
Pro liganing top-7 transferlari!
Bu yil pro ligada ham intriga yanada kuchayishi, kurash ham yangi sifat darajasiga oshishi kutilmoqda. Chunki u erda 8 ta jamoa ishtirok etmoqda va har bir o‘z maqsadi sari tarkibini shunga yarasha kuchaytira oldi.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, pro ligada ham bir qancha yaxshigina transferlarga qo‘l urildi. Ayniqsa, o‘z oldiga Superligaga chiqish vazifasini qo‘ygan klublar tomonidan sifatli xaridlar amalga oshirildi. Bu borada jamoalar nomdor, 30 yoshdan oshgan o‘yinchilarni qo‘lga kiritishga ahamiyat qaratdilar. Quyida pro liganing top-7 transferlari haqida so‘z yuritamiz.
Bahrom Abdurahimov
Andijonlik tinib-tinchimas Bahrom Abdurahimovning 2024 yilni pro ligada o‘tkazishi ko‘pchilik uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. “Nasaf”dagi faoliyatidan keyin uni yana bemalol Superligada to‘p sura olishini va istalgan jamoaga foydasi tegishiga ishonganlar ko‘p edi. Biroq Abdurahimovni “Qo‘qon-1912” o‘z safiga qo‘shib olishga muvaffaq bo‘ldi. Shu tariqa, futbolchi “Andijon”, “Paxtakor”, “Nasaf”, “Metallurg”, OKMK, “Navbahor”dan keyin faoliyatida ilk bor pro ligada to‘p surishga qaror qildi. Bu yil 36 yoshni qarshilaydigan yarim himoyachi pro ligadagi top-transferlar qatorida.
Vitaliy Denisov
Rossiyadagi faoliyatidan keyin yurtimizga qaytgan va bunga qadar “So‘g‘diyona” hamda OKMKda to‘p surgan tajribali Vitaliy Denisov yangi mavsumni pro ligada o‘tkazishga ahd qildi. Bu borada “Buxoro” klubi va uning ustozi Ulug‘bek Baqoev futbolchiga jiddiy qiziqdi. Buning sababi oddiy: Denisov 2022 yilning yozida “So‘g‘diyona” klubiga o‘tishida ham jamoaning o‘sha paytdagi ustozi Baqoev tashabbus ko‘rsatgandi. U esa “Buxoro” bilan muvaffaqiyatsizlikka uchrab, Superligani tark etdi. Yangi mavsumda esa jamoani yana elitaga qaytarish uchun tarkibni nomdor futbolchilar bilan kuchaytirishdi va bu borada mutaxassis yana Denisovning xizmatidan foydalanishni lozim topdi.
Sherali Jo‘raev
Futbolchilik faoliyatining katta qismini “Qizilqum”da o‘tkazgan qanot yarim himoyachisi Sherali Jo‘raev bu yildan boshlab boshqa jamoa sharafini himoya qilmoqda. Navoiylik futbolchi orada OKMKda ham o‘ynab qaytgandi va yana “Qizilqum” sharafini himoya qilib kelayotgandi. Biroq bu yil futbolchi navoiyliklarga kerak bo‘lmay qoldimi yoki Sheralining o‘zi ketishini istab qoldimi, bilmadigu, har holda u pro ligada “Sho‘rtan” uchun to‘p surishni ma’qul ko‘rdi. Jo‘raev uzoq yillar davomida “Qizilqum” sardori va etakchisi sifatida muxlislar ko‘z o‘ngida gavdalanib keldi. Endi muxlislar uni “Sho‘rtan” libosida ko‘rishlariga to‘g‘ri keladi.
Humoyun Murtazoev
Muxlislarga yaxshi tanish yana bir o‘yinchi – Humoyun Murtazoev ham yangi mavsumni pro ligada o‘tkazmoqda. “Mash’al” klubi tarbiyalanuvchisi va katta futbolga ushbu jamoa orqali qadam bosgan hujumchi yana Muborakka qaytib, “Mash’al” a’zosiga aylandi. 31 yoshli hujumchi 2021 yilning yozida “Mash’al”dan “Turon”ga transfer qilingandi. 2024 yilda esa u yana sobiq klubiga qaytib keldi. Shuningdek, Murtazoev “Nasaf” va “Bunyodkor” sharafini ham himoya qilgan. Aytish lozimki, bu hujumchi bemalol Superliga klublaridan biri to‘p surib gollar urish imkoniyatiga ega edi. Biroq endilikda “Mash’al” yana uning xizmatidan foydalanadigan bo‘ldi.
Davron Hoshimov
Pro ligadagi yana bir e’tiborli transferlardan biri “Buxoro” bilan bog‘liq. Bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoev o‘z jamoasiga tajribali himoyachi Davron Hoshimovni ham taklif qildi. Maydonda haqiqiy jangchi sifatida gavdalanadigan futbolchining oxirgi klubi “Navbahor” edi. Ammo u erda jarohati sababli o‘tgan yili o‘zi istagandek o‘ynay olmadi. Bu yil jarohatidan forig‘ bo‘ldi va “Buxoro”ning taklifini qabul qildi. “Paxtakor” klubida tarbiyalangan va ushbu jamoada bir necha yilni o‘tkazgan himoyachi keyinchalik “Lokomotiv” va “Navbahor” uchun o‘ynab keldi. Endi faoliyatida ilk bor pro ligada “Buxoro” sharafini himoya qilgan holda jamoani Superligaga qaytarish uchun kurashadi.
Fozil Musaev
Pro ligadagi top-transferlardan biri yana “Buxoro” bilan bog‘liq. Tajribali yarim himoyachi Fozil Musaev ham Davron Hoshimov, Vitaliy Denisov kabi faoliyatida ilk bor pro ligada to‘p surishga rozi bo‘ldi. 35 yoshni qarshilagan Musaev o‘tgan yili “Neftchi”da to‘p surdi. Umuman, Fozil faoliyatida bir qator jamoalar sharafini himoya qildi. “Buxoro” esa uning uchun yangi sahifaga aylanmoqda. O‘tgan turda Qo‘qondagi markaziy o‘yinda Fozilning yagona goli evaziga “Buxoro” safardan qimmatli uch ochko bilan qaytdi.
Marko Kolakovich
Bu yil “Buxoro”ga qo‘shilgan yangi futbolchilar orasida serbiyalik himoyachi Marko Kolakovich ham bor. 2020 yildan 2023 yilgacha “So‘g‘diyona”da to‘p surgan futbolchi o‘tgan vaqt davomida Ulug‘bek Baqoev qo‘li ostida ham o‘ynagan. Shu sababli murabbiy “Buxoro”da ham Kolakovichni ko‘rishni istadi va pro ligada ushbu maqsadiga erishdi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar