz. Yangi mavsumga tayyorgarlik qay darajada kechmoqda?
– Yangi mavsumga jiddiy tarzda tayyorgarlik ko‘ryapmiz. O‘tgan mavsum chempionlik uchun kurashda mag‘lub bo‘ldik. Bu yil maqsadimiz - chempion bo‘lish. Kuniga ikki mahal mashg‘ulot o‘tkazyapmiz.
– 5 mart kuni Belarus Superkubogida "Shaxtyor"ga qarshi maydonga tushasizlar. Bu o‘yin haqida nima deysiz?
– Shu o‘yin bilan yangi mavsumni boshlaymiz. Kurash ikki teng kuchli jamoa o‘rtasida kechadi. Bu o‘yinda g‘alaba qozonib, muxlislarimizni xursand qilmoqchimiz.
– Ikki yildan buyon Belarus chempionatida harakat qilyapsiz. Jamoangizni o‘zgartirish vaqti kelmadimikin?
– BATE bilan shartnomam bor. Takliflar yo‘q emas, ammo bu haqda gapirish to‘g‘ri, deb o‘ylamayman.
– Oxirgi yillarda Belarus chempionatida o‘zbek futbolchilari ko‘paygandi. Ammo bu yil faqat siz va Abdiholiqov qoldingiz. Futbolchilarimizning bu erda o‘ynab keta olmaganiga nima sabab bo‘ldi?
– Menimcha, hamma kelajagini o‘ylab ish qildi. Ayrim futbolchilarimiz bu erda o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgandi.
– Belarus chempionatining saviyasi haqida gapirsangiz. Ko‘pchilik uni bizning Pro-Liga darajasida, deb hisoblaydi.
– Ushbu fikrga umuman qo‘shilmayman. Qanaqasiga bunday bo‘lishi mumkin. Belorusning klublari Evropa Chempionlar Ligasida o‘ynaydi. Bu futbolni tushunmaydiganlarning gapi.
– "O‘zimizda o‘ynab keta olmaganlar Belarusda bemalol o‘ynab yurishibdi" degan fikr ham yo‘q emas...
– Kim? Shahzod Ubaydullaev va Bobir Abdiholiqov bizda o‘ynay olishmaganmi? Bu gaplarga qo‘shilmayman.
– Siz BATEda katta muvaffaqiyatga erishdingiz. O‘zbekiston chempionatida o‘ynab ketish uchun sizga nima etishmadi?
– Hammasi etarli edi, faqat xarakterim sababli o‘ynab keta olmadim, deb hisoblayman. Noprofessional edim.
– Belarus chempionatining bizdan ustunliklari nimada?
– Bu erda jismonan kuchli futbolchilar o‘ynaydi. Buni avval ham aytganman.
– Katanets kelgach terma jamoadan ham chaqiruv oldingiz. Sloveniyalik murabbiy bilan Jahon chempionatiga chiqa olamizmi? Umuman bu murabbiy haqida fikringiz qanday?
– Srechko Katanets - kuchli mutaxassis. Mashg‘ulotlarda juda talabchan. O‘ylaymanki, u bizni mundialga olib boradi.
– Terma jamoada asosiy tarkib uchun raqobatchilaringiz etarlicha. Ular haqida nima deya olasiz? O‘zbek futbolchilarining o‘yinlarini kuzatib borasizmi?
– Mening pozitsiyamda juda kuchli futbolchilar o‘ynaydi. Ular o‘sishimga yordam beradi. Buning yomon tarafi yo‘q. Har birini kuzatib boraman.
– BATE safida jarimadan bir nechta chiroyli gollar urdingiz. Bu ustida alohida ishlaysizmi?
– Mashg‘ulotlardan keyin qolib, jarima zarbalarini tepib ko‘raman. Standartdan gol urish boshqacha zavq bag‘ishlaydi.
– Termamizda qaysi futbolchilar jarima to‘pini tepish kerak?
– Menimcha, G‘aniev, Shukurov va Masharipov.
Jaloliddin Qobiljonov suhbatlashdi.
Fikrlar