Portugalya g'alaba izlab, O'zbekiston tarix sari intilmoqda

  • 23.06.2026 07:15
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Portugaliya terma jamoasi 2026 yildgi Jahon chempionati guruh bosqichi 2-turida Oʻzbekistonga qarshi maydonga tushadi. Hyuston shahridagi NRG stadionida boʻlib oʻtadigan uchrashuv portugalialiklar uchun katta ahamiyatga ega.

Roberto Martines shogirdlari birinchi turda Kongo DR bilan 1:1 hisobida durang oʻynadi. Jamoa Joau Neveşning goli evaziga oldinga chiqqan boʻlsa-da, keyinchalik Yoan Vissa hisobni tenglashtirgan edi.

Portugaliya soʻnggi besh uchrashuvida magʻlub boʻlmagan, ammo jamoaning oʻyini barqaror emas. Kongo DRga qarshi bahsda evropaliklar atigi bir marta darvoza sohasiga aniq zarba berishdi va kutilayotgan gollar koʻrsatkichi (xG) ham 0,65 ni tashkil qildi.

Mundialdan oldin Portugaliya AQShni 2:0 hisobida magʻlub etgan, shuningdek, Chili va Nigeriya ustidan ham 2:1 hisobida gʻalaba qozongandi.

"K" guruhidagi vaziyat Portugaliyani faqat gʻalaba haqida oʻylashga majbur qilmoqda. Birinchi turdan keyin Kolumbiya 3 ochko bilan peshqadam boʻlib turibdi. Portugaliya va Kongo DR hisobida bir ochkodan bor. Oʻzbekiston esa ochkosiz qolgan.

Oʻzbekiston tarixidagi ilk Jahon chempionatida ishtirok etmoqda. Birinchi turda Fabio Kannavaro shogirdlari Kolumbiyaga 1:3 hisobida magʻlub boʻlishdi.

Uchrashuvda Abbosbek Fayzullaev Oʻzbekistonning Jahon chempionatlari tarixidagi ilk golini urdi. Biroq ikkinchi boʻlimda himoyadagi xatolar qimmatga tushdi va raqib yana ikki bor darvozani ishgʻol qildi.

Oʻzbekiston soʻnggi uch uchrashuvda magʻlubiyatga uchradi. Bu davrda jamoa Kolumbiya, Niderlandiya va Kanadaga qarshi bahslarda jami 7 ta gol oʻtkazib yubordi.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston kuchli Evropa va Janubiy Amerika jamoalariga qarshi qiynalib kelmoqda. Soʻnggi shunday uchrashuvlarning har birida jamoa kamida ikkitadan gol oʻtkazib yuborgan.

Portugaliya va Oʻzbekiston milliy jamoalari oʻzaro ilk bor maydonga tushadi. Bu ikki mamlakat tarixidagi birinchi rasmiy uchrashuv boʻladi.

Martines uchun asosiy masala — jamoaning hujumdagi samaradorligini oshirish. Mutaxassis tarkibda oʻzgarish qilishi mumkin. Ruben Diash jarohatidan tuzalib safga qaytgan va asosiy tarkibda maydonga tushishi kutilmoqda. Shuningdek, Rafael Leau yoki Fransishku Konseysau kabi futbolchilar ham ilk daqiqalardan oʻyinni boshlashi mumkin.

Oʻzbekistonda esa himoyachi Rustam Ashurmatovning holati savol ostida turibdi. Agar u oʻynay olmasa, Kannavaro boshqa variantlarga murojaat qilishga majbur boʻladi.

Mutaxassislar va bukmekerlar Portugaliyani bahsning yaqqol favoriti sifatida koʻrsatmoqda. Biroq Oʻzbekiston uchun bu yana bir tarixiy imkoniyat boʻlib, jamoa mundialdagi ilk ochkolarini qoʻlga kiritishga harakat qiladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!