
Professional boks tarixidagi eng shiddatli to‘qnashuvlar
Professional boks tarixida shunday shiddatli va davomiy to‘qnashuvlar sodir bo‘lganki, mazkur qarma -qarshiliklar ushbu sport turiga qiziqmaydiganlarni ham befarq qoldirmagan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Keling, biroz ushbu janglarni yodga olamiz. Ular orasida shubhasiz, yaqin o‘tmishdagi filippinlik Menni Pakyao va meksikalik Xuan Manuel Markeslarning seriyadan iborat bo‘lgan bahslarini barcha yaxshi eslasa kerak.
Demak, quyida shunday janglarni e’tiboringizga havola etamiz.
Menni Pakyao - Xuan Manuel Markes
Mazkur bokschilar va ular o‘rtasidagi janglarga batafsil to‘xtalib o‘tishni lozim topmadim. Sababi, bu borada boks ixlosmandalarii yaxshi xabardor deb o‘ylayman. Shunday bo‘lsada, biroz ma’lumot berish zarar qilmasa kerak. Xullas, ayni vaqtda yarim o‘rta vazn toifasi (66.7 kg) da WBA chempioni hisoblanuvchi filippinlik “Pekmen” va Manuel Markes o‘zaro to‘rt marotaba jang qilishgan. Ularning ikkitasida Pakyao g‘alaba qozongan bo‘lsa, bittasida meksikalik bokschi Mennini chuqur nokautga uchratadi. Bir bora esa durang qayd etilgan.
Xulio Sezar Chaves - Meldrik Teylor
Mazkur bokschilar ikki bor to‘qnash kelishadi. Har ikkisida meksikalik Chaves raqibini texnik nokaut bilan mag‘lubiyatga uchratadi. Ular o‘rtasidagi birinchi jang 1990 yil mart oyida bo‘lib o‘tadi. O‘sha vaqtlar birinchi yarim o‘rta (63.5) vazn toifasida mag‘lubiyatsiz odimlayotgan Xulio Sezar Chaves WBA, Meldrik Teylor esa, IBF chempionlik kamariga ega edi. Butun jang davomida Teylor ishonchli tarzda ringda ustunlik qildi va “jeb” zarbalari bilan qimmatli ochkolar borasida yaqqol ustunlikka erishadi.
12 raund so‘ngi daqiqalari ketayotgan bir vaqtda Chaves raqibni burchakka taqab ajoyib “xuk” zarbasi bilan uni erga qulatadi. Hakam sanog‘ining beshinchisiga etganda Teylor o‘rnidan turadi. Biroq, Richard Stilning jangni davom ettirishga tayyorligi haqidagi savoliga javob bermaydi.
Hakam esa jangni to‘xtatdi. HBO sharhlovchilari aqldan ozishlariga sal qoladi. Qaror shafqatsiz edi. Ushbu to‘qnashuv "Ring" jurnali talqiniga ko‘ra "yil jangi" deb tan olinadi.
1994 yil sentyabrda ular o‘rtasida ikkinchi jang bo‘lib o‘tadi. Jang mobaynidagi, qoidabuzarliklar uchun Teylordan 2 ball olib tashlandi. 8-raundda Chavesning chap “xuk” zarbasi mo‘ljalga aniq tegadi va Teylor nokdaunga uchraydi. U o‘zini o‘nglashga harakat qiladi. Lekin Chavesning ketma-ket zarbalari jang masalasini hal qiladi. Shunday qilib, ikkinchi to‘qnashuvda ham meksikalik charmqo‘lqop ustasi g‘alabaga erishadi. Bu bahslarni katta yoshli boks muxlislari yaxshi eslashadi. Chunki, o‘z vaqtida bu qarama-qarshiliklar katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.
Evander Xolfild - Mayk Tayson
1996 yil noyabr professional boks tarixiga zarhal xarflar bilan bitildi. O‘sha kuni buyuk charmqo‘lqop ustalari “Temir Mayk” hamda Xolifild o‘rtaisdagi birinchi jang bo‘lib o‘tadi. Mazkur jangga tayyorgarlik Tayson qamoqqa tushmasdan avval boshlangan edi. Mutaxassislar va muxlislar ushbu to‘qnashuvda Maykning favorit ekanligini e’tirof etgandilar.
Dastlabki, 5 raund xuddi shunday taassurot uyg‘otadi. Oltinchi raunddagi bosh bilan to‘qnashuv oqibatida chap ko‘zidan jarohat oladi. Keyingi raundlarda o‘ng ko‘zidan ham jarohat oladi. Hakam esa, ushbu bosh bilan yo‘llangan zarbalarni, shunchaki to‘qnashuv sifatida baholaydi.
Qaysidir ma’noda ushbu omillar Taysonning mag‘lubiyatini ta’minlaydi desak yanglishmagan bo‘lamiz. 10 raundda Evander Maykni zarbalarga ko‘mib tashlaydi.
Faqatgina bong Taysonni qutqarib qoladi. 11 raundda ham o‘ziga kela olmagan “Temir Maykni” Xolifild ayovsiz kaltaklaydi. Zarbalar javobsiz qolganidan so‘ng, hakam jangni to‘xtatadi. Ushbu jang g‘olibi Evander Xolifild bo‘ladi. Mazkur to‘qnashuv ham “Yil jangi” sifatida e’tirof etiladi.
1997 yil iyul oyida ular o‘rtasidagi revansh jangi bo‘lib o‘tadi. Mazkur jangga bo‘lgan qiziqish juda yuqori bo‘ladi. Sotuvga chiqarilgan 16 ming dona bilet birinchi kunning o‘zida sotilib ketishiyoq, qanchalik “ajiotaj” bo‘lganligiga misoldir.
Ushbu to‘qnashuvda bo‘lgan voqealarni endi boksga kirib kelayotgan, qiziqishi ortayotgan yoshlar ham eshitgan bo‘lsa kerak. Shunday bo‘lsada biroz ma’lumot berib o‘tamiz. Ikkinchi va uchinchi raundlardagi Xolifild tomonidan qo‘llanilgan qoidabuzarliklarga qarshi Tayson avval uning bir qulog‘ini, to‘rtinchi raunddagi yana bir shunday harakati uchun Mayk uning ikkinchi qulog‘ini tishlaydi.
Natijada jang to‘xtatilib, “Temir Mayk” diskvalifikatsiya qilinadi. Ringda janjallar yuzaga keladi. Taysonga 3 mln dollar jarima solinadi. “Ring” jurnali tomonidan ushbu bahs “Yil voqeasi” sifatida e’tirof etiladi.
Shugar Rey Robinson - Jeyk LaMotta
Uzoq tarxdagi davomiy janglar deb bemalol ayta olamiz. Albatta, bu to‘qnashuvlarning tafsilotlarining o‘zi bir katta maqola bo‘ladi. Shuning uchun, qisqacha ma’lumotni taqdim etamiz. Xullas, ular o‘zaro olti bora to‘qnash kelishgan. Ularning 5 tasida Shugar Rey g‘alaba qozonadi. Bir bora esa, LaMotta g‘olib chiqadi.
Davomi bor... navbatda Muhammad Ali-Jo Frezzer, Mark Antonio Barrera-Erik Morales, Arturo Gatti-Mikki Uord, Antonio Tarver hamda Roy Jonslar o‘rtasidagi janglar haqida ma’lumot beramiz.
Fikrlar