
O‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi Rossiyada mezbon bokschi bilan jang qiladi
Bugun Rossiya Federatsiyasining Ufa shahrida joylashgan "Wrestling Palace" majmuasida IBA PRO 3 professional boks oqshomi bo‘lib o‘tadi.
Avval xabar berganimizdek, musobaqa doirasida o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi Havasbek Asadullaev Rossiya vakili Alan Xugaevga qarshi bahs olib boradi. Kecha bokschilar turnir oldidan vazn o‘lchash marosimida qatnashib, yarim o‘rta vazn me’yorini bajarishdi.
Ushbu bahs 25 yoshli Asadullaev uchun professional boksdagi to‘rtinchi jang bo‘ladi. U bundan avvalgi barcha janglarida g‘alaba qozongan. Ikkita jangida raqiblarini muddatidan avval taslim etgan. Hamyurtimiz prof karerasidagi so‘nggi jangini 2022 yil iyun oyida Tursunboy Abdulhakimovga qarshi o‘tkazib, zafar quchgan edi.
26 yoshli Alan Xugaev hisobida esa 19 ta g‘alaba bor. U g‘alabalarining 9 tasini muddatidan ilgari qo‘lga kiritgan. Bugungi boks oqshomi bizning vaqti bilan soat 18:00 da boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston profesional boks federatsyasi xabar bermoqda.
Fikrlar