"Paxtakor" "Bunyodkor" maydonidan chempion bo‘lib ketmasligi kerak edi - o‘yin qahramoniga aylangan Nurillo To‘xtasinov. U terma jamoadan chaqiruv kutyaptimi?

  • 5 noyabr, 2020, 21:09
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Coca-Cola Superliganing 18-turida qoldirilgan “Bunyodkor” – “Paxtakor” o‘rtasidagi o‘yin 5 noyabrga belgilangandi. Agar “Paxtakor” raqibini mag‘lub eta olsa, muddatidan oldin chempionlikni rasmiylashtirib qo‘ygan bo‘lardi. Shu sababli uchrashuvga qiziqish yuqori bo‘ldi.

Tecno

Ammo Vadim Abramov va uning jamoasi “Paxtakor”ning “Bunyodkor” stadionida chempionlikni nishonlashini xohlamadi. Shunga yarasha ular Arveladze jamoasiga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi va yakunda 3:2 hisobida muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. O‘yin qahramonlaridan biri Nurillo To‘xtasinov bo‘ldi.

“Bunyodkor” futbolchisi ikkita gol urdi va ayniqsa, o‘yinda hisobni ochgan goli juda chiroyli chiqdi. O‘yin yakuniga etganidan keyin To‘xtasinov sports.uz sayti uchun taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

-  Bugungi uchrashuv hammaga yoqdi, xuddi yil o‘yini maqomi ostida o‘tdi, desak ham bo‘ladi. Taassurotlaringiz qanday?

-  O‘tgan yili ham “Paxtakor”ni 3:2 hisobida yutgandik. Bu yil esa birinchi davrada beshta gol o‘tkazib, yirik hisobda mag‘lub bo‘lgandik. O‘yindan bir kun avval, Vadim Karlenovich 5:0 hisobidagi mag‘lubiyatni unutishimizni, o‘tgan yilgi g‘alabamizni takrorlaymiz, o‘zinglarga ishoninglar, maydonga chiqib, faqat o‘z o‘yininglarni ko‘rsatinglar, “Paxtakor” bu erdan chempion bo‘lib ketmasligi kerak, dedi. Biz ham raqibni o‘rganib tayyorgarlik ko‘rdik. Shuning uchun futbolchilarda o‘ziga ishonch katta bo‘ldi.

-  Ikkita gol urib o‘yin qahramonlaridan biriga aylandingiz. Ayniqsa, birinchi golingiz qoyilmaqom chiqdi. Bu siz uchun eng chiroylisimi?

-  Albatta, eng chiroylilaridan bittasi. Lekin “Paxtakor”ga ikkita gol urishimni o‘ylamagandim. Ammo uchrashuvdan oldin murabbiylarimiz ikkita o‘yindan beri gol urmayapsan, bu ishni bajarish vaqting keldi, deb ishonch bildirishgandi. O‘zim ham Shuhrat aka Maqsudovga gol uraman, deb aytgandim. Bu uchrashuvda o‘zim ham hech bo‘lmaganda bitta gol urishimni ko‘nglim sezgandi. Hattoki, bugun uchta gol urishim ham mumkin edi, ammo uchinchisi kirmay qoldi.

-  Agar “Bunyodkor” mavsum davomida bugungidek o‘yin ko‘rsatganida bemalol kuchli uchtalikda bo‘lardi...

-  To‘g‘ri. O‘ynasa jamoa ham “ochiladi”. Agar raqib o‘ynamasdan himoyaga “yotib” olsa qiynalamiz. “Paxtakor” bilan esa ochiq o‘yin bo‘ldi. Baribir derbilar boshqacha ruhda o‘tadi.

-  Vadim Abramov sizni ham milliy termaga chaqirishini kutyapsizmi?

-  Albatta meni ham termaga chaqirsa, bundan juda ham xursand bo‘laman. Lekin kimni taklif qilish yoki taklif qilmaslik bu Abramovning xohishi. Ammo men bu yog‘iga ham yana o‘z ustimda ishlashda davom etaman. Balki keyingi yig‘inlarda o‘zimni ko‘rsatsam, chaqirishi mumkin. Lekin termaga chaqirmayapti, deb tushkunlikka tushib qolayotganim yo‘q.

-  Agar sizga “Paxtakor”dan taklif bo‘lsa, rozi bo‘lasizmi?

-  “Bunyodkor” bilan yana bir yillik shartnomam bor. Oldindan nimadir deya olmayman. 2021 yilda “Bunyodkor” bilan shartnomam tugaydi. Kelasi yil bo‘laversin-chi, hammasini vaqt ko‘rsatadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!