Pikford "quruq" darvozabonlar klubiga kirdi
«Everton» darvozaboni Jordan Pikford Angliya chempionatida yubiley ko‘rsatkichni qayd etdi – u Premier-ligada 100-marta maydonni gol o‘tkazmasdan tark etdi. Bu natijaga u to‘rtinchi turda «Tottenxem»ga qarshi o‘yinda erishdi. Bellashuv golsiz durang – 0:0 hisobida yakunlandi.
Shu tariqa Pikford Premier-liga tarixida 100 yoki undan ortiq «quruq» o‘yin o‘tkazgan darvozabonlar ro‘yxatiga 19-darvozabon bo‘lib qo‘shildi.
Liga rekordi esa hanuz Petr Chex qo‘lida: u «Chelsi» va «Arsenal» tarkibida jami 202 marta raqiblarga gol urish imkonini bermagan. Chexning ko‘rsatkichi eng yaqin ta’qibchi Devid Jeymsdan 33 o‘yinga ko‘p.
Eng yaxshi darvozabonlar ro‘yxatiga qo‘shilishi kutilayotgan navbatdagi nomzod – «Nyukasl» posboni Nik Poup. Uning hisobida hozircha 80 ta «quruq» o‘yin bor. Biroq so‘nggi paytlarda Poup asosiy tarkibda maydonga tushmayotgani, uning rekordlar poygasidagi sur’atiga ta’sir qilmoqda.

Fikrlar