
“Paxtakor” bokschisi haqida eshitganmisiz?
80-yillar boshidagi “Paxtakor” jamoasini katta yoshli futbol muxlislari yaxshi eslaydi. 1982 yilda Sobiq Ittifoq oliy ligasida 6-o‘rinni band etgan jamoa tarkibidan ajoyib futbolchilar o‘rin olgan edi. Aynan o‘sha yili chempionatning to‘purari ham paxtakorchi Andrey Yakubik bo‘lgan. Qolaversa, Marat Kabaev, Gennadiy Denisov, Nuriddin Amriev, Sergey Bondarenko, Konstantin Novikov, Aleksey Petrushin, Valeriy Yakimtsov, Aleksandr Yanovskiy, Igor Ivanov, Mustafo Belyalov, Aleksandr Juravlyov, Vitaliy Jilkin, Igor Semenka, Xusan Boymatov, Paxriddin Islomov, Dmitriy Ogay, Anvar Rashidov, Oleg Pak, Xaitbay Irisbekov, Andrey Medyanskiy, Yuriy Gada, Aleksandr Volkov, Islom Ahmedov ushbu natija qayd etilishiga sababchi bo‘lgan.
Bu borada so‘z yuritishimizning ham o‘z sababi bor. O‘sha vaqtdagi “Paxtakor” tarkibida o‘ng qanot himoyasida to‘p surgan Husan Boymatovning ham o‘z o‘rni bor edi. Andrey Yakubik ham faoliyatida eng chiroyli golini “Jalgris”ga urgani va aynan mazkur golga Husan Boymatov hammualliflik qilganini ta’kidlab o‘tgan edi. Xullas, biz Husan Boymatov bilan qisqagina suhbat qurdik. Lekin ushbu intervyu millionlar o‘yini haqida emas, aksincha boks haqida bo‘ldi. Chunki, ushbu faxriy futbolchimiz avval boks bilan shug‘ullangan va keyinchalik omadli tasodif tufayli baxtini ringdan emas, stadiondan qidirgandi.
(Rasmda o‘ngdan birinchi)
- Assalomu alaykum.
- Va alaykum assalom.
- Husan aka futbol olamiga kirib kelishingizdan avval boks bilan shug‘ullangan ekansiz?
- Ha, ushbu sport turiga bo‘lgan qiziqishim yuqori bo‘lgandi.
- Boks to‘garagiga borganingizda necha yosh edingiz?
- 8 yoshda edim.
- Qaerda va kimning qo‘l ostida mashg‘ulotlar olib borgansiz?
- TTZ dahasida Sobir aka murabbiyim bo‘lgandi.
- Necha yoshgacha boks bilan hamnafas bo‘lgansiz?
- Ikki yil shug‘ullanganman. Ya’ni 10 yoshga qadar.
- Demak, jiddiy musobaqalarda ishtirok etmagan ekansiz-da?
- Ha, shunday bo‘lgan. Lekin klubimiz g‘olibligi uchun sparring janglar ko‘p bora o‘tkazar edik.
- Nima sababdan boksni tark etib, futbol bilan shug‘ullana boshlagansiz?
- Aslida, futbolchi bo‘lishimga ham boks sababli bo‘lgan. Chunki yakshanba kunlari “Traktor” stadionida futbol o‘ynar edik. O‘shanda futboldagi ilk murabbiyim Vasiliy Ivanovich Nakonechniyga harakatlarim ma’qul kelib, kelajagim futbolda ekanligini aytgan. Shu sabab, ushbu sport turidagi faoliyatimni boshlaganman.
- Boksda ham kuchli tomonlaringiz bor edimi? Har holda, murabbiyingiz aytgan bo‘lsa kerak?
- Albatta, jismoniy jihatdan baquvvatligim va chidamli ekanimni aytish barobarida texnik jihatdan biroz ishlashim kerakligini ta’kidlardi.
- “Paxtakor”dagi jamoadoshlaringiz ham yoshlikda boks bilan shug‘ullanganingizni bilar edimi?
- Albatta, yaqin do‘stlarim Marat Kabaev, Gennadiy Denisov va Konstantin Novikov orqali eshitishgandi.
- Boks sir-asrorlaridan xabardorligingiz futbol maydonlarida ham qo‘l kelganmi? Ya’ni, Sobiq Ittifoq chempionati juda keskin o‘tganligi aniq.
- To‘g‘ri, o‘yin vaqti, yakunlangandan keyin shunday janjallar bo‘lib turardi. Lekin mushtlashish darajasigacha bormaganmiz.
- Hozir ham boks janglarini kuzatib borsangiz kerak?
- Albatta, professional hamda havaskor boksni ham kuzataman. Ayniqsa, o‘zbek boksi yanada yuksalayotganidan xursandman va o‘z o‘rnida ularga ulkan zafarlar tilab qolaman.
Fikrlar