
Prevyu. "Navbahor" - "Paxtakor"
O‘zbekiston Superligasining 24-turidan o‘rin olgan bahsda"Navbahor" o‘z maydonida “Paxtakor” (Toshkent)ni qabul qiladi.
Superliga (oliy liga)mizning muntazam ishtirokchisi bo‘lgan mazkur klublarning o‘zaro uchrashuvlari tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, jamoalar shu kungacha 67 marta o‘zaro ro‘baro‘ kelishgan.
O‘zaro o‘yinlar bo‘yicha ustunlik poytaxtliklar tarafida. O‘tkazilgan bahslarning 41 tasida “sherlar” zafar quchishgan bo‘lsa, 13 ta o‘yinda “lochinlar” g‘alaba qozonishgan, 13 ta uchrashuvda esa durang qayd etilgan.
“Paxtakor” “Navbahor” darvozasiga 109 ta to‘p kiritib, o‘z darvozasidan 51 ta to‘p o‘tkazib yuborgan. O‘zaro o‘yinlarda “sherlar” 136, “lochinlar” esa 52 ochkoni qo‘lga kiritishgan.
Ushbu jamoalarning o‘zaro o‘yinlari tarixida qayd etilgan eng yirik hisob - 7:0. Mazkur hisob 2009 yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qayd etilib, unda “Paxtakor” zafar quchgandi.
Ushbu klublar shu kungacha Namanganda 33 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, mazkur bahslarning 12 tasida “lochinlar” g‘alaba qozonishgan bo‘lsa, 14 tasida toshkentliklar zafar quchishgan, 7 ta o‘yinda esa durang qayd etilgan.
“Navbahor” o‘z maydonidagi o‘yinlarda “Paxtakor” darvozasiga 31 ta gol urib, o‘z darvozasidan 39 ta to‘p o‘tkazib yuborgan. Mazkur jamoalarning birinchi davrada Toshkentda bo‘lib o‘tgan bahsida nursiz durang – 0:0 hisobi qayd etilgandi.
Eslatib o‘tamiz, “Navbahor” – “Paxtakor” bellashuvi 9 noyabr kuni Namangandagi “Markaziy” stadionida soat 16:00 da start oladi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar