“Qo‘qon-1912” ikki futbolchi bilan shartnoma imzoladi. Ulardan biri Afrikadan (Foto)
Kelayotgan mavsumga tayyorgarlikni Toshkent shahrida olib borayotgan “Qo‘qon-1912” jamoasi o‘z safiga ikki nafar futbolchini rasman qo‘shib oldi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Jamoa ko‘rigida bo‘lib turgan Dide Drogbaning vatandoshi bo‘lmish Yakuba Bamba, endi rasman “shunqor”ga aylandi. Qo‘qonliklar rahbariyati Kot-d’Ivuar davlatidan kelgan futbolchi bilan mavsum yakuniga qadar shartnoma imzoladi. Hujumkor yarim himoyachi, Yakuba Bamba jamoa safida 91-raqamda maydonga tushadigan bo‘ldi.

Shuningdek, “Bunyodkor” futbol klubi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Sardor Azimov ham kelayotgan mavsumni Baxtiyor Ashurmatov qo‘l ostida o‘tkazadi. Azimov 13-raqamda maydonga tushadi.
Yarim himoya chizig‘i vakili bo‘lgan bu futbolchi oldingi mavsumlarda Superliganing “Bunyodkor”, “Navbahor”, “So‘g‘diyona”, “Andijon” kabi klublarida to‘p tepib, birmuncha tajriba orttirgan.




Fikrlar