O‘zPFL rahbariyati yangi tashkil etilayotgan "Guliston" klubi va uning stadionini o‘rgandi yoxud Sirdaryoga katta futbol qaytmoqda

  • 14.12.2025 09:16
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Nihoyat, Sirdaryoga ham yana katta futbolga qaytmoqda. Yaqinda xabar berganimizdek, u erda "Guliston" futbol klubi qayta tashkil etilmoqda. Buning uchun rahbariyat shakllantirilgan va hatto bosh murabbiy ham tayinlangan. Guliston shahridagi stadion esa qaytadan rekonstruktsiya qilinmoqda. Viloyatda futbolni tiklash uchun allaqachon amaliy ishlar boshlab yuborilgani quvonarli, albatta.

Sirdaryodagi bunday o‘zgarishlar O‘zPFL rahbariyatini ham quvontirmasdan qolmaydi. Shu maqsadda tashkilot direktori Diyor Imomxo‘jaev boshchiligidagi delegatsiya ushbu viloyatda bo‘lib qaytdi. Ularning tashrifi borasida viloyat futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimligi tashabbusi bilan “Guliston” futbol klubini tashkil etish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda. Mazkur jarayon doirasida professional Futbol Ligasi (PFL) vakillari yangi mavsum oldidan klubning ligadagi ishtiroki bilan bog‘liq muhim masalalarni muhokama etish maqsadida Sirdaryo viloyatida bo‘lishdi.

Xizmat safari davomida O‘zPFL direktori Diyor Imomxo‘jaev viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida yangi tashkil etilayotgan “Guliston” futbol klubining professional liga musobaqalaridagi ishtiroki, uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi hamda hudud futbolini yangi bosqichga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zPFL tomonidan Sirdaryo viloyatida katta futbolni qayta tiklash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yuqori baholandi. Guliston shahridagi markaziy stadionda olib borilishi rejalashtirilgan ta’mirlash va modernizatsiya ishlari joyida o‘rganilib, liga reglamentlariga to‘liq moslashtirish bo‘yicha zarur talab va takliflar bildirildi.

Ushbu jarayonda stadion infratuzilmasini zamonaviy standartlarga mos holga keltirish, muxlislar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida mutaxassislar tomonidan amaliy tavsiyalar berildi.

Mazkur tashrif Sirdaryo viloyatida professional futbolni rivojlantirish, “Guliston” futbol klubining barqaror faoliyatini yo‘lga qo‘yish va yaqin kelajakda yurtimiz futbol xaritasida munosib o‘rin egallash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!